platina.uz
Maqola

Qozogʻiston Gʻazo sektoriga oʻz harbiylarini yuborishga tayyor: Ostona tashqi siyosatining yangi bosqichi

Mamlakat aynan necha nafar harbiy xizmatchisini Gʻazoga yuborishi hozircha rasman ochiqlanmagan. Shuning uchun "Qozogʻiston minglab askar yuboradi" degan qatʼiy xulosa qilishga erta. Biroq Ostona Gʻazo uchun tuzilayotgan Xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga oʻz harbiylarini taqdim etish niyatini rasman bildirgan.

Qozogʻiston Gʻazo sektoriga oʻz harbiylarini yuborishga tayyor: Ostona tashqi siyosatining yangi bosqichi

AQShning BMTdagi doimiy vakili Mayk Uoltsning yaqinda bergan bayonoti Qozogʻistonning Gʻazodagi mojarodan keyingi tartibni shakllantirishdagi roli yangi bosqichga oʻtayotganini koʻrsatdi. 26 avgust kuni Uolts BMT Xavfsizlik Kengashida Uganda, Marokash va Qozogʻiston Gʻazoda tinchlikni taʼminlash uchun minglab harbiy xizmatchilarni taklif qilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, kontingentlarni joylashtirish rejadagidan sekinroq kechayotgan boʻlsa-da, jarayon olgʻa siljimoqda.

Bu yerda muhim bir jihatni aniqlash lozim. Qozogʻiston aynan necha nafar harbiy xizmatchisini Gʻazoga yuborishi hozircha rasman ochiqlanmagan. Shuning uchun «Qozogʻiston minglab askar yuboradi» degan qatʼiy xulosa qilishga erta. Biroq Ostona Gʻazo uchun tuzilayotgan Xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga oʻz harbiylarini taqdim etish niyatini rasman bildirgan.

2026 yil fevral oyida ushbu kuchlar qoʻmondoni general-mayor Jasper Jeffers Indoneziya, Marokash, Qozogʻiston, Kosovo va Albaniya qoʻshinlar taqdim etishga rozi boʻlganini maʼlum qilgan edi. May oyida BMTga taqdim etilgan «Tinchlik kengashi» hisobotida ham Qozogʻiston Xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga harbiy xizmatchilar yuborish niyatini bildirgan besh davlatdan biri sifatida qayd etildi. Demak, Vashingtonning avgust oyidagi bayonoti yangi qaror emas, balki bir necha oydan beri shakllanayotgan jarayonning amaliy bosqichga oʻtayotganini anglatadi.

Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari nima?

Gʻazodagi Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari yangi xavfsizlik arxitekturasining asosiy harbiy elementi hisoblanadi.

BMT Xavfsizlik Kengashi 2025 yil 17 noyabrda 2803-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan Gʻazo mojarosini tugatish rejasini maʼqulladi, «Tinchlik kengashi» tuzilishini olqishladi va vaqtinchalik Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini tashkil etishga ruxsat berdi. Rezolyutsiyani 13 davlat qoʻllab-quvvatladi, Xitoy va Rossiya betaraf qoldi.

Rezolyutsiyaga koʻra, kuchlar yagona qoʻmondonlik ostida harakat qilishi, Misr va Isroil bilan hamkorlik qilishi, oʻt ochishni toʻxtatish rejimini nazorat qilishi, tinch aholini va gumanitar operatsiyalarni himoya qilishi, Falastin politsiyasini tayyorlashga koʻmaklashishi hamda Gʻazoni qurolsizlantirish jarayonini qoʻllab-quvvatlashi kerak.

Reja uzoq muddatda 20 minggacha harbiy xizmatchidan iborat kuch tuzish va 12 ming nafar Falastin politsiyachisini tayyorlashni nazarda tutadi. Dastlabki joylashtirish Gʻazoning janubidagi Rafah hududidan boshlanishi, keyin esa sektorlar boʻyicha kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu anʼanaviy tinchlikparvarlik missiyasidan farq qiladi. Chunki ISF nafaqat oʻt ochishni kuzatishi, balki yangi xavfsizlik tizimini shakllantirishga ham yordam berishi kerak.

Qozogʻistonning Yaqin Sharqdagi tajribasi

Rasmiy Ostona bunday missiyaga birinchi marta kirishayotgani yoʻq. 2024 yil fevral oyida Qozogʻiston BMTning Yaqin Sharqdagi UNDOF missiyasi tarkibiga mustaqil harbiy kontingent yuborish boʻyicha kelishuv tuzdi. Mart oyidan boshlab 139 nafar qozogʻistonlik tinchlikparvar, jumladan yetti nafar ayol harbiy xizmatchi missiyaga yoʻl oldi. BMT maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil noyabr holatida UNDOF tarkibida Qozogʻistonning 140 nafar harbiy xizmatchisi bor edi.

Bu Qozogʻiston uchun muhim diplomatik tajriba. Qozogʻistonlik harbiylar murakkab Yaqin Sharq muhitida xalqaro mandat asosida xizmat qilish, turli tomonlar bilan hamkorlik qilish va keskinlikni kuchaytirmaslik vazifalarini bajarib kelmoqda.

Biroq Joʻlon tepaliklari bilan Gʻazoni tenglashtirib boʻlmaydi. UNDOF asosan Isroil va Suriya oʻrtasidagi oʻt ochishni toʻxtatish va kuchlarni ajratish kelishuviga rioya etilishini kuzatadi. Gʻazodagi ISF esa hududning ichki xavfsizligini taʼminlash va qurolsizlantirish jarayoniga koʻmaklashishi kerak. Shu sababli Gʻazodagi missiya Qozogʻiston uchun siyosiy jihatdan ancha murakkab boʻladi.

Nega aynan Qozogʻiston?

Vashington uchun Qozogʻistonning asosiy ustunligi — uning koʻpvektorli tashqi siyosatidir. Ostona bir vaqtning oʻzida AQSh, Rossiya, Xitoy, Isroil va musulmon davlatlari bilan munosabatlarni saqlashga harakat qiladi. Qozogʻiston Isroil bilan munosabatlarni rivojlantirib kelayotgan boʻlsa, Falastin xalqi huquqlarini va ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechimni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Qolaversa, Qozogʻiston 2025 yil 7 noyabrda Isroil bilan munosabatlarni yaxshilashni koʻzlovchi “Ibrohim kelishuvlari”ga qoʻshilgan.

Prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev ham Ostonaning pozitsiyasi aynan shu muvozanatga asoslanganini taʼkidlagan: Qozogʻiston Isroil bilan munosabatlarni qoʻllab-quvvatlaydi, bir vaqtning oʻzida Falastin xalqini qoʻllab-quvvatlab, ikki davlat yechimini yoqlaydi. Bunday yondashuv Qozogʻistonni xalqaro missiya uchun nisbatan neytral ishtirokchi sifatida koʻrsatishi mumkin.

«Tinchlik kengashi» bilan bogʻliqlik

Qozogʻistonning ehtimoliy harbiy ishtiroki uning «Tinchlik kengashi»dagi siyosiy ishtiroki bilan bevosita bogʻliq.

BMTga taqdim etilgan rasmiy hisobotda Qozogʻiston «Tinchlik kengashi»ning 28 aʼzo davlati qatorida koʻrsatilgan. 19 fevral kuni esa Albaniya, Indoneziya, Qozogʻiston, Kosovo va Marokash ISF uchun harbiy kontingent taqdim etish niyatini tasdiqlagan deklaratsiyani imzolagan. Shu tariqa Ostona Gʻazo boʻyicha bir vaqtning oʻzida uch yoʻnalishda ishtirok etmoqda: siyosiy jihatdan — «Tinchlik kengashi» orqali, iqtisodiy jihatdan — tiklanish loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali va xavfsizlik sohasida — ISFga harbiy xizmatchilar taqdim etish orqali. Bu endi ramziy diplomatiya emas. Qozogʻiston mojarodan keyingi tartibni shakllantirish jarayonida bevosita ishtirok etuvchi davlatlar qatoriga kirishga harakat qilmoqda.

Qarorning xavflari

Bunday siyosat bilan birga jiddiy xavflar ham paydo boʻladi.

Birinchisi — harbiy xizmatchilar xavfsizligi. Gʻazo oddiy tinchlikparvarlik hududi emas. Bu yerda har qanday hodisa Qozogʻiston uchun jiddiy diplomatik muammoga aylanishi mumkin.

Ikkinchisi — siyosiy jarayonning noaniqligi. Xavfsizlikni taʼminlash bilan birga Gʻazoda legitim Falastin boshqaruv tizimini shakllantirish talab etiladi. «Tinchlik kengashi»ning oʻzi ham may oyidagi hisobotida yoʻl xaritasi boʻyicha muzokaralar hali toʻliq yakunlanmaganini tan olgan.

Uchinchi xavf — Isroil bilan munosabatlar. ISF Isroil va Misr bilan yaqin hamkorlikda harakat qilishi rejalashtirilgan. Demak, Qozogʻiston harbiylari bir vaqtning oʻzida Isroil, Falastin tomoni, AQSh, Misr va boshqa xalqaro ishtirokchilar manfaatlari kesishgan hududda ishlaydi. Bu Ostonaning anʼanaviy ehtiyotkor diplomatiyasi uchun jiddiy sinov boʻladi.

Nega qoʻshinlarni joylashtirish sekin kechmoqda?

Siyosiy rozilik bilan haqiqiy harbiy joylashtirish oʻrtasida katta farq bor.

Fevral oyida besh davlat ISFga qoʻshin berishga tayyorligini maʼlum qilgan edi. Biroq may oyiga kelib, xalqaro kontingentning sezilarli qismi hali shakllanmagani haqida xabarlar tarqaldi. Sabab tushunarli: koʻplab davlatlar tinchlik tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga tayyor, ammo harbiy xizmatchilarini mojaroning eng xavfli hududlaridan biriga yuborishga kelganda ancha ehtiyotkorlik qiladi. Shu nuqtai nazardan Mayk Uoltsning 26 avgustdagi bayonoti Vashingtonning ISFni qogʻozdagi rejadan amaliy kuchga aylantirish jarayonini tezlashtirishga intilayotganini koʻrsatadi.

Qozogʻiston nimaga erishadi?

Ostona uchun ishtirok bir qator strategik afzalliklar berishi mumkin.

Avvalo, Qozogʻistonning xalqaro nufuzi oshadi. Tinchlikka chaqirish bilan birga tinchlikparvar kontingent taqdim eta oladigan davlatning diplomatik taʼsiri yuqoriroq boʻladi.

Ikkinchidan, AQSh bilan munosabatlar mustahkamlanadi. Vashington xalqaro barqarorlashtirish missiyasi faqat AQSh loyihasi sifatida koʻrinishini istamaydi.

Uchinchidan, Qozogʻistonning Yaqin Sharq davlatlari bilan aloqalari kengayishi mumkin.

Eng muhimi, Ostona oʻzini turli siyosiy lagerlar oʻrtasida muloqot olib bora oladigan mustaqil xalqaro oʻyinchi sifatida namoyon etish imkoniga ega boʻladi.

Asosiy masala — qozogʻistonlik harbiylar qanday qabul qilinadi?

Missiyaning muvaffaqiyati faqat BMT mandatiga bogʻliq emas. Gʻazo aholisining ishonchi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Agar qozogʻistonlik harbiylar tinch aholini himoya qiluvchi, gumanitar operatsiyalarni taʼminlovchi va neytral kuch sifatida qabul qilinsa, bu Ostona uchun katta diplomatik yutuq boʻladi.

Agar ISF bir tomonning manfaatlarini taʼminlovchi yoki majburiy qurolsizlantirish vositasi sifatida qabul qilinsa, xavflar keskin oshadi.

Shuning uchun Qozogʻiston uchun aniq mandat, xalqaro legitimlik, kuch ishlatish qoidalari, qoʻmondonlik tizimining shaffofligi va harbiy xizmatchilar xavfsizligi boʻyicha kafolatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Xulosa

Qozogʻistonning Gʻazoga harbiy xizmatchilar yuborish ehtimoli Ostonaning tashqi siyosatda oddiy diplomatik bayonotlardan amaliy xalqaro ishtirok bosqichiga oʻtayotganini koʻrsatadi. Qozogʻiston Joʻlon tepaliklarida tinchlikparvarlik tajribasiga ega, «Tinchlik kengashi» aʼzosi hisoblanadi va Xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga kontingent taqdim etish niyatini rasman bildirgan. BMT Xavfsizlik Kengashi esa ISFni tashkil etishga xalqaro mandat bergan.

Shuning uchun bugungi asosiy masala — ishtirokning hajmi va shartlarida. Ostona uchun bu soʻnggi yillardagi eng muhim tashqi siyosiy qadamlardan biriga aylanishi mumkin. Qozogʻiston mustaqil xalqaro oʻyinchi sifatidagi mavqeini kuchaytirish imkoniyatiga ega, ammo buning evaziga jiddiy siyosiy va xavfsizlik tavakkalchiligini ham oʻz zimmasiga oladi.

Agar xalqaro missiya zoʻravonlikni va genotsidni toʻxtatish, Gʻazoni tiklash va boshqaruvni falastinliklarga qaytarishga olib kelsa, Qozogʻistonning ishtiroki koʻpvektorli diplomatiyaning muvaffaqiyatli namunasi boʻladi.

Agar siyosiy jarayon barbod boʻlsa, Ostona oldida ancha murakkab vazifa - zamonaviy dunyodagi eng ziddiyatli mojarolardan birining ichida turib, qanday qilib neytral tinchlikparvar davlat imijini saqlab qolish vazifasi paydo boʻladi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid