Estoniya mudofaa vaziri siyosiy mojaro sabab isteʼfo berdi
Mamlakat Milliy audit idorasi tomonidan sohada turli muammolar aniqlangan. Xususan, Ukraina uchun qurol sotib olishda qariyb 70 mln yevrolik shubhali kelishuv imzolangan.

Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur isteʼfo berdi.
U mamlakat mudofaa sohasida Milliy audit idorasi tomonidan aniqlangan muammolar uchun siyosiy javobgarlikni oʻz zimmasiga olib, isteʼfoga chiqishini eʼlon qilgan.
Pevkur bu haqda ERR telekanalining "Aktualna kamera" dasturida jonli efirda eʼlon qildi.
"Men bu masʼuliyatni oʻz zimmamga olishga tayyorman, men buni qabul qilaman va Bosh vazir yangi mudofaa vazirini topishi kerak", dedi Pevkur.
Uning soʻzlariga koʻra, Milliy audit idorasining, xususan, Estoniya mudofaa kuchlari va Milliy mudofaa investitsiya markazi faoliyatiga oid izohlari mudofaa vazirligi rahbariyatining siyosiy javobgarligi masalasini koʻtaradi.
"Boshqacha qilib aytganda, vazir paypoq va oʻqlarni sanamasa ham yoki shartnomalar boʻyicha muzokaralar olib bormasa ham, Milliy audit idorasining, xususan, Mudofaa kuchlari va Milliy mudofaa investitsiya markazi faoliyatiga oid izohlari siyosiy javobgarlik masalasini koʻtaradi. Shuning uchun, men bugun butun mudofaa sektori uchun siyosiy javobgarlikni oʻz zimmamga olish va oʻz vaqtida mudofaa vaziri lavozimini Bosh vazirga topshirish toʻgʻri deb hisoblayman", deb taʼkidladi Pevkur.
Shu bilan birga, vazir oʻz lavozimida boʻlgan paytida mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha qabul qilingan qarorlarni toʻgʻri deb bilishini taʼkidladi.
"Estoniya avvalgidan ham yaxshiroq himoyalangan", dedi u.
Pevkurning qarori mudofaa sektoridagi buxgalteriya hisobi va Ukraina uchun xaridlar bilan bogʻliq vaziyatga tanqidlar fonida qabul qilindi.
Avvalroq, Ukraina uchun rejalashtirilgan oʻq-dorilar sotib olish doirasida Estoniya ilgari oʻq-dorilar savdosi bilan shugʻullanmagan hind tadbirkorlariga jami 70 million yevro oldindan oʻtkazgani haqida xabar berilgan edi.
