Zafarobod tumani hokimi YTHga uchradi
Natijada hokim va uning voyaga yetmagan oʻgʻli turli darajadagi tan jarohatlari bilan RShTYoIM Jizzax filialining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan.

Zafarobod tumani hokimi YTHga uchradi.
2026 yil 30 avgust kuni Zafarobod tumani Nurafshon MFY hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, haydovchi B. Moʻminov “MAZ” rusumli yuk avtomashinasini Zafarobod yoʻnalishida boshqarib boraytib, chap tomonga burilish vaqtida qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan Zafarobod tumani hokimi Gʻ. Eshpoʻlatov boshqaruvidagi “KIA SELTOS” avtomashinasining harakat yoʻliga chiqib ketgan.
Natijada toʻqnashuv sodir boʻlgan. Yoʻl-transport hodisasi oqibatida tuman hokimi Gʻ. Eshpoʻlatov hamda avtomashinada yoʻlovchi sifatida boʻlgan uning voyaga yetmagan oʻgʻli Sh. Eshpoʻlatov turli darajadagi tan jarohatlari bilan RShTYoIM Jizzax filialining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan.
B. Moʻminov esa tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan 2026 yil 30 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
