platina.uz
Maqola

Amerikaning jiddiy sanksiyalari samara beradimi?

Eronning eng muhim tashqi hamkorlaridan biri boʻlgan Xitoy AQSh strategiyasini qoʻllab-quvvatlamayotgan, Rossiya esa Vashington bosimiga qoʻshilmayotgan bir sharoitda iqtisodiy yakkalash strategiyasi qanchalik samarali boʻlishi mumkin?

Amerikaning jiddiy sanksiyalari samara beradimi?

Butun jahon bir narsaga guvoh boʻldi: Eron-AQSh mojarosida Vashington Tehronni “sindirish”ning uddasidan chiqa olmadi. Ammo bu Eron yengilmas kuch-qudratga ega davlat degani emas. Trampga qolsa Eronga qarshi atom bombasi tashlashdan ham toymas edi. Biroq Amerika xalqi va Kongressi bu urushni AQSh manfaatlari uchun oʻta zarur deb hisoblamaydi. Bu urush shundoq ham yoqilgʻi narxlari, umuman tovarlar narxlari koʻtarilishi, xalqaro maydondagi aksilamerika kayfiyatlari tarzida oddiy amerikaliklarning manfaatlariga zarba berishga ulgurdi. Atigi 2 oydan keyin ichki saylovlar boshlanadi, bunday muhim jarayon oldidan hech bir siyosatchi Amerika xalqining irodasiga zid borishga jurʼat qilmaydi.

Yangicha taʼsir siyosati

AQSh prezidenti Donald Tramp esa oson jon berishni istamayapti. Tehronning qaysarona harakatlari va oʻz talabalarida mahkam turib olganini, ayniqsa Hoʻrmuz boʻgʻozini ochish vositasida oʻtkir manupulyatsion oʻyin yuritayotganini Tramp ichiga yutib keta olmaydi. Bu uning yetakchi sifatidagi obroʻsiga ogʻir zarba boʻlishini yaxshi tushunadi.

Shu bois, Tramp maʼmuriyati Tehronga qarshi siyosiy emas, iqtisodiy yoʻl bilan taʼsir qilmoqchi. Endi Vashington Eronga qarshi iqtisodiy urushda yangi qadam tashladi. 2026 yil 24 avgust kuni AQSh Moliya vazirligi Operation Economic Outcast — «Iqtisodiy badargʻa qilish» operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi. AQSh Moliya vaziri Skott Bessent bu kampaniyani Eronga qarshi misli koʻrilmagan iqtisodiy hujum deb atadi. Vashingtonning maqsadi ochiq bayon qilindi: Tehronning daromad manbalarini kesish, moliyaviy kanallarini yopish va Eron bilan hamkorlikni davom ettirayotgan davlatlarni “Amerika moliyaviy tizimi yoki Eron” tanlovi oldida qoldirish!

Biroq savol tugʻiladi: Eronning eng muhim tashqi hamkorlaridan biri boʻlgan Xitoy AQSh strategiyasini qoʻllab-quvvatlamayotgan, Rossiya esa Vashington bosimiga qoʻshilmayotgan bir sharoitda iqtisodiy yakkalash strategiyasi qanchalik samarali boʻlishi mumkin?

Amerikaning Bosh josusi nega Moskvaga keldi?

Ayni paytda yana bir muhim diplomatik voqea sodir boʻldi. 25 avgust kuni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliff kutilmaganda Amerika harbiy-transport samolyoti — C-17 bortida Moskvaga keldi. Keyinchalik Kreml Retkliff Rossiya maxsus xizmatlari vakillari bilan uchrashganini tasdiqladi. Biroq Vladimir Putin bilan uchrashuv oʻtkazlmagan.

Demak, Vashingtonning Eronga nisbatan sanksiya siyosati bir vaqtning oʻzida ikki bosqichda kechmoqda: ochiq maydonda AQSh Tehronga iqtisodiy bosimni kuchaytirmoqda, yopiq diplomatik kanallarda esa Moskva bilan muloqot saqlanib qolyapti. Bu Vashingtonning oʻzi ham Rossiya va Xitoy Eronga maʼlum darajada yordam berish imkoniyatini saqlab qolar ekan, iqtisodiy blokada orqali strategik natijaga erishish qiyinligini tushunayotganini koʻrsatishi mumkin.

AQSh sanksiyalar doirasini qanday kengaytirdi?

Yangi choralar oddiy sanksiyalar roʻyxatini kengaytirishdan ancha farq qiladi. AQSh Moliya vazirligi Eron bilan bogʻliq moliyaviy va savdo tarmoqlarini, shu jumladan uchinchi davlatlardagi vositachilarni ham cheklashga harakat qilmoqda.

Eronning yadroviy va raketa dasturlari uchun texnologiya yetkazib berish, kiberoperatsiyalar va neft daromadlariga aloqador 60 dan ortiq shaxs, tashkilot va kemalar sanksiya roʻyxatiga kiritildi. Shu bilan birga, AQSh raqamli aktivlar, texnologiya, oltin, aviatsiya va dengiz tashuvlari kabi beshta muhim sektorda ikkilamchi sanksiyalar xavfini kengaytirdi. Vashington Eron mablagʻlarini legallashtirishda ishtirok etadigan moliyaviy tuzilmalarni dollar tizimidan chiqarish bilan ham tahdid qildi.

Bu juda muhim oʻzgarish. Gap faqat Eron kompaniyalarini jazolash haqida emas. AQSh boshqa davlatlar va kompaniyalarning Tehron bilan savdo qilishdan oʻz ixtiyori bilan voz kechishini taʼminlashga urinmoqda.

Buning asosiy quroli — ikkilamchi sanksiyalardir. AQSh dollar hisob-kitoblari, Amerika banklari, sugʻurta tizimi, Amerika bozori va xalqaro moliyaviy infratuzilma orqali xorijiy kompaniyalarga taʼsir oʻtkazish imkoniyatiga ega. Biroq bu mexanizm muhim bir shartga bogʻliq: boshqa davlatlar uchun Amerika moliyaviy tizimiga kirish Eron bilan iqtisodiy munosabatlardan koʻra qimmatroqqa tushishi kerak. Ayni shu oʻrinda Xitoy omili paydo boʻladi.

Xitoy Amerika strategiyasini qoʻllashga tayyor emas

Pekin Vashington talabini amalda rad etdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan 25 avgust kuni Xitoyning Eron bilan hamkorligi xalqaro huquq doirasida amalga oshirilishini va unga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligini bildirdi. U Pekin oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralarni koʻrishini ham taʼkidladi.

Yangi sanksiyalar eʼlon qilinishidan avval ham Pekin xalqaro huquq va BMT Xavfsizlik Kengashi mandatiga asoslanmagan bir tomonlama cheklovlarga qarshi ekanini bildirgan edi. Xitoy, shuningdek, Eron muammosini harbiy bosim va sanksiyalar orqali hal qilish gʻoyasini ham rad etdi.

Bu pozitsiyaning asosida iqtisodiy manfaatlar yotadi. Xitoy Eron neftining eng yirik xaridoridir. Joriy inqiroz boshlanishidan oldin Xitoyga Eron nefti eksporti kuniga taxminan 1,4 million barrelni tashkil etgan. Savdoning katta qismi vositachilar, kemachilik kompaniyalari va mustaqil neft zavodlaridan iborat murakkab zanjirlar orqali amalga oshiriladi.

Shu sababli Vashington oldida murakkab tanlov paydo boʻladi. Eronni haqiqatan ham ihotalab qoʻyish uchun AQSh Xitoyning neft va moliyaviy kanallariga jiddiy zarba berishi kerak. Ammo Pekinning yirik banklari, neft kompaniyalari va davlat korporatsiyalariga qarshi sanksiyalar kiritilsa, mojaro faqat AQSh va Eron oʻrtasidagi qarama-qarshilik boʻlib qolmaydi. U AQSh va Xitoy oʻrtasidagi yangi iqtisodiy frontga aylanadi.

Shu bois Vashington dastlab nisbatan ehtiyotkorona harakat qildi. Sanksiyalar roʻyxatiga Xitoy va Gonkongdagi transport hamda taʼminot zanjirlari bilan bogʻliq bir qator kompaniyalar kiritildi, ammo hozircha Xitoyning eng yirik banklari va neft moliyalashtirish institutlariga toʻgʻridan-toʻgʻri zarba berilmadi. Bu holat AQShning oʻzi ham «hech kim Amerika sanksiyalaridan tashqarida boʻla olmaydi» degan fikrga ishonchi kuchli emasligini koʻrsatadi.

Nega Xitoy qarshilik koʻrsatishi mumkin?

Pekinning Amerika talablariga boʻysunmasligi uchun bir nechta sabab bor.

Birinchidan, Eron Xitoy uchun muhim energiya manbaidir.

Ikkinchidan, Xitoy AQShga toʻliq bogʻliq boʻlmagan mustaqil savdo va moliyaviy kanallarni saqlab qolishdan manfaatdor.

Uchinchidan, Pekin Amerika ikkilamchi sanksiyalarini AQSh ichki qonunchiligini boshqa davlatlarga majburan tatbiq etishga urinish sifatida baholaydi.

Qolaversa, yanada kengroq strategik omil mavjud. Agar Xitoy Vashingtonning «qaysi davlat bilan savdo qilish mumkinligini AQSh belgilaydi» degan tamoyilini qabul qilsa, kelajakda xuddi shu mexanizm Xitoyning oʻziga qarshi qoʻllanilishi mumkin. Shuning uchun Xitoy Eron masalasida AQSh bilan ochiq qarama-qarshilikka kirishmasligi mumkin, ammo Tehron bilan hamkorlikdan butunlay voz kechishi ehtimoli past.

Eng ehtimoliy strategiya — cheklangan qarshilik. Xitoy kompaniyalari eng xavfli operatsiyalarni qisqartirishi, yirik davlat kompaniyalari Amerika sanksiyalari xavfidan uzoqlashishi, AQSh moliyaviy tizimiga kamroq bogʻliq subʼektlar esa Eron bilan savdoni davom ettirishi mumkin.

Shu tariqa, Pekin Amerika sanksiyalarini bekor qila olmasligi mumkin, ammo ularni toʻliq ishlamaydigan holatga keltirish imkoniyatiga ega.

Rossiya nima qilishi mumkin?

Rossiyaning pozitsiyasi yanada siyosiy tusga ega. Moskva Amerika bosimining Eronga nisbatan kuchayishidan manfaatdor emas. Chunki Tehron Rossiyaning Yaqin Sharqdagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Rossiyaning oʻzi ham keng koʻlamli Gʻarb sanksiyalariga duch kelgan va davlatlarning muqobil moliyaviy hamda savdo mexanizmlarini rivojlantirish imkoniyati saqlanishidan manfaatdor.

Shuning uchun Moskva Amerika sanksiya kampaniyasiga qoʻshilishga tayyorligini namoyish etmayapti. Tahlilchilar Rossiya va Eron oʻrtasidagi savdo hamda siyosiy aloqalar Tehron uchun Gʻarb cheklovlarining bir qismini aylanib oʻtishga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi mumkinligini taʼkidlashyapti.

Biroq Rossiya pozitsiyasi Xitoynikidan ancha farq qiladi. Xitoy AQSh bilan ulkan savdo aylanmasiga ega va shuning uchun har bir qadamini ehtiyotkorlik bilan hisoblashi kerak. Rossiya esa bir necha yillik Gʻarb sanksiyalaridan keyin muqobil hisob-kitob va savdo tizimlariga ancha koʻproq moslashgan.

Shu bois Moskva Amerika bosimi kuchaygan taqdirda ham Eron bilan munosabatlarni saqlashdan manfaatdor boʻlishi mumkin. Biroq bu Rossiya avtomatik ravishda Tehronning asosiy iqtisodiy qutqaruvchisiga aylanadi, degani emas. Rossiyaning ham oʻz cheklovlari bor: sanksiyalar, eksport daromadlarini saqlash zarurati, Gʻarb texnologiyalariga cheklangan kirish va ichki iqtisodiy hamda harbiy vazifalar.

Shuning uchun eng real ssenariy — Moskva Eron masalasida Vashington bilan toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuvga kirishmaydi, ammo oʻz manfaatlariga mos keladigan sohalarda Tehron bilan hamkorlikni davom ettiradi.

Nega MRB rahbari Moskvaga bordi?

Aynan shu sharoitda Jon Retkliffning Moskvaga tashrifi alohida ahamiyat kasb etadi.

Dastlab Kreml Amerika samolyotining kelishi maqsadidan xabarsiz ekanini va AQSh maʼmuriyati vakillari bilan rasmiy muzokaralar rejalashtirilmaganini bildirgan. Keyinchalik Moskva Retkliff Rossiya maxsus xizmatlari vakillari bilan uchrashganini tasdiqladi. Biroq Putin bilan uchrashuv boʻlmagan. Tashrif sababi rasman ochiqlanmagan. Shuning uchun uning aniq maqsadi haqidagi har qanday xulosa hozircha taxmin boʻlib qoladi.

Shunga qaramasdan, vaziyat konteksti bir nechta ehtimoliy yoʻnalishni koʻrsatadi.

Birinchisi — Ukraina va Rossiya hamda NATO oʻrtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirib yubormaslik.

Ikkinchisi — razvedka maʼlumotlari almashinuvi va xavfsizlik masalalari.

Uchinchisi — Rossiya-AQSh munosabatlari boʻyicha ehtimoliy muloqotlar.

Toʻrtinchisi — Eron.

Oxirgi variant ayniqsa diqqatga molik. Chunki mazkur tashrif Amerika sanksiyalar kampaniyasi boshlanganidan deyarli darhol keyin amalga oshirildi. Rossiya Tehronga taʼsir oʻtkazish imkoniyatiga ega. Moskva ayni vaqtda Vashington bilan ham aloqa kanallarini saqlab kelmoqda. Shuning uchun AQSh Rossiyani Eron bilan muloqot uchun potensial vositachilardan biri sifatida koʻrishi mumkin.

Biroq bu yerda ehtiyotkor munosabatda boʻlish zarur. Retkliff Moskvaga aynan Eron sanksiyalarini muhokama qilish uchun borgani haqida hech qanday tasdiqlangan maʼlumot yoʻq. Maʼlum boʻlgani — tashrif amalga oshgani va Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqalar oʻtkazilganidir. Shunga qaramay, tashrifning oʻziyoq muhim signal beradi: ochiq qarama-qarshilikka qaramasdan, Vashington Moskva bilan barcha muloqot kanallarini yopmagan.

Sanksiyalar ishlayapti — ammo Vashington istagan tarzda emas

Amerika sanksiyalari hech qanday taʼsir koʻrsatmayapti, deyish xato boʻladi. Ular Eron nefti eksportini, valyutani jalb qilish imkoniyatini, xalqaro toʻlovlarni, texnologiya va logistikaga kirishni jiddiy cheklamoqda.

Eron iqtisodiyoti ogʻir bosim ostida. Neft eksporti keskin kamaydi, milliy valyuta zaiflashdi, inflyatsiya bosimi kuchaydi, yoqilgʻi taqchilligi esa yanada sezilarli boʻldi. Reuters maʼlumotlariga koʻra, avgust oyida Eron nefti eksporti urushdan oldingi darajaga nisbatan taxminan 85 foizga kamaygan.

Demak, sanksiyalar davlatga ulkan iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin. Ammo iqtisodiy zarar va siyosiy taslim boʻlish — bir xil narsa emas. Bu soʻnggi oʻn yilliklardagi Eron tajribasining eng muhim saboqlaridan biridir. Sanksiyalar aholi turmush darajasini yomonlashtirishi, davlat daromadlarini qisqartirishi va sanoat rivojini qiyinlashtirishi mumkin. Ammo ular siyosiy rahbariyat raqibining talablariga rozi boʻlishini kafolatlamaydi. Aksincha, haddan tashqari bosim tashqi tahdid hissini kuchaytirib, jamiyatni «tashqi qarshilik» gʻoyasi atrofida birlashtirishi ham mumkin.

Eron oʻnlab yillar davomida sanksiyalar sharoitida yashab kelmoqda va moslashuv mexanizmlarini yaratgan: vositachi kompaniyalar, muqobil moliyaviy kanallar, «soya floti», barter, milliy valyutalarda hisob-kitob va uchinchi davlatlar orqali savdo.

Shuning uchun yangi Amerika kampaniyasi Eron iqtisodiyotini yanada zaiflashtirishi mumkin, ammo Tehronni Vashington shartlarini zudlik bilan qabul qilishga majbur qilishi shart emas.

AQShning asosiy muammosi — Eron emas, uning hamkorlari

Amerika strategiyasi muvaffaqiyatli boʻlishi uchun Vashington bir vaqtning oʻzida bir nechta yoʻnalishni nazorat qilishi kerak.

Eron nefti eksportini cheklash, moliyaviy kanallarni yopish, xalqaro banklarni Tehron bilan operatsiyalarni toʻxtatishga majburlash, Xitoyni Eron nefti importini qisqartirishga koʻndirish, Rossiya va boshqa hamkorlarning Tehron bilan munosabatlarini cheklash – shular jumlasidandir. Shu bilan birga, jahon neft narxining keskin oshib ketishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.

Oxirgi masala ayniqsa muhim. Hoʻrmuz boʻgʻozi jahon energetika tizimining eng muhim nuqtalaridan biri boʻlib qolmoqda. Uning faoliyatidagi har qanday jiddiy uzilish neft tashish va sugʻurta xarajatlarini oshiradi, dunyo iqtisodiyotida inflyatsiya bosimini kuchaytiradi.

Shu sababli Eron va Ummon oʻrtasida Hoʻrmuzda kemalar harakati rejimi boʻyicha muzokaralarda ilgarilash haqidagi xabarlar jahon neft narxining pasayishiga olib keldi. 25 avgust kuni Brent nefti narxi 2 foizdan koʻproq pasayib, barreli taxminan 86 dollarga tushdi.

Vashington uchun bu bir vaqtning oʻzida ham yaxshi, ham yomon xabar hisoblanadi. Masalaning yaxshi tomoni — keskinlikning pasayishi global energetika inqirozi xavfini kamaytiradi. Yomon tomoni — agar Eron neft eksportini tiklash va Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarini saqlash imkoniga ega boʻlsa, Amerika iqtisodiy blokadasining samarasi pasayadi.

Diplomatiya hamon zarur

Eng kuchli sanksiyalar fonida ham diplomatik kanallar yoʻqolmagani diqqatga sazovor.

Misr Tashqi ishlar vaziri Badr Abdulatti 25 avgust kuni Eron va AQSh oʻrtasidagi muzokaralar tang holatga kelganini va vaziyatni «na tinchlik, na urush» deb baholash mumkinligini bildirdi. Qohira Tehron bilan aloqalarni saqlab qolmoqda va u Eronning yadroviy dasturi, Amerika sanksiyalarining bekor qilinishi, Hoʻrmuz boʻgʻozining ochilishi hamda oʻt ochishni toʻxtatish masalalarini qamrab oladigan kelishuv tarafdoridir.

Bu muhim ishora. Agar iqtisodiy bosimning oʻzi siyosiy maqsadlarga erishishni kafolatlaganida, vositachilarga ehtiyoj ancha kam boʻlar edi. Ammo amalda sanksiyalar muzokaralarning oʻrnini bosmaydi. Ular koʻproq muzokaralar oldidan bosim vositasi vazifasini bajaradi.

Qaysi ssenariy ehtimoli yuqori?

Yaqin oylarda Eron iqtisodiyotining tezda qulashi yoki Tehronning darhol taslim boʻlishidan koʻra, uzoq davom etadigan iqtisodiy qarama-qarshilik ehtimoli yuqori.

AQSh ikkilamchi sanksiyalarni bosqichma-bosqich kengaytiradi va Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya hamda boshqa davlatlarning Eron bilan savdoni davom ettirishga qanchalik tayyorligini sinaydi.

Xitoy Vashington bilan toʻgʻridan-toʻgʻri qarama-qarshilikdan qochishga harakat qiladi, ammo Eron nefti va iqtisodiy aloqalaridan butunlay voz kechishi ehtimoli past.

Rossiya bir tomonlama Amerika cheklovlariga siyosiy jihatdan qarshi chiqishda va Tehron bilan hamkorlikni saqlashda davom etadi. Biroq bu qoʻllab-quvvatlash koʻlami Moskva oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Eron esa neft eksportining hech boʻlmaganda bir qismini saqlab qolishga, muqobil moliyaviy kanallardan foydalanishga va bir vaqtning oʻzida diplomatik yechim topishga harakat qiladi.

Shu tariqa, Amerika strategiyasi Eron iqtisodiyotining bosqichma-bosqich zaiflashishiga olib kelishi mumkin. Ammo Vashington eʼlon qilgan asosiy maqsad — Eronni toʻliq iqtisodiy izolyatsiya qilish — tezda amalga oshishi ehtimoli past.

Xulosa: sanksiyalar kuchli, ammo samarador boʻlmaydi

Yangi Amerika sanksiyalari haqiqatan ham jiddiy vosita. AQShning asosiy ustunligi — dollarning markaziy mavqei va jahon moliyaviy infratuzilmasiga ulkan taʼsiridir.

Biroq sanksiyalarning kuchi faqat Vashingtonga bogʻliq emas. Agar ularga ulkan iqtisodiy salohiyatga ega Xitoy qarshilik koʻrsatsa va Rossiya Amerika strategiyasiga qoʻshilmasa, mutlaq blokada yaratish ancha qiyinlashadi.

Bugungi vaziyatning asosiy paradoksi ham shunda. Amerika Eronni izolyatsiya qilishga urinmoqda. Biroq shu bilan birga, Vashington dunyo iqtisodiyotining sanksiyalar sharoitida mustaqil ishlashni oʻrganayotgan bir qismi bilan qarama-qarshilikka kirishish xavfiga duch kelmoqda.

Xitoy Eronni «qutqarishi» shart emas. Rossiya ham Tehronning iqtisodiy kafiliga aylanishga majbur emas. Ammo na Pekin, na Moskva Vashingtonning boshqa davlatlarning iqtisodiy munosabatlarini yakka oʻzi belgilash huquqiga ega boʻlishidan manfaatdor.

Shuning uchun endi Eron yana bir sanksiyalar paketiga dosh bera oladimi, degan masala emas, AQSh butun dunyoni oʻz cheklovlariga qancha vaqt davomida majburan amal qildirishi mumkin, degan masala ustuvor boʻladi.

Agar Xitoy va Rossiya Tehron bilan hech boʻlmaganda cheklangan iqtisodiy va moliyaviy kanallarni saqlab qolsa, Amerika sanksiyalari Eronga jiddiy zarar yetkazishda davom etadi, ammo ular mutlaq iqtisodiy blokadaga aylana olmaydi.

Jon Retkliffning Moskvaga kutilmagan tashrifi esa yana bir muhim jihatni koʻrsatdi: hatto qattiq sanksiyalar urushi davrida ham Vashington oʻz xulqini oʻzgartirishga majbur qilmoqchi boʻlgan davlatlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot kanallarini saqlab qolishga majbur.

Shu sababli qarama-qarshilikning keyingi bosqichi, ehtimol, faqat moliyaviy maydonda kechmaydi. U sanksiyalar, diplomatiya, muzokaralar, Xitoy va Rossiyaga bosim oʻtkazish hamda Hoʻrmuz orqali energetika oqimlari ustidan nazoratni tiklashga qaratilgan harakatlarning murakkab kombinatsiyasiga aylanadi.

Sanksiyalar Eronni zaiflashtirishi mumkin. Ammo ular Tehronni siyosiy kursini oʻzgartirishga majbur qila oladimi, yoʻqmi — bu masala nafaqat Amerika iqtisodiy qudratiga, balki Pekin va Moskvaning Vashington iqtisodiy bosimiga qanchalik qarshilik koʻrsatishiga ham bogʻliq.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid