Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlib qoladi — Prezident
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar faol ilgari suriladi.

– Oʻzbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun koʻp qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi.
Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar faol ilgari suriladi.
Yon qoʻshnimiz Afgʻoniston boʻyicha konstruktiv siyosat qatʼiy davom ettiriladi.
Prezidentimiz tantanada ishtirok etgan diplomatik korpus vakillari, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda AQSh, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarga samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari xalqimizga bir fikrni ishonch bilan aytmoqchi ekanini taʼkidladi.
– Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz! Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli bizga bir haqiqatni oʻrgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq,– dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning oʻzi yoʻqligi taʼkidlandi.
Yagona Vatan va yagona xalq boʻlib, yangi hayot hamda buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etishga daʼvat qilindi.
Prezidentimiz matonatli, mard va olijanob xalqimiz oʻz oldiga qoʻygan ulugʻ maqsadlarga albatta yetishiga ishonch bildirdi.
