Yagona bojxona toʻlovi stavkasi pasaytiriladi
2027 yil 1 yanvardan boshlab yagona bojxona toʻlovi stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 2 AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

Yagona bojxona toʻlovi stavkasi pasaytiriladi.
“Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona maʼmurchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026 y.) qabul qilindi.
Farmon bilan 2027 yil 1 yanvardan boshlab yagona bojxona toʻlovi stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 2 AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanmoqda.
2027 yil 1 iyundan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlar boʻyicha yagona bojxona toʻlovi miqdori toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona yigʻimlari miqdoridan kam boʻlgan taqdirda, ushbu yigʻimlar undirilmaydi.
Hozirda notijorat maqsadlar uchun bojxona chegarasi orqali qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 3 AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdorda yagona bojxona toʻlovi stavkasi amal qiladi.
2026 yil 1 sentabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
- tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan toʻlov oʻtkazish cheklovi;
- tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni taʼminlash;
- tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan toʻlovni taʼminlash yoki toʻlovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sugʻurta polisi) taqdim etish;
- oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan oʻtkazish uchun mahsulot namunasi yetarli boʻlmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
- bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qoʻshimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etish.
