Yagona qutbsiz dunyo: nega XXI asr tobora XIX asr oxiriga oʻxshab boryapti?
Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin AQSh tarixchilar va siyosatshunoslar tomonidan "bir qutbli lahza" deb atalgan davrda qoldi. Vashington ulkan iqtisodiy salohiyatga, global ittifoqlar tarmogʻiga va oʻz siyosiy kun tartibi atrofida tezkor ravishda xalqaro koalitsiyalar shakllantirish imkoniyatiga ega edi. Biroq bir qutblilik doimiy holat emas, balki xalqaro siyosat tarixidagi bir bosqich boʻlib chiqdi.

Xalqaro siyosatda dunyoning yagona markazi yoki qutbi haqida bahslashish tobora qiyinlashib bormoqda. Sovuq urush tugaganidan keyin shakllangan xalqaro munosabatlar modeli asta-sekin oʻzgarib ketyapti. 1990-yillar va 2000-yillar boshida AQSh xalqaro kun tartibiga — xavfsizlik va iqtisodiyotdan tortib, global qoidalarni shakllantirishgacha — taʼsir koʻrsatish boʻyicha misli koʻrilmagan imkoniyatlarga ega edi. Bugun esa vaziyat sezilarli darajada oʻzgardi.
Toʻgʻri, Vashington hamon dunyodagi eng kuchli harbiy-siyosiy va yetakchi iqtisodiy markazlardan biri boʻlib qolyapti. Biroq ayni paytda Xitoy, Hindiston va boshqa taʼsir markazlari ham kuchaymoqda. Rossiya iqtisodiy cheklovlar va Gʻarb bosimiga qaramay, xavfsizlik, energetika va mintaqaviy siyosat masalalarida muhim taʼsir kuchini saqlab qolmoqda. Yevropa Ittifoqi strategik mustaqillikka intilishini kuchaytirmoqda. Turkiya esa oʻz tashqi siyosatini tobora faolroq amalga oshirmoqda.
Natijada dunyo klassik maʼnodagi koʻp qutbli tizimdan koʻra, murakkab va parchalangan xalqaro muhitga aylanmoqda. Aynan shu nuqtada tarixiy oʻxshashlik paydo boʻladi: zamonaviy xalqaro tizim koʻp jihatdan XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi dunyoni eslatadi. Oʻsha davrda ham kuchlar oʻrtasidagi eski muvozanat buzilib, yangi tizim hali shakllanib ulgurmagan edi.
Yagona markaz davrining tugashi
Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin AQSh tarixchilar va siyosatshunoslar tomonidan «bir qutbli lahza» deb atalgan davrda qoldi. Vashington ulkan iqtisodiy salohiyatga, global ittifoqlar tarmogʻiga va oʻz siyosiy kun tartibi atrofida tezkor ravishda xalqaro koalitsiyalar shakllantirish imkoniyatiga ega edi.
Biroq bir qutblilik doimiy holat emas, balki xalqaro siyosat tarixidagi bir bosqich boʻlib chiqdi. Soʻnggi oʻn yilliklarda Xitoy dunyoning eng yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biriga, shuningdek, AQShning asosiy raqiblaridan biriga aylandi. Uning taʼsiri Sharqiy Osiyo chegaralaridan ancha uzoqqa — savdo, investitsiyalar, infratuzilmaviy loyihalar va diplomatik tashabbuslar orqali tarqalmoqda.
Rossiya iqtisodiy cheklovlar va Gʻarb bosimiga qaramay, xavfsizlik, energetika va mintaqaviy siyosat masalalarida taʼsir koʻrsatish imkoniyatini saqlab qolyapti. Hindiston mustaqil kuch markaziga aylanib, bir vaqtning oʻzida AQSh, Rossiya, Yevropa, Yaqin Sharq mamlakatlari va Global Janub davlatlari bilan munosabatlarini rivojlantirmoqda.
Yevropa Ittifoqi ham ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Turkiya esa Yevropa, Kavkaz, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi geografik mavqeidan foydalanib, oʻz taʼsirini kengaytirishga intilmoqda. Shunday qilib, dunyo manfaatlar bir-biri bilan kesishadigan tizimga aylanmoqda. Bunday sharoitda davlatlarning faqat bitta blok doirasida harakat qilishi tobora qiyinlashmoqda.
Tarixiy parallel: Birinchi jahon urushi arafasidagi Yevropa
Bugungi vaziyatni tushunish uchun XIX asr oxiriga nazar tashlash foydadan xoli boʻlmaydi. 1871 yilda Germaniyaning birlashishi Yevropadagi kuchlar muvozanatini tubdan oʻzgartirdi. Yangi Germaniya imperiyasi qitʼaning markazida kuchli davlatga aylandi. Buyuk Britaniya esa dunyodagi eng yirik dengiz va mustamlaka imperiyasi maqomini saqlab qoldi. Fransiya oʻz mavqeini tiklashga intildi. Rossiya imperiyasi Yevropaning janubi va sharqida taʼsirini kengaytirdi. Avstro-Vengriya esa Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi mavqeini saqlab qolishga harakat qildi. Asta-sekin raqobatlashayotgan ittifoqlar tizimi shakllandi.
Biroq asosiy masala faqat alohida ittifoqlarning mavjudligida emas edi. Muammo xalqaro siyosatning oʻzidagi oʻzgarish bilan bogʻliq edi. Eski kuchlar muvozanati real kuch taqsimotiga endi mos kelmas, yangi muvozanat esa hali barqaror shakllanmagan edi. Ayniqsa, yirik kuch markazlari oʻrtasida joylashgan hududlar muhim ahamiyat kasb etdi. Bolqon yarimoroli Avstro-Vengriya, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlari manfaatlari toʻqnashadigan hududga aylandi. Usmoniylar imperiyasidan qolgan meros Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Yevropada hokimiyat boʻshligʻini yuzaga keltirdi. Markaziy Osiyo esa Rossiya va Britaniya imperiyalari oʻrtasidagi raqobat maydoni boʻldi. Bugun aynan shunday hududlar yana strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi «Katta oʻyin»
Markaziy Osiyo zamonaviy xalqaro siyosat qanday oʻzgarganini yaqqol koʻrsatib beradi. Mintaqa Rossiya, Xitoy, Janubiy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Sharq oʻrtasida joylashgani tufayli katta geosiyosiy ahamiyatga ega. Bu yerda transport yoʻlaklari, energetika loyihalari va yirik davlatlarning manfaatlari kesishadi.
Biroq zamonaviy Markaziy Osiyoni XIX asrdagi mintaqadan ajratib turadigan eng muhim jihat — bu yerdagi davlatlarning xalqaro siyosatning mustaqil subʼektlari ekanidir. Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston biror davlatning mutlaq taʼsir doirasiga kirishni istamaydi. Ular Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Fors koʻrfazi mamlakatlari va boshqa hamkorlar bilan munosabatlarni bir vaqtning oʻzida rivojlantirishga intilmoqda.
Bu faqat diplomatik manyovr emas. Kichik va oʻrta davlatlar uchun tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish milliy manfaatlarni himoya qilish vositasiga aylanmoqda. Shu jihatdan zamonaviy «Katta oʻyin» XIX asrdagidan farq qiladi. Oʻsha davrda Rossiya va Britaniya Markaziy Osiyoni asosan imperiyaviy raqobat maydoni sifatida koʻrgan boʻlsa, bugun mintaqaning oʻzidagi davlatlar ham oʻzaro munosabatlar qoidalarini belgilashda tobora faol ishtirok etmoqda.
Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharq
Janubiy Kavkazda ham shunga oʻxshash jarayon kuzatilyapti. Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya - Rossiya, Turkiya, Eron, Yevropa Ittifoqi va AQSh manfaatlari kesishadigan hududda joylashgan. Mintaqaning ahamiyatini Yevropani Markaziy Osiyo va Osiyo bilan bogʻlovchi energetika va transport yoʻlaklari yanada oshirmoqda. Bu yerda kurash faqat hududlar yoki harbiy ishtirok uchun emas. Temir yoʻllar, avtomobil magistrallari, portlar, quvurlar, raqamli infratuzilma va savdo yoʻlaklari ham tobora muhim strategik aktivga aylangan.
Taʼkidlash joiz, Yaqin Sharq ham bir nechta kuch markazlari raqobatlashayotgan makonga aylanyapti. AQSh mintaqada muhim harbiy huzur va ittifoqlar tizimini saqlab qolmoqda. Biroq Rossiya, Xitoy, Turkiya va Eron ham oʻz taʼsir vositalariga ega.
Bugungi Yaqin Sharqning oʻziga xos jihati shundaki, mintaqadagi davlatlar tobora koʻproq bitta homiyni tanlashdan koʻra, bir nechta kuch markazlari bilan bir vaqtning oʻzida munosabatlar oʻrnatishga harakat qilmoqda. Bu, ayniqsa, Fors koʻrfazi davlatlari siyosatida yaqqol namoyon boʻladi. Ularning manfaatlari xavfsizlik sohasida AQSh bilan hamkorlik qilishni, savdo va investitsiyalarda Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirishni, energetika masalalarida esa Rossiya bilan hamkorlik qilishni talab etadi. Shu tariqa, yangi diplomatik koʻp vektorlilik shakllanib boryapti.
Hind-Tinch okeani — XXI asrning asosiy markazi
Agar XIX asr oxirida dunyo siyosatining asosiy markazi Yevropa boʻlgan boʻlsa, XXI asrda bu markaz tobora Hind-Tinch okeani mintaqasiga koʻchyapti. Bu yerda Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Avstraliya va AQSh kabi davlatlar joylashgan. Dunyodagi eng muhim savdo yoʻllari shu hududdan oʻtadi, eng yirik ishlab chiqarish markazlari shu yerda joylashgan va dengiz kuchlari manfaatlari kesishadi.
XXI asrning asosiy raqobati asta-sekin AQSh va Xitoy munosabatlari atrofida shakllanmoqda. Biroq bu yerda ham dunyoni ikki oddiy lagerga boʻlish mumkin emas. Hindiston AQSh bilan hamkorlikni chuqurlashtirayotgan boʻlsa-da, Vashingtonning kichik hamkoriga aylanishni istamaydi. Yaponiya va Avstraliya AQShning ittifoqchilari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda, biroq oʻz iqtisodiy manfaatlarini ham saqlab qolmoqda. Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari esa mintaqaning ikki superdavlat oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri qarama-qarshilik maydoniga aylanishiga yoʻl qoʻymaslikka intilmoqda. Shuning uchun zamonaviy xalqaro tizim Sovuq urush davridagi ikki qutbli modeldan ancha murakkab.
Nega mintaqaviy davlatlar kuchaymoqda?
Yangi dunyoning asosiy xususiyatlaridan biri — xalqaro siyosatning oʻrta darajasidagi kuchlarning ahamiyati ortib borayotganidir.
Ilgari asosiy eʼtibor superdavlatlarga qaratilar edi. Bugun esa Turkiya, Saudiya Arabistoni, Eron, Hindiston, Braziliya, Indoneziya va boshqa davlatlar oʻz chegaralaridan tashqaridagi jarayonlarga mustaqil ravishda taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega.
Buning sababi faqat harbiy kuch bilan bogʻliq emas. Zamonaviy qudrat iqtisodiyot, texnologiyalar, energetika, transport, moliyaviy imkoniyatlar, diplomatik tarmoqlar va strategik infratuzilma obʼektlarini nazorat qilish qobiliyatini ham oʻz ichiga oladi. Shu sababli port baʼzan harbiy baza kabi strategik ahamiyat kasb etishi, transport koridori esa siyosiy ittifoq darajasida muhim boʻlishi mumkin.
Bu jihatdan XXI asr haqiqatan ham Birinchi jahon urushi arafasidagi davrni eslatadi: yirik davlatlar nafaqat bevosita bir-biri bilan, balki oraliq hududlarda taʼsir uchun ham raqobatlashayotgani koʻzga tashlanyapti.
1914 yil takrorlanmaydi!
Tarixiy oʻxshashliklar foydali, ammo ularni mexanik tarzda qoʻllash xato boʻladi. Zamonaviy dunyo XX asr boshlaridagi Yevropadan tubdan farq qiladi. Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xalqaro huquq, koʻplab mintaqaviy tashkilotlar, diplomatik kanallar va mojarolarning oldini olish mexanizmlari mavjud. Davlatlar iqtisodiyoti ham bir-biri bilan ancha chambarchas bogʻlangan.
Bundan tashqari, yadroviy qurolning paydo boʻlishi buyuk davlatlarning hisob-kitoblarini tubdan oʻzgartirdi. Yadroviy davlatlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuv shunchalik katta xavf tugʻdiradiki, hatto jiddiy raqobat sharoitida ham nazoratsiz eskalatsiyaning oldini olishga intilish kuchli boʻlib qolmoqda.
Shuning uchun eng ehtimoliy ssenariy 1914 yil namunasidagi yangi jahon urushi emas, balki uzoq davom etadigan raqobat boʻlishi mumkin. Bu texnologiyalar, bozorlar, resurslar, investitsiyalar, logistika, siyosiy taʼsir va kelajak standartlari uchun raqobatdir.
Muvaqqat ittifoqlar dunyosi
Yangi davrning asosiy xususiyati - moslashuvchanlik desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, davlatlar tashqi siyosatini tobora kamroq hollarda faqat bitta kuch markazi bilan uzil-kesil bogʻlashga tayyor. Bugun mamlakat xavfsizlik sohasida AQSh bilan, iqtisodiyotda Xitoy bilan, energetikada Rossiya bilan, savdo va transport infratuzilmasida Turkiya bilan, texnologiya va investitsiyalar sohasida esa Yevropa bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Bir qarashda bunday siyosat qarama-qarshi boʻlib koʻrinishi mumkin. Aslida esa u xalqaro tizimdagi oʻzgarishlarga ratsional javobdir. Agar avval bitta blokni tanlash xavfsizlik va iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlagan boʻlsa, bugun bitta hamkorga haddan tashqari bogʻlanib qolishning oʻzi ehtimoliy xavfga aylanyanyapti. Shuning uchun koʻp vektorli tashqi siyosat diplomatik formuladan - strategik omon qolish vositasi shakliga kira boshladi.
Jahonni kelajakda nima kutyapti?
Yaqin yillarda xalqaro tizim, ehtimol, beqaror boʻlib qoladi. Chunki hech bir kuch markazi global kun tartibini toʻliq nazorat qilish uchun yetarli resurslarga ega emas.
AQSh texnologik, harbiy va moliyaviy ustunligini saqlab qolishga intiladi. Xitoy iqtisodiy va siyosiy taʼsirini kengaytirishda davom etadi. Rossiya strategik rolini saqlab qolish imkoniyatlarini izlaydi. Hindiston oʻzining iqtisodiy va demografik salohiyatidan tobora faolroq foydalanadi. Turkiya Yevropa, Kavkaz, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo kesishmasidagi mavqeini kuchaytirishda davom etadi.
Shu bilan birga, bugun «oʻrta darajadagi davlatlar» deb ataladigan mamlakatlarning ahamiyati ham ortadi. Aynan shu davlatlar mintaqaviy inqirozlarning natijalarini belgilashda, hamkorlarni tanlashda va vaqtinchalik koalitsiyalar tuzishda tobora muhim rol oʻynaydi. Shuning uchun XXI asrda qaysi davlat yangi global gegemonga aylanishi ustida emas, balki bunday yagona gegemon umuman paydo boʻladimi, yoʻqmi degan mavzuda bahslashuv mantiqqa mos keladi.
Yangi gegemon oʻrniga — kuchlar muvozanatiga asoslangan yangi tizim
Dunyo XIX asrga oddiy tarzda qaytmayapti. Balki kuchlar muvozanatiga asoslangan tizimning zamonaviy shakliga qarab harakatlanyapti. Tarix shuni koʻrsatadiki, jahon tartibi oʻzgarayotgan davrlar ayniqsa xavfli boʻladi. Chunki urushlar muqarrar boʻlgani uchun emas, balki xalqaro munosabatlar qoidalari noaniqlashgani sababli xavf ortadi. Eski muvozanat ishlamay qoʻygan, yangi muvozanat esa hali shakllanmagan paytda xatolar, notoʻgʻri hisob-kitoblar va raqibning niyatini notoʻgʻri baholash xavfi kuchayadi.
Biroq zamonaviy dunyoning XX asr boshidagi davrga nisbatan muhim ustunligi bor — davlatlar inqirozlarni boshqarish boʻyicha ancha katta tajribaga va global qarama-qarshilikning narxini tushunishga ega. Shu bois, XXI asr 1914 yilning takrori emas, balki uzoq davom etadigan geosiyosiy muzokaralar davriga aylanishi mumkin.
Yagona markazsiz dunyo, albatta, qoidalarsiz dunyo degani emas. Aksincha, yaqin oʻn yilliklarning asosiy vazifasi — raqobatlashayotgan davlatlarga birga yashash, raqobatlashish va hamkorlik qilish imkonini beradigan qoidalarni shakllantirishdir. Bu qoidalar har qanday mintaqaviy ziddiyatning global mojaroga aylanib ketishiga yoʻl qoʻymasligi kerak. Bir qutbli davrning tugayotgani xalqaro siyosatning allaqachon shakllanayotgan voqeligidir. Ammo uning oʻrnini insoniyat qanday tizim bilan toʻldirishi hali ochiq masala boʻlib qolyapti.
Ehtimol, kelajak bitta superdavlatga yoki hatto ikki blokka emas, balki bir nechta kuch markazlari, doimiy ravishda oʻzgarib turuvchi koalitsiyalar va mustaqil mintaqaviy oʻyinchilar tizimiga tegishli boʻladi. Bunday dunyoda taʼsir nafaqat davlatning hajmi va resurslari, balki uning manyovr qila olish qobiliyati bilan ham belgilanadi.
Aynan shu nuqtada tarixiy oʻxshashlik ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi: XIX asr oxirida boʻlgani kabi, insoniyat yana eski qoidalar oʻz kuchini yoʻqotayotgan, yangi qoidalar esa hali shakllanib ulgurmagan davrga kirmoqda. Farqi shundaki, bugun xatoning bahosi nihoyatda yuqori boʻlishi mumkin...
Abulfayz Sayidasqarov
