Oʻqituvchilardan majburan pul yigʻdirgan sobiq zamhokim yangi lavozimga tayinlandi
Anvar Rajabov 2026 yil mart oyida ishdan olingan, tekshiruv materiallari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgani aytilgandi.

Jarqoʻrgʻon tumani hokimining sobiq oʻrinbosari Rajabov Anvar Oʻralovich tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Jarqoʻrgʻon tumani hokimining 2026 yil 3 sentabrdagi qarorida maʼlum qilingan.
Ushbu shaxs 2026 yil mart oyida oʻqituvchilarga majburiy pul yigʻdirgani uchun ishdan olingandi. Holat tumandagi 33-umumtaʼlim maktabida kuzatilgandi. Shu bilan birga, uning harakatlariga huquqiy baho berish uchun tekshiruv materiallari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgani aytilgandi.
Oradan bir oy oʻtar-oʻtmas, ushbu hokimlikda bosh mutaxassis boʻlib ishlayotgani maʼlum boʻlgandi.
