platina.uz
Maqola

Tanklar endi kerak emasmi? Dronlar ularning oʻrnini bosa oladimi?

2022 yil fevralida Rossiyaning keng koʻlamli bosqini boshlanganidan keyin Ukraina Gʻarb tanklarini olishga qatʼiy intildi. Leopard, Challenger va Abrams tanklarining yetkazib berilishi Ukraina armiyasini kuchaytirishning muhim omili sifatida koʻrildi. Ammo Gʻarb texnikasi bir yilga kechikdi - 2023 yilda frontga yetib kelgan vaqtga kelib, jang maydoni sezilarli darajada oʻzgarib boʻlgan edi.

Tanklar endi kerak emasmi? Dronlar ularning oʻrnini bosa oladimi?

Ukrainadagi urush bir necha yil avval yordamchi vosita sifatida qaralgan harbiy texnologiyalar uchun haqiqiy sinov maydoniga aylandi. Uchuvchisiz parvoz apparatlari - dronlar razvedka va oʻt ochishni tuzatish vositasidan jangovor harakatlarning markaziy elementlaridan biriga aylandi. Shu sababli Ukraina urushi doirasidan ham chetga chiquvchi savol paydo boʻlmoqda: tanklar davri yakunlanyaptimi va nisbatan arzon uchuvchisiz tizimlar millionlab dollarlik jangovor mashinalarning oʻrnini bosa oladimi?

The New York Times gazetasining yozishicha, Ukrainaga berilgan Gʻarb tanklari, jumladan, Germaniyaning Leopard tanklari, hozir frontdagi bevosita janglarda ancha kam ishlatilmoqda. Koʻplab mashinalar yashirilgan joylarda saqlanmoqda, texnik xizmatdan oʻtkazilmoqda yoki zaxirada turibdi. Buning asosiy sabablaridan biri — frontning dronlar bilan haddan tashqari toʻyinishi va katta bronetexnikaning yanada zaiflashganidir.

Biroq bundan «tanklar endi kerak emas» degan xulosaga kelish hali erta. Aslida oʻzgarayotgan narsa tankning mavjudligi emas, balki uning jang maydonidagi roli va undan foydalanish modelidir.

Quruqlikdagi qudrat ramzidan – oʻta qimmat nishongacha

2022 yil fevralida Rossiyaning keng koʻlamli bosqini boshlanganidan keyin Ukraina Gʻarb tanklarini olishga qatʼiy intildi. Leopard, Challenger va Abrams tanklarining yetkazib berilishi Ukraina armiyasini kuchaytirishning muhim omili sifatida koʻrildi. Ammo Gʻarb texnikasi bir yilga kechikdi - 2023 yilda frontga yetib kelgan vaqtga kelib, jang maydoni sezilarli darajada oʻzgarib boʻlgan edi.

Dronlar keng tarqaldi. Razvedka apparatlari texnika harakatini tez aniqlash imkoniyatiga ega boʻldi. Keyinchalik koʻplab FPV-zarbador dronlar paydo boʻldi. Natijada tank doimiy kuzatuv ostidagi makonda harakat qiladigan texnikaga aylandi.

Bu urush iqtisodiyotini ham oʻzgartirdi. Murakkab zirhli mashinaning qiymati millionlab dollar bilan oʻlchansa, unga tahdid soluvchi uchuvchisiz tizim ancha arzon boʻlishi mumkin. Natijada bir tomon qimmat platformani nisbatan arzon vosita bilan xavf ostiga qoʻyish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuning uchun muammo faqat tank zirhining mustahkamligida emas. Agar tankni aniqlash, kuzatish va unga zarba berish ehtimoli oshsa, uning jangovor samaradorligi pasayadi.

Buyuk Britaniyaning Qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan instituti (RUSI) tahliliga koʻra, Ukrainadagi bronetexnikadan keng koʻlamli foydalanish sezilarli darajada kamaygan. Institut keltirgan maʼlumotlarga koʻra, 2025 yil avgustida Ukraina razvedkasi front chizigʻidan 70 kilometrgacha boʻlgan hududda Rossiyaning atigi 23 ta tankini aniqlagan. Bu 2023 yil may oyida janubiy yoʻnalishlarning birida qayd etilgan 470 ta tank bilan solishtiriladi. Shu bilan birga, tahlilchilar bronetexnika butunlay yoʻqolmaganini va kichik boʻlinmalar darajasida hamon muhim ekanini taʼkidlaydi. Demak, tanklardan foydalanish ehtiyotkorlashdi, ammo ular foydasiz boʻlib qolmadi.

Dronlar nimani oʻzgartirdi?

Asosiy oʻzgarish dronning «tankdan kuchliroq» boʻlib qolgani emas. Ularning vazifalari butunlay boshqa. Tank — himoyalangan mobil platforma. U ekipajni olib yuradi, oʻt ochish bilan qoʻllab-quvvatlaydi va piyoda askarlar uchun xavfli boʻlgan sharoitlarda harakatlana oladi. Dron esa, avvalo, kuzatuv, aloqa, razvedka yoki zarba berish vositasidir. U mustaqil ravishda hududni egallay olmaydi, aholi punktini nazorat qila olmaydi, odamlarni evakuatsiya qila olmaydi va piyoda askarning oʻrnini toʻliq bosa olmaydi.

Shuning uchun masalani keskin tarzda - «tank yoki dron» tarzida qoʻyish notoʻgʻri. Ukrainadagi urushda yangi tizim shakllanmoqda: unda bronetexnika, dronlar, artilleriya, elektron kurash vositalari, razvedka, aloqa va piyoda qoʻshinlar bir-birini toʻldiradi.

AQShning Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahlilchilari ham Ukrainadagi urushni faqat «dronlar urushi» deb atash notoʻgʻri ekanini taʼkidlaydi. Dronlar artilleriya, tank, muhandislik boʻlinmalari, logistika yoki piyoda qoʻshinlari oʻrnini toʻliq egallay olmagan. Ular ushbu kuchlardan foydalanish usullarini oʻzgartirdi. Eng muhimi, dron hududni egallab, uni ushlab tura olmaydi. Aynan shu jihat uchuvchisiz inqilobning asosiy chegarasini belgilaydi.

Nega qimmat texnika zaif boʻlib qoldi?

Tankning anʼanaviy konsepsiyasi uchta asosiy ustunlikka - oʻt ochish kuchi, harakatchanlik va ekipajning himoyalanganligiga tayangan. Dronlar bu muvozanatni oʻzgartirdi. Jang maydoni ancha «shaffof» boʻldi. Razvedka dronlari texnika harakatini doimiy ravishda kuzatishi, zarba beruvchi tizimlar esa aniqlangan nishonga tezkor javob berishi mumkin.

Natijada yirik mexanizatsiyalashgan kolonnalar ancha xavfli boʻlib qoldi. Frontning dronlar bilan toʻyinganligi texnika harakatini jiddiy chekladi va bronetexnikaning katta toʻplanishlarini koʻplab zarbalarga nisbatan zaif holga keltirdi.

Shunga qaramasdan, texnologik poyga ham hanuz davom etmoqda. Elektron kurash vositalarining rivojlanishi yangi dron texnologiyalarini paydo qilyapti. Qarshi choralar kuchaygani sari dronlarning boshqaruvi va navigatsiyasi ham takomillashmoqda. Optik tolali boshqaruvga ega dronlar bunga yaqqol misoldir. Ular boshqaruv jarayonida anʼanaviy radioaloqa kanalidan foydalanmagani sababli radioelektron toʻsqinlikning odatiy usullari ularga nisbatan boshqacha ishlaydi.

Shunday qilib, dronlarning rivojlanishi oddiy FPV-modellar bilan cheklanmayapti. Razvedka, sunʼiy intellekt, aloqa va avtomatlashtirilgan boshqaruvni oʻz ichiga olgan butun bir texnologik ekotizim shakllanmoqda.

Dron haqiqatan ham tank oʻrnini bosa oladimi?

Javob – yoʻq, toʻliq bosa olmaydi. Dron bronetexnikani shikastlashi yoki ishdan chiqarishi, nishonni aniqlashi, kuzatuv olib borishi va boshqa vazifalarni bajarishi mumkin. Ammo u yerda jismoniy mavjudlikka ega emas. Bu prinsipial masala.

Front chizigʻini oʻzgartirish uchun faqat dushman texnikasini yoʻq qilishning oʻzi yetarli emas. Hududni egallash, yalpi hujum qilish, yoʻllar va aholi punktlarini nazorat qilish, kommunikatsiyalarni himoya qilish va pozitsiyalarni ushlab turish kerak. Qolayevresa, jonli kuch va texnikalarni oʻtish qiyin hududlardan (botqoq, yoʻlsiz yerlar va hokazo) evakuatsiya qilish chogʻlarida dron tank oʻrnini bosa olmaydi.

Shu sababli Ukraina tajribasi quruqlikdagi qoʻshinlarning yoʻqolishini emas, ularning texnologik transformatsiyasini koʻrsatmoqda. Kelajak tanki jangovor guruhning markazi emas, balki ancha murakkab tizimning bir qismiga aylanishi mumkin.

«Tanklar davri tugadi»mi yoki eski tanklar davri tugadimi?

The New York Times nashri 33-mexanizatsiyalashgan brigada misolini keltiradi. Ushbu brigada Leopard 2A4 tanklariga ega ekanini uning rasmiy sayti ham tasdiqlaydi. Shu bilan birga, brigada tarkibida turli bronemashinalar, artilleriya tizimlari va uchuvchisiz vositalar ham mavjud. Ammo bugungi tuzilmaning oʻzi ustuvorliklar oʻzgarganini koʻrsatadi: dronlar endi oddiy qoʻshimcha vosita emas, balki mustaqil harbiy yoʻnalishga aylanmoqda.

The New York Times maʼlumotlariga koʻra, tank boʻlinmalaridagi harbiy xizmatchilarning bir qismi dronlar bilan ishlashga qayta tayyorlanmoqda. Ayrim yangi harbiy xizmatchilar tanklarni deyarli bilmaydi va darhol yer usti yoki havo dronlari bilan ishlayapti. Bu oddiygina tanklarning frontga kamroq chiqarilishidan koʻra muhimroq signal.

Armiya kadrlar tarkibi oʻzgarmoqda. Avvallari tankchilar, artilleriyachilar va piyoda askarlar asosiy mutaxassislar hisoblangan boʻlsa, endilikda dron operatorlari, dasturiy taʼminot, aloqa, sunʼiy intellekt, maʼlumotlarni tahlil qilish va uchuvchisiz tizimlarni texnik taʼmirlash boʻyicha mutaxassislarning roli ortmoqda. Demak, inqilob faqat qurol-aslahada emas. U armiyaning tashkiliy tuzilmasini ham oʻzgartirmoqda.

Navbatdagi bosqich - sunʼiy intellekt

Keyingi bosqich dronlarni sunʼiy intellekt bilan birlashtirish boʻlishi mumkin. 24 avgustda Buyuk Britaniya va Ukraina harbiy sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzoladi. Reuters xabariga koʻra, britaniyalik tadqiqotchilar Ukraina jang maydonidagi maʼlumotlarni tahlil qilish texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Avengers AI Labs tizimida millionlab tasvirlardan iborat maʼlumotlar bazasi mavjud boʻlib, algoritmlar dronlardan keladigan katta hajmdagi videomaʼlumotlarni tahlil qilishda qoʻllanmoqda. Bu shunchaki dronlar sonining koʻpayishidan ham muhimroq masala.

Uchuvchisiz parvoz apparatlari inqilobining birinchi bosqichi — nishonni koʻrish boʻlgan boʻlsa, ikkinchi bosqich — unga tezkor taʼsir koʻrsatish, uchinchi bosqich esa qaror qabul qilish jarayonining ayrim qismlarini avtomatlashtirish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Yaʼni, dronlar oʻz operatori bilan aloqa yoʻqolgan sharoitda ham oʻzi mustaqil dushman nishonlarini aniqlashi, yoʻq qilishi va raketalarga chap berishi – yaqin istiqbolda dronlar oldiga qoʻyiladigan vazifalardir. Biroq toʻliq avtonom urush hozircha kelajak orzusi boʻilb qolmoqda. Qaror qabul qilishda inson roli hamon saqlanib qolmoqda.

Starlink yangi urushning boshqa tomonini koʻrsatyapti

Zamonaviy qurolli tizimlarning raqamli infratuzilmaga bogʻliqligi ham tobora ortib boryapti. Starlink Rossiyaning 2022 yildagi keng koʻlamli bosqinidan keyin Ukrainadagi aloqa infratuzilmasining muhim elementlaridan biriga aylandi. 2026 yil avgustida Kiyev ushbu sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimidan Ukrainadan tashqaridagi uchuvchisiz operatsiyalarda kengroq foydalanish imkoniyatini olishga intilmoqda. Reuters xabariga koʻra, Ukraina tomoni Starlink imkoniyatlarini kengaytirishni istamoqda, Ilon Mask esa avval Rossiya hududida tizimdan foydalanishni cheklagan. Bu epizod urush tabiatining qanchalik oʻzgarganini koʻrsatadi.

Biroq endi vaziyat oʻzgarayotganga oʻxshaydi. Yaqinda Ukraina tomoni Starlink kompaniyasi yordamining mudofaadagi ulkan rolini eʼtirof etdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ilon Maskni insonlar hayoti va erkinligini himoya qilish, shuningdek, Ukraina va AQSh xalqlari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi alohida shaxsiy xizmatlari uchun Ozodlik ordeni bilan taqdirladi. «Insonlar hayoti va erkinligini himoya qilish, Ukraina va Amerika Qoʻshma Shtatlari xalqlari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi alohida shaxsiy xizmatlari uchun», — deyiladi tegishli farmonda.

Eslatish joiz, shu yil avgust oyi boshida Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fyodorov Mask bilan Rossiya hududidagi nishonlarga, xususan, raketa uchirish qurilmalariga zarba berish uchun Starlink sunʼiy yoʻldosh internetidan foydalanish imkoniyati boʻyicha muzokaralarni davom ettirayotganini aytgan edi. «Biz Mask bilan aloqadamiz, oxirgi marta bir necha kun oldin muloqot qildik», — degan u Sergey Sternenkoning YouTube-kanalidagi efirda. Oʻshanda Fyodorov Mask bilan olib borilgan muzokaralar Ukraina hududidagi Rossiya harbiylari uchun Starlink xizmatini oʻchirishga yordam berganini ham eslatgan.

Bu kabi omillardan kelib chiqib aytish mumkinki, avvallari tanklarning samaradorligi asosan dvigatel, zirh, oʻq-dorilar va ekipaj tayyorgarligiga bogʻliq edi. Endi koʻplab tizimlarning samaradorligi dasturiy taʼminot, sunʼiy yoʻldosh aloqasi, raqamli xaritalar, maʼlumot uzatish kanallari va hisoblash imkoniyatlariga ham bogʻliq. Lekin bu yangi turdagi zaiflikni yaratadi: armiya zamonaviy jismoniy platformalarga ega boʻlishi mumkin, biroq raqamli infratuzilma izdan chiqsa, ularning samaradorligi pasayadi.

Dronlar faqat front quroli emas

Ukraina tajribasining yana bir muhim xulosasi — dronlardan foydalanish geografiyasi kengayayotganidir. Ular faqat jang maydonida emas, balki logistika, infratuzilma va front ortidagi obʼektlarga taʼsir koʻrsatishda ham ishlatilmoqda. 2025 yildagi Ukraina operatsiyalari nisbatan kichik uchuvchisiz tizimlar ancha qimmat strategik obʼektlarga ham xavf tugʻdirishi mumkinligini koʻrsatdi.

Biroq yirik obʼektlar, omborlar yoki korxonalar zararlangani haqidagi ayrim xabarlarni ehtiyotkorlik bilan baholash lozim. Urush sharoitida tomonlar axborot taʼsiridan manfaatdor boʻladi, zarar koʻlami esa koʻpincha mustaqil manbalar orqali darhol tasdiqlanmaydi.

Tankni kelajakda nima kutyapti?

Tanklarni yoʻq boʻlib ketish emas, balki chuqur transformatsiya kutpti. Kelajakdagi jangovor mashina dronlar bilan yanada kuchli integratsiyalashgan tizimga aylanishi mumkin. Bugunning oʻzida bronetexnikani dronlardan himoya qilish vositalari, sensorlar, ogohlantirish tizimlari va boshqa raqamli texnologiyalarni takomillashtirish masalasi kun tartibida turibdi.

Ammo eng katta oʻzgarish texnika konsepsiyasining oʻzida yuz berishi mumkin. Tank endi jang maydonining mustaqil «qiroli» boʻlmaydi. U tarmoqning bir qismiga aylanadi. Uning oldida razvedka tizimlari ishlashi, atrofida uchuvchisiz vositalar harakatlanishi, yuqorida kuzatuv tizimlari ishlashi, jangovor guruh boshqaruvi esa raqamli maʼlumot almashish tizimiga tayanishi mumkin. Shuning uchun eng real prognoz — «tanklarga qarshi dronlar» emas, balki «dronlar bilan birga ishlaydigan tanklar» modelidir.

Asosiy xulosa

Ukrainadagi urush tankni quruqlikdagi jangovor kuchning asosiy vositasi sifatidagi anʼanaviy tasavvurni haqiqatan ham shubha ostiga qoʻydi. Ammo u tankning keraksiz boʻlib qolganini isbotlamadi. U boshqa narsani isbotladi: qimmat platforma endi faqat oʻz zirhiga tayana olmaydi.

Agar tank katta, koʻzga tashlanadigan va dronlarga qarshi himoya hamda razvedka tizimlari bilan yetarlicha integratsiyalashmagan boʻlsa, uning imkoniyatlari keskin kamayadi. Agar esa bronetexnika kompleks raqamli tizimning bir qismiga aylansa, uning roli saqlanib qolishi mumkin.

Shu maʼnoda, tanklarning kelajagi faqat haydovchisiz formatga oʻtish bilan bogʻliq degan qarash kengroq tendensiyani aks ettiradi. Endi asosiy savol tank mavjud boʻladimi yoki yoʻqmi emas, balki uchuvchisiz urush davrida tank qanday koʻrinishga ega boʻladi, degan savoldir.

Dronlar arzonroq, koʻproq va tezroq moslashadi. Ular allaqachon razvedka, aloqa va texnikadan foydalanish usullarini oʻzgartirdi. Ammo dron insonning hududni egallash va ushlab turish, muhandislik ishlarini bajarish, logistika hamda himoyalangan mobil platformalarga boʻlgan ehtiyojini toʻliq bosa olmaydi.

Shuning uchun kelajak formulasi, ehtimol, quyidagicha boʻladi: mustaqil tank operatsiyalari kamroq, tanklar, dronlar, razvedka, sunʼiy intellekt va himoya tizimlarining integratsiyasi esa koʻproq ahamiyatga ega boʻladi. Ukraina urushining asosiy sabogʻi ham aynan shunda: kelajakdagi jangovor kuch bitta «superqurol»ga emas, balki oʻzaro bogʻlangan texnologiyalar, inson va mashina imkoniyatlarining yagona tizimiga tayanadi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid