Shavkat Mirziyoyev Bishkekda Vladimir Putin bilan uchrashdi
Oʻzaro savdoning ijobiy dinamikasini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, shuningdek, hududlararo aloqalarni faol davom ettirish muhimligi taʼkidlandi. Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kelgusida ham kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bishkek shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshdi.
Sanoat, energetika, metallurgiya, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda.
Oʻzaro savdoning ijobiy dinamikasini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, shuningdek, hududlararo aloqalarni faol davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni kelgusida ham kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yetakchilar ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatlardagi boʻlajak tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.
