Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziriga maktub yoʻlladi
Prezident Jorja Melonini Italiya Vazirlar Kengashi Raisi lavozimida shu vaqtga qadar eng uzoq muddat faoliyat yuritgan Hukumat rahbari sifatida tarixdan joy olgani bilan tabrikladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Jorja Meloniga maktub yoʻlladi.
Davlatimiz rahbari Jorja Melonini Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimida shu vaqtga qadar eng uzoq muddat faoliyat yuritgan Hukumat rahbari sifatida tarix sahifalaridan munosib joy olgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Prezident ushbu natija Jorja Melonining siyosiy irodasi va qatʼiyati, davlatchilik masʼuliyatini chuqur his etishiga Italiya xalqi tomonidan bildirilgan yuksak ishonchning yaqqol tasdigʻi ekanini taʼkidladi.
Hozirgi oʻta murakkab va tez oʻzgarayotgan sharoitda Italiyaning milliy manfaatlarini qatʼiy himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori hamda nufuzini yanada mustahkamlash borasida Jorja Meloni olib borayotgan saʼy-harakatlar alohida eʼtirof etildi.
Prezidentimiz Italiya Hukumati rahbarining Oʻzbekistonga nisbatan doʻstona munosabati va ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga qaratayotgan doimiy eʼtibori uchun minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston Italiya bilan oʻrnatilgan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashi taʼkidlandi. Bugungi kunda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar tobora sermazmun tus olib, ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Maktub yakunida davlatimiz rahbari Jorja Meloniga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, doʻst Italiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.
