Rossiya — Britaniya oʻrtasidagi ziddiyat va Moskva tahdidlari: sabablar, imkoniyatlar va prognozlar
Bugungi qarama-qarshilikning asosiy sababi — Britaniyaning Ukrainaga nisbatan siyosati. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urushi boshlanganidan keyin Buyuk Britaniya Kiyevning Yevropadagi eng faol ittifoqchilaridan biriga aylandi. Ayniqsa, Britaniyada ishlab chiqarilgan uzoq masofali Storm Shadow raketalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Rossiya va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi oʻn yilliklardagi eng keskin bosqichlardan biriga kirdi. Moskva va London oʻrtasidagi qarama-qarshilik allaqachon Ukraina atrofidagi diplomatik kelishmovchiliklar doirasidan chiqib ketgan. Bugun u Ukrainaga harbiy yordam, razvedka, kibermakon, Shimoliy Atlantika, suvosti kommunikatsiyalari va strategik infratuzilma masalalarini ham qamrab olmoqda.
Rossiya tomonining Britaniya harbiy obʼektlariga ehtimoliy zarbalar haqidagi soʻnggi bayonotlari hamda Britaniya Qirollik harbiy-dengiz kuchlari qoʻmondonligining Rossiya mamlakatning suvosti infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazish imkoniyatiga ega ekani haqidagi ogohlantirishlari tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro tahdidlar darajasi sezilarli oshganini koʻrsatmoqda.
Biroq bu yerda muhim jihat bor: harbiy ritorika va strategik tiyib turishni Rossiya yoki Britaniyaning toʻgʻridan-toʻgʻri urushga tayyorligi bilan tenglashtirib boʻlmaydi.
Ziddiyatning asosiy sabablari
Bugungi qarama-qarshilikning asosiy sababi — Britaniyaning Ukrainaga nisbatan siyosati.
2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urushi boshlanganidan keyin Buyuk Britaniya Kiyevning Yevropadagi eng faol ittifoqchilaridan biriga aylandi. London Ukrainaga qurol-yarogʻ yetkazib bermoqda, razvedka va moliyaviy yordam koʻrsatmoqda hamda Ukrainaning uzoq muddatli harbiy salohiyatini kuchaytirishni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Ayniqsa, Britaniyada ishlab chiqarilgan uzoq masofali Storm Shadow raketalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ukrainaning ushbu raketalardan Rossiya hududidagi nishonlarga qarshi foydalanishi Moskva tomonidan Britaniyaning mojaroga bevosita jalb etilishi sifatida baholanmoqda.
2026 yil avgust oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova Ukraina tomonidan Britaniya raketalaridan foydalanib Rossiya hududiga zarbalar berilishiga javoban Moskva Britaniyaning harbiy obʼektlari va harbiy texnikasini ehtimoliy nishon sifatida koʻrishi mumkinligini bildirdi.
Moskva shuningdek, Londonning Ukraina bilan bunday qurollarni ishlab chiqarish texnologiyalari boʻyicha hamkorlikni kengaytirish rejalarini keskin tanqid qildi.
Shu tariqa, Kreml Londonga Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatish Rossiya uchun oqibatsiz qolmasligini namoyish etishga urinmoqda.
London esa Rossiyani Yevropa xavfsizligi uchun uzoq muddatli tahdid sifatida baholamoqda. Britaniyaning Strategik mudofaa sharhida Rossiya mamlakat xavfsizligiga eng jiddiy va dolzarb tahdid sifatida koʻrsatilgan. Shu bilan birga, Britaniya mudofaa xarajatlarini oshirmoqda, harbiy-dengiz kuchlarini modernizatsiya qilmoqda va uchuvchisiz tizimlarni rivojlantirmoqda.
Nega Moskva va London dengiz yoʻnalishiga tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda?
Britaniya uchun suvosti infratuzilmasi alohida strategik ahamiyatga ega. Dengiz tubidan internet kabellari, energetika kommunikatsiyalari va boshqa muhim aloqa liniyalari oʻtadi. Ularning ayrimlari shikastlanishi jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun Britaniya harbiy rahbariyati Rossiyaning suvosti faoliyati haqida tobora koʻproq gapirmoqda.
Qirollik harbiy-dengiz kuchlari qoʻmondoni Gvin Djenkins Rossiya katta qudratga ega suvosti kemalari va katta chuqurliklarda operatsiyalar oʻtkazish imkonini beruvchi ilgʻor texnologiyalarga ega ekanini taʼkidlagan.
Britaniyani, ayniqsa, Rossiyaning Chuqur dengiz tadqiqotlari bosh boshqarmasining faoliyati xavotirga solmoqda. Gʻarb davlatlari ushbu tuzilma faoliyatini dengiz tubini oʻrganish, suvosti kommunikatsiyalarini kuzatish va ehtimoliy maxsus operatsiyalarga tayyorgarlik bilan bogʻlaydi. Rossiyaning «Yantar» kemasi ham ana shunday faoliyat bilan bogʻliq eng mashhur obʼektlardan biri hisoblanadi. Biroq bu yerda muhim farqni saqlash lozim: biror obʼektga zarar yetkazish imkoniyatiga ega boʻlish — uni albatta yoʻq qilish niyati bor degani emas.
Rossiyaning imkoniyatlari
Rossiyaning harbiy-dengiz salohiyati Britaniya uchun haqiqatan ham jiddiy muammo tugʻdiradi. Moskva uzoq masofalarda harakatlana oladigan atom suvosti kemalariga, maxsus chuqur dengiz apparatlariga va boshqa razvedka vositalariga ega. Rossiya shuningdek uchuvchisiz tizimlarni ham jadal rivojlantirmoqda.
Biroq Rossiyaning imkoniyatlarini haddan tashqari boʻrttirish ham notoʻgʻri. Alohida kabel yoki infratuzilma obʼektiga yashirin ravishda zarar yetkazish — bir masala. Britaniyaga qarshi uzoq muddatli urush olib borish esa mutlaqo boshqa masala.
Toʻgʻridan-toʻgʻri hujum uyushtirilgan taqdirda Moskva faqat Britaniya bilan emas, balki NATO bilan toʻqnash keladi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya yadroviy qurolga ega davlat. Shuning uchun Britaniya hududiga keng koʻlamli zarba Rossiya va Gʻarb oʻrtasidagi qarama-qarshilikni yadroviy davlatlar toʻqnashuviga olib borishi mumkin.Aynan shu sababli Moskva uchun eng ratsional strategiya toʻliq koʻlamli urush emas, balki ochiq urush ostonasidan past darajada bosim oʻtkazish hisoblanadi.
«Kulrang zona»dagi qarama-qarshilik
Rossiya — Britaniya qarama-qarshiligining eng ehtimoliy maydoni — «kulrang zona»dir.
U quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oladi:
kiberhujumlar;
razvedka operatsiyalari;
suvosti kabellarini kuzatish;
razvedka kemalarining faoliyati;
uchuvchisiz tizimlardan foydalanish;
diversiya va sabotaj;
axborot operatsiyalari;
energetika infratuzilmasiga bosim;
harbiy kuch namoyishi;
Britaniya hududidan tashqaridagi harbiy obʼektlarga cheklangan zarbalar.
Bunday strategiya Moskvaga Ukrainaga Britaniya yordamining siyosiy va iqtisodiy narxini oshirish imkonini beradi, biroq NATO bilan toʻliq urushga olib boruvchi chegarani darhol kesib oʻtmaslik imkonini saqlab qoladi.
Britaniya uchun esa muammo shundaki, ulkan dengiz infratuzilmasini himoya qilish katta resurs talab qiladi.
Britaniya harbiy rahbariyati maʼlumotlariga koʻra, Qirollik floti operativ vaqtinig salmoqli qismini Rossiyaning suvosti tahdidlariga qarshi kurashga sarflamoqda.
Bu Moskva uchun maʼlum darajada ustunlik yaratadi: Rossiya Britaniya harbiy kemalarini yoʻq qilishi shart emas. Raqibni doimiy ravishda kuzatuv, hamrohlik va himoya ishlariga katta resurs sarflashga majbur qilishning oʻzi ham strategik natija berishi mumkin.
Nega Britaniya qayta qurollanishni tezlashtirmoqda?
London Rossiya tahdidini vaqtinchalik emas, uzoq muddatli muammo sifatida koʻrmoqda.
Britaniya mudofaa xarajatlarini oshirmoqda, flotni modernizatsiya qilmoqda, dengiz va suvosti uchuvchisiz tizimlarini rivojlantirmoqda hamda shimoliy Yevropa davlatlari bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda.
Bu yerda Joint Expeditionary Force — JEF alohida ahamiyatga ega. Britaniya rahbarligidagi mazkur tuzilma Shimoliy Atlantika, Arktika vaBoltiq dengizida tezkor harbiy hamkorlik qilish imkonini beradi. Natijada Rossiya endi faqat Britaniya bilan emas, balki shimoliy Yevropa davlatlarining kengroq harbiy hamkorlik tizimi bilan ham hisoblashishiga toʻgʻri keladi.
Eng katta xavf — rejalashtirilgan urush emas, xatodir
Eng xavfli ssenariy Rossiya yoki Britaniyaning ongli ravishda katta urush boshlash qaroridan iborat boʻlmasligi mumkin.
Koʻproq xavf tasodifiy eskalatsiya bilan bogʻliq.
Masalan, Rossiyaning suvosti kemasi muhim infratuzilma yaqinida harakatlanishi mumkin. Britaniya kuchlari uni kuzatishga urinadi. Xavfli yaqinlashuv yoki texnik hodisa sodir boʻladi. Tomonlardan biri ikkinchisining harakatini ataylab qilingan agressiv qadam deb baholaydi.
Shundan keyin kuch namoyishi, cheklangan zarba yoki javob operatsiyasi boshlanishi mumkin.
Natijada dastlab kichik boʻlgan insident Rossiya va NATO oʻrtasida jiddiy harbiy-siyosiy inqirozga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Shu jihatdan bugungi vaziyatning eng xavfli tomoni shundaki, har ikki tomon ham jiddiy zarar yetkazish imkoniyatiga ega, biroq bir vaqtning oʻzida toʻliq koʻlamli urushga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilmoqda.
Prognoz
Yaqin 6–12 oy uchun prognoz qiladigan bӯlsak, eng ehtimoliy ssenariy — gibrid qarama-qarshilikning yanada kuchayishi bӯladi. Biroq Britaniyaning Ukrainaga harbiy yordami davom etadi. Yaqin davrda Rossiyaning Britaniya hududiga yirik zarba berish ehtimoli past. Gibrid operatsiyalar va cheklangan insidentlar ehtimoli esa ancha yuqori.
Nima sodir boʻlishi ehtimoli past? Yaqin istiqbolda Rossiyaning Buyuk Britaniyaga qarshi toʻliq koʻlamli urush boshlashi ehtimoli past.
Buning bir necha asosiy sababi bor: Birinchidan, Britaniya yadroviy davlat. Ikkinchidan, u NATO aʼzosi. Uchinchidan, Britaniya hududiga hujum AQSh va boshqa ittifoqchilarning mojaroga bevosita jalb etilishi xavfini keskin oshiradi.Toʻrtinchidan, bunday urush Rossiya uchun ulkan harbiy, iqtisodiy va siyosiy xarajatlarni anglatadi.
Shu sababli eng ehtimoliy ssenariy — kiberhujumlar, razvedka, dronlar, infratuzilmaga bosim va cheklangan operatsiyalar tobora muhim rol oʻynaydigan uzoq muddatli qarama-qarshilikdir.
Xulosa
Rossiya — Britaniya qarama-qarshiligi sifat jihatidan yangi bosqichga kirdi. Uning markaziy obʼekti endi faqat Ukraina emas. Yevropa va tashqi dunyo oʻrtasidagi muhim infratuzilma ham strategik raqobat maydoniga aylanmoqda.
Rossiya Britaniyaning suvosti kommunikatsiyalariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan texnik va harbiy vositalarga ega. Ammo bu imkoniyat ulardan foydalanish haqida siyosiy qaror qabul qilinganini anglatmaydi.
Britaniya esa Rossiya harakatlarini aniqlash va tiyib turish uchun jiddiy imkoniyatlarga ega, ayniqsa NATO va JEF doirasida. Biroq ulkan dengiz infratuzilmasini himoya qilish Londondan tobora koʻproq resurs talab qiladi.
Shuning uchun asosiy xavf Rossiyaning Britaniyaga yaqinda toʻsatdan hujum qilishida emas, balki kichik insidentlarning birma-bir toʻplanib borishida. Suvostidagi insident, kiberhujum, diversiya yoki Britaniyadan tashqaridagi harbiy obʼektga cheklangan zarba javob choralari zanjirini boshlab yuborishi mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov
