Glinka koʻchasidagi oʻpirilish sababi maʼlum qilindi
Yagona yer osti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmogʻi kamerasida toʻplanib, avariya holatini yuzaga keltirgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Toshkentdagi Glinka koʻchasidagi oʻpirilish sababi maʼlum qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, diametri 219 mm boʻlgan yagona yer osti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmogʻi kamerasida toʻplanib, avariya holatini yuzaga keltirgan.
Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 375 kv. sm (15×25 sm) maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.
Ayni paytda soha mutaxassislari hodisa sabablari va barcha tafsilotlarni batafsil oʻrganishda davom etmoqda. Tekshiruv yakunlangach, yoʻl qoplamasini tiklash ishlari davom ettiriladi va yaqin vaqt ichida yoʻl transport harakati uchun ochiladi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlariga koʻra, aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Vaziyat Toshkent shahar hokimligining doimiy nazoratidadir, deyiladi xabarda.
