Shavkat Mirziyoyev “ShHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini taʼsis etishni taklif etdi
Ushbu tadbirni BMTning manfaatdor tuzilmalari bilan birgalikda Xiva shahrida oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bishkekdagi “ShHT plyus” uchrashuvidagi nutqidan asosiy fikrlar taqdim etildi. Jumladan:
BMT oʻzining markaziy, muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi, mintaqaviy tuzilmalar esa uning saʼy-harakatlarini toʻldirishi lozim;
Yangi dunyo tartiboti nafaqat xalqaro munosabatlar tizimidagi global kuchlar nisbatini mustahkamlashi, balki mintaqaviy muammolarning adolatli hal etilishiga ham xizmat qilishi kerak;
“ShHT plyus” maydoni davlatlar, mintaqalar va tashkilotlarni umumiy kun tartibi atrofida birlashtirishga qodir. Bu yerda turli tashabbuslarni oʻzaro uygʻunlashtirish va global boshqaruv arxitekturasini shakllantirish boʻyicha muloqot olib borish mumkin va zarur;
Oʻzbekiston Yevroosiyo makonida ochiq va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori;
Biz shunday koʻp qutblilik tarafdorimizki, u yangi ajratuvchi chiziqlarni yaratmaydi, balki imkoniyatlar makonini kengaytiradi, mintaqaviy loyihalar va tashabbuslar oʻzaro raqobatlashmaydi, balki bir-birini samarali toʻldiradi;
“ShHT plyus” formatini mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni muhim deb hisoblayman;
“ShHT plyus” mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmogʻini yaratish uchun platforma boʻlib xizmat qilishi mumkin;
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan yanada faol foydalanish lozim;
Tabiatdan foydalanish, “yashil” energetika, raqamli xizmatlar va sogʻliqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirishni taklif etaman;
“ShHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini taʼsis etishni taklif etaman. Ushbu tadbirni BMTning manfaatdor tuzilmalari bilan birgalikda Xiva shahrida oʻtkazishga tayyormiz;
Oʻzbekiston bundan buyon ham umumiy farovonlikni mustahkamlash va koʻp tomonlama sheriklikni rivojlantirishga salmoqli amaliy hissa qoʻshishga tayyor.
