Prezident Hindiston bosh vaziriga “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenini topshirdi
Ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi ham boʻlib oʻtdi. Ular savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan.

Koʻksaroy qarorgohida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modiga Oʻzbekiston Respublikasining “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, Hindistonning soʻnggi yillardagi jadal taraqqiyoti hamda xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan nufuzi bevosita mamlakat yetakchisining samarali faoliyati bilan bogʻliq. Muvaffaqiyatli dastur va strategiyalar tufayli zamonaviy Hindiston barcha sohalarda olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, bu qaror Hindiston Bosh vazirining ikki xalq oʻrtasidagi azaliy doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga qoʻshayotgan beqiyos hissasi uchun Oʻzbekiston xalqi va davlatining yuksak ehtiromi ifodasi ekanini aytib oʻtdi.
Ushbu tarixiy tashrif va oʻtkazilgan sermahsul muzokaralar natijasida doʻst mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga erishildi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi sifat bosqichiga olib chiqilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mazkur mukofot ikki xalq oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishiga ishonch bildirildi.
– Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan koʻp qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman, – dedi Prezidentimiz.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ishtirokida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Ular savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan.

Jumladan:
– Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot;
– Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2026-2030 yillarga moʻljallangan madaniy almashinuvlar dasturi;
– Ayurveda va anʼanaviy tibbiyotning boshqa yoʻnalishlarida hamkorlik toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv memorandumi;
– Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
– Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
– Fayoztepa va Qoratepa hududlarida arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish toʻgʻrisida bayonnoma;
– Iqtisodiy va moliyaviy muloqot toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi;
– 2026-2028 yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;
– Geologiya va mineral resurslar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi;
– Arxiv ishi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi;
– Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Sushma Svaraj nomidagi Tashqi aloqalar instituti oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi;
– Samarqand viloyati va Gujarat shtati oʻrtasida sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida bitim.
