platina.uz
Siyosat

Prezident Xitoy yetakchisi va BMT rahbari bilan uchrashdi

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Yaqin yillarda uni 30 milliard dollarga yetkazish boʻyicha yangi marrani belgilash taklif etildi. 

Prezident Xitoy yetakchisi va BMT rahbari bilan uchrashdi

Bishkek shahrida oʻtayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yoʻllagan samimiy tabrigi hamda Oʻzbekiston – Xitoy koʻp qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kelgusi yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 35 yil toʻladi. Ushbu qutlugʻ sanani keng nishonlash boʻyicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.

Soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Tomonlar tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini taʼkidladilar. Oʻzbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qatʼiy kurashni doimiy qoʻllab-quvvatlashi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada oʻsishiga ishonch bildirildi.

Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish boʻyicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish hamda Oʻzbekiston korxonalarining Xitoyda oʻtkaziladigan savdo koʻrgazmalarida faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.

Amaldagi qoʻshma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. Oʻzbekistonda 6 mingdan ortiq qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda.

Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xoʻjaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yoʻnalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, togʻ-kon sanoati, mineral resurslarni oʻzlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “oʻsish nuqtalari” kengaytiriladi.

Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Xitoy kompaniyalariga Oʻzbekiston hududlaridagi qoʻshma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.

Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. Oʻzbekiston anʼanaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.

Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, koʻpgina qoʻshma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi boʻlib oʻtdi.

Transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” strategik temir yoʻlini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yoʻnalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim boʻgʻiniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi oʻzaro bogʻliqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.

Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari oʻrtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini koʻpaytirish rejalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. 2027-2029 yillarga moʻljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.

Ilm-fan, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qoʻshma taʼlim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.

Xitoy tilini oʻrganishni, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi taʼlim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Kosmosni oʻzlashtirish hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari qatorida qayd etildi.

“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda boʻlib oʻtadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va doʻstlik ruhida oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida oʻtayotgan ShHT sammiti tadbirlari doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishning Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini aytdi.

Faol muloqot va oʻzaro tashriflar hamda Oʻzbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Soʻnggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Antoniu Guterrish Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda katta yutuqlarga erishayotganini olqishladi. Bu boradagi hamkorlikni yanada faol davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Boʻlajak qoʻshma tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid