Namanganda Murodjon Ahmadaliyev nomidagi boks mahorat maktabi tashkil etiladi
Yangi maktabning asosiy vazifasi Namangan viloyatidagi iqtidorli va istiqbolli yosh bokschilarni erta aniqlash, saralash va ularni yuqori sport mahorati bosqichiga tayyorlashdan iborat boʻladi.

Chustda Murodjon Ahmadaliyev nomidagi boks sport mahorati maktabi tashkil etiladi.
Namangan viloyatining Chust tumanida Boks boʻyicha Murodjon Ahmadaliyev sport mahorati maktabi tashkil etiladi. Bu Namangan viloyati hokimining 2026 yil 29 avgustdagi qarorida belgilandi.
Qarorga koʻra, Chust tumani sport maktabi faoliyati takomillashtirilib, boks uning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanadi hamda maktab negizida “Namangan namunasi”da Boks boʻyicha Murodjon Ahmadaliyev sport mahorati maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Yangi maktab 2026/2027 oʻquv-mashgʻulot yilidan ish boshlaydi.
Yangi maktabning asosiy vazifasi Namangan viloyatidagi iqtidorli va istiqbolli yosh bokschilarni erta aniqlash, saralash va ularni yuqori sport mahorati bosqichiga tayyorlashdan iborat boʻladi. Bu yerda Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda qatnashishga qodir bokschilarni tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston milliy terma jamoalari uchun sport zaxirasini shakllantirish koʻzda tutilgan.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash va saralash үch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab istiqbolli yoshlar mahallalar, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, sport seksiyalari va toʻgaraklardan aniqlanadi. Keyingi bosqichda tuman va shahar miqyosida sport-seleksiya sinovlari oʻtkaziladi. Yakunda maxsus komissiya viloyat darajasida saralash oʻtkazib, eng istiqbolli sportchilarni Boks maktabiga qabul qiladi.
Har bir oʻquvchi-sportchi uchun uning jismoniy koʻrsatkichlari, texnik-taktik tayyorgarligi, tibbiy holati, musobaqalardagi natijalari va rivojlanish dinamikasini aks ettiruvchi individual sport pasporti yuritiladi. Sportchilar natijadorligini muntazam kuzatib borish uchun elektron maʼlumotlar bazasi ham shakllantiriladi.
Murodjon Ahmadaliyevning roziligi asosida maktabda “Murodjon Ahmadaliyev mahorat maktabi” amaliyoti ham yoʻlga qoʻyiladi. Uning doirasida yosh bokschilar uchun mahorat darslari, trenerlar uchun amaliy seminarlar, motivatsion uchrashuvlar va master-klasslar tashkil etiladi. Eng iqtidorli sportchilar uchun individual tayyorgarlik dasturlari ishlab chiqiladi. Boʻndan tashqari, har yili “Murodjon Ahmadaliyev kubogi” boks turnirini oʻtkazish va undan yosh isteʼdodlarni saralash vositalaridan biri sifatida foydalanish rejalashtirilgan.
Maktabning tavsiya etilgan tuzilmasida direktor, oʻquv va sport ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, bosh trener va trener-oʻqituvchilardan tashqari seleksiya va sport natijalarini tahlil qilish, sport tibbiyoti va funksional diagnostika yoʻnalishlari, sport psixologi hamda metodist faoliyati ham nazarda tutilgan.
Maktabda kamida bitta standart ringga ega boks zali, umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik hamda trenajyor zallari, tibbiy koʻrik va funksional diagnostika, reabilitatsiya va tiklanish, sport psixologiyasi, shuningdek, video-tahlil va nazariy mashgʻulot xonalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Zarurat va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, ovqatlanish, yotoqxona va transport xizmatlari uchun ham sharoit yaratilishi mumkin.
Shu bilan birga, Chust tumani sport maktabida mavjud boksdan boshqa sport turlari boʻyicha mashgʻulotlar birdaniga toʻxtatilmaydi. Tegishli seksiyalar, trenerlar va sportchilar xatlovdan oʻtkazilib, ularni boshqa sport taʼlimi muassasalariga oʻtkazish yoki Boks maktabi tarkibida vaqtincha faoliyatini davom ettirish masalasi alohida koʻrib chiqiladi.
Chust tumani sport maktabining bino va inshootlari, sport maydonlari, anjomlari, transport vositalari va boshqa mol-mulki yangi Boks maktabi ixtiyorida saqlab qolinadi. Maktab faoliyatini davlat byudjeti, homiylik va xayriya mablagʻlari, xalqaro va mahalliy grantlar, ustav faoliyatidan olinadigan daromadlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish koʻzda tutilgan.
