Kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi
“Mahalla yettiligi” uchun masʼul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi. Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi.

Xorazmda oʻrganilgan kambagʻal oilalarda 48 ming nafar bola borligi qayd etildi.
Biroq masʼullarda ushbu yoshlar bilan alohida shugʻullanish va ularni hozirdan kasb-hunarga jalb yetish boʻyicha maxsus dastur mavjud emas.
Viloyatning har bir tumanida kamida 1-2 tadan texnikum va 4-5 tadan oʻquv markazi faoliyat yuritayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum va oʻquv markazlarida kambagʻal oilalar farzandlari uchun qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil yetish vazifasi belgilandi.
Xorazmda kambagʻal oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol bola parvarishi bilan band. Bunday oilalar farzandlarining bogʻcha qamrovi 75 foizga ham yetmasligi koʻrsatib oʻtildi.
646 nafar kollej oʻquvchisi hamda oliygoh talabasining hududdagi yangi loyihalardan kelib chiqib, dual taʼlim asosida kasbiy koʻnikmalarini oshirish imkoniyati bor.
Shuningdek, kambagʻal oilalardagi pensiya yoshidagi va nogironligi boʻlgan 526 nafar insonga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali parvarish bilan band oila aʼzolariga daromadli mehnat bilan shugʻullanish uchun imkoniyat yaratish mumkinligi taʼkidlandi.
Xorazm misolidagi tahlillar barcha viloyatlarga taalluqli ekani qayd etilib, kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Mazkur tizimga muvofiq, “mahalla yettiligi” uchun masʼul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi.
Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi.
Banklar va bandlikka koʻmaklashish idoralari ushbu shtablarga joylardagi masalalarni hal etishga koʻmaklashadi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambagʻallik va bandlik masalalari bilan shugʻullanadi.
