Shavkat Mirziyoyevning ShHT yigʻilishidagi asosiy fikrlari
Prezident sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik boʻyicha Butunjahon tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusni olqishladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bishkekdagi ShHT Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishidagi nutqidan asosiy fikrlari taqdim etildi. Jumladan:
Oʻtgan 25 yil davomida ShHT teng huquqli muloqotni taʼminladi, mintaqaviy barqarorlik va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashdi;
Hamkorligimiz markazida ShHTning geografik va strategik oʻzagi boʻlgan Markaziy Osiyo turganini alohida qadrlaymiz;
Yaqin Sharqda muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatishning qatʼiy tarafdorimiz;
ShHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslari, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi kerak;
"ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni" konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishishni taklif etaman. Uning asosiy maqsadi oʻzaro bogʻliq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat boʻlishi lozim;
Maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtiradigan ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif etamiz;
Hozirning oʻzidayoq umumiy tamoyillarni kelishish bosqichidan ShHT Taraqqiyot bankini amaliy ishga tushirishga oʻtishni zarur deb hisoblaymiz;
Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik boʻyicha Butunjahon tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusni olqishlaymiz;
Kelgusi yili Toshkent shahrida ShHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar boʻyicha forumini oʻtkazishga tayyormiz;
Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavf-xatarlar mamlakatlarimizning oziq-ovqat, suv va energetik xavfsizligiga tobora koʻproq taʼsir koʻrsatmoqda. Bu ShHT doirasida ushbu masalalar boʻyicha yagona kun tartibini shakllantirish zaruratini taqozo etmoqda;
ShHTga aʼzo davlatlarning temir yoʻl makonlari integratsiyasi boʻyicha kengash taʼsis etishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman;
Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng koʻlamli masalalarini muhokama qilish uchun ShHTning Afgʻoniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi.
