platina.uz
Siyosat

Prezidentning bayram tabrigidan oʻrin olgan asosiy fikrlar

​2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Bu vazifa shu yilning oʻzida ortigʻi bilan amalga oshirilib, daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirish uddalandi. 

Prezidentning bayram tabrigidan oʻrin olgan asosiy fikrlar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mustaqillik bayrami tabrigidan oʻrin olgan asosiy fikrlari eeʼlon qilindi.

Prezident tabrigidan asosiy fikrlar:

​Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod boʻlgan davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi;

​Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi;

​ Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga taʼzim bajo keltiramiz;

​Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz;

​Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon boʻlishni maqsad qildik;

​«Paxta qulligi», «majburiy mehnat va bolalar mehnati», «konvertatsiya cheklovi», «propiska» kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik;

​Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. Oʻzbekistonni dunyoga keng ochdik;

​2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning oʻzida ortigʻi bilan amalga oshiramiz va daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiramiz;

​Bugungi kunda kambagʻallik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi;

​Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari talabalarining yarmidan koʻpini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar — bilimli oila, bilimli avlod, maʼrifatli jamiyat deganidir;

​Taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz;

Mening niyatim: Oʻzbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilgʻor tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

Aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, goʻdaklar va onalar oʻlimi koʻrsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir;

​Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻymoqda. Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi;

​Kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz;

​Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat boʻladi;

​Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga oʻtamiz. Davlat tibbiy sugʻurtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi;

​ 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi;

​Toʻrtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga qaratiladi;

​ Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz;

​Mahalla jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiriladi;

​Oʻzbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun koʻp qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz;

​Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz;

​ Xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning oʻzi yoʻq;

​Matonatli, mard va olijanob xalqimiz oʻz oldiga qoʻygan ulugʻ maqsadlarga albatta yetadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid