platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev 7 milliy dastur haqida gapirdi

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat boʻladi. Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. 

Shavkat Mirziyoyev 7 milliy dastur haqida gapirdi

Prezident mustaqillik bayramidagi nutqida 7 milliy dastur haqida eʼlon qildi.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat boʻladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bogʻcha tashkil qilish boʻyicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan toʻliq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro taʼlim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga oʻqitishni yoʻlga qoʻyib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sogʻlom boʻlishi va uzoq umr koʻrishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bogʻliq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.

Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga oʻtiladi. Davlat tibbiy sugʻurtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga oʻtkazish.

Buning uchun kelgusi oʻn yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori oʻsish surʼatini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishda startap, venchur va sunʼiy intellektni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – oʻrta biznesga, oʻrta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yoʻlga qoʻyamiz. Bularning hisobiga kelgusi oʻn yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

Global iqlim oʻzgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb boʻlib bormoqda.

Shu bois, toʻrtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy oʻsish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini taʼminlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

"Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yoʻlga qoʻyamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish boʻyicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga koʻtaramiz.

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon boʻladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yoʻnaltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha yondashuv butkul oʻzgaradi. Tuman byudjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi", dedi Prezident.

Yettinchi milliy dastur – Oʻzbekistonning tinchlik va doʻstlik diyori, bagʻrikeng oʻlka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni taʼminlashga qaratilgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid