Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonda AQSh prezidenti vakili bilan uchrashdi
Serjio Gor bilan “S5+1” formati doirasida boʻlajak tadbirlarga hamda Oʻzbekiston-Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bishkek shahriga tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Serjio Gor Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabrikladi hamda davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy muloqot, parlamentlararo va hududlararo aloqalarning ijobiy surʼati hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ustuvor yoʻnalishlarda, jumladan, energetika, transport, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni davom etish muhimligi taʼkidlandi.
“S5+1” formati doirasida boʻlajak tadbirlarga hamda Oʻzbekiston-Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.
