platina.uz
Siyosat

Prezident Singapur katta vazirini qabul qildi

Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilgʻor tajribasini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. 

Prezident Singapur katta vazirini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni Singapur Respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbat avvalida Katta vazir Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnam va Bosh vaziri Lourens Vongning samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Singapur munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqot hamda barcha darajalardagi ikki tomonlama aloqalar faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmi va qoʻshma korxonalar soni jadal surʼatlarda oʻsib bormoqda. Singapurning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi.

Singapur ishbilarmonlarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari qoʻllab-quvvatlandi. Strategik va innovatsion sheriklik boʻyicha oʻrta muddatli qoʻshma dasturni ishlab chiqib, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yoʻnalishlarga ustuvorlik berishga kelishib olindi.

Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilgʻor tajribasini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Singapur oliy taʼlim muassasalarining mamlakatimizdagi faoliyati bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlanishi bildirildi.

Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qoʻshma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Yaqinda Oʻzbekiston BMTning Mediasiya toʻgʻrisidagi Singapur konvensiyasiga qoʻshilgani olqishlandi.

Xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid