Hokim yordamchilari “loyihabay” ishlash tizimiga oʻtkaziladi
Buning uchun 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi, fidoyi va tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanib, ishiga noloyiqlar yangilanadi.

Kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini farmon va qarorlar bilan belgilash amaliyotidan voz kechilishi maʼlum qilindi.
Endi Iqtisodiyot vazirligi va Markaziy bank hududlar salohiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini har chorakda yangilab boradi.
Tuman shtablari mahallalardagi hokim yordamchilarini “loyihabay” ishlash tizimiga oʻtkazadi.
Buning uchun 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi, fidoyi va tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanib, ishiga noloyiqlar yangilanadi.
Joylardagi tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini yuritish tizimi ham qayta koʻrib chiqiladi.
Hozir bu masalalar asosan viloyat darajasida hal qilinayotgani ishlarning choʻzilishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi.
Tumanni loyihalarning buyurtmachisiga aylantirish va mablagʻlarni bevosita joylarga yoʻnaltirish ishlarni tezlashtirishi taʼkidlandi. Ogʻir mahallalarda ish oʻrni yaratishga qaratilgan mahalliy mablagʻlarga respublikadan 2-3 karra koʻp resurs qoʻshib berish taklif qilindi.
Endi tadbirkorlik infratuzilmasi uchun tumanga beriladigan mablagʻlar hisobidan loyiha ishlab chiqishga tuman shtabi rahbari masʼul boʻladi.
Tuman shtabiga loyihalash, qurilish va sifat nazoratini xususiy sektorga berishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, shtab rahbari obʼektlarni belgilangan muddat va sifat talablari asosida foydalanishga topshirilishi uchun javobgar boʻladi.
