AQShning Sietl shahri 1 sentabrni "Oʻzbekiston Mustaqilligi kuni" deb eʼlon qildi
Sietl meri tomonidan imzolangan rasmiy proklamatsiyada Oʻzbekistonning 35 yil davomida suverenitet, taraqqiyot va keng koʻlamli transformatsiya yoʻlini bosib oʻtgani alohida taʼkidlangan.

AQShning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri — Sietl shahri meri Keti B. Uilson (Katie B. Wilson) 2026 yil 1 sentabrni shaharda rasman "Oʻzbekiston Mustaqilligi kuni" (Uzbekistan Independence Day) deb eʼlon qildi.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilindi.
Sietl meri tomonidan imzolangan rasmiy proklamatsiyada Oʻzbekistonning 35 yil davomida suverenitet, taraqqiyot va keng koʻlamli transformatsiya yoʻlini bosib oʻtgani alohida taʼkidlangan.
Hujjatda, shuningdek, Oʻzbekistonning Sietlda Bosh konsulxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻygani qayd etilib, buning natijasida Sietl Oʻzbekistonning bevosita diplomatik vakolatxonasi mavjud boʻlgan AQShning sanoqli shaharlaridan biriga aylangani eʼtirof etilgan.
Proklamatsiyada Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning eng koʻp aholiga ega davlati va mintaqaning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri ekani, mamlakat ochiq bozorlar va xalqaro sheriklikni kengaytirishga intilayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, Oʻzbekistonning qadimiy Ipak yoʻli markazida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq isteʼmolchiga ega mintaqaga chiqish imkonini beruvchi strategik darvoza sifatidagi oʻrni taʼkidlangan. Sietlning dunyoga mashhur biznes hamjamiyati bilan savdo, investitsiya, logistika, texnologiyalar va energetika sohalarida katta hamkorlik imkoniyatlari mavjudligi alohida koʻrsatib oʻtilgan.
Sietl meri Oʻzbekiston Bosh konsulxonasining faoliyati ikki tomon oʻrtasida uzoq muddatli insonlararo, biznes va hukumatlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etgan.

Oʻzbekistonning Sietldagi bosh konsuli Ahror Burxanov ushbu qarorni ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va tobora kengayib borayotgan sheriklikning muhim ramzi sifatida baholadi:
«Sietl shahrining Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga koʻrsatayotgan bunday yuksak eʼtibori biz uchun katta sharaf. Bu qaror nafaqat bayramimizga hurmat, balki Oʻzbekiston va AQShning Tinch okeani shimoli-gʻarbiy mintaqasi oʻrtasida shakllanayotgan yangi va istiqbolli munosabatlarning yaqqol ifodasidir. Sietlda Bosh konsulxonaning ochilishi bilan biz bu doʻstlikni aniq iqtisodiy, texnologik, taʼlimiy va madaniy loyihalarga aylantirishni maqsad qilganmiz».
Joriy yilning 4 sentabr kuni Sietlda Oʻzbekiston Respublikasining AQSh Gʻarbiy sohilidagi birinchi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Tadbir Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlanib, unda Vashington shtati va Sietl shahri rahbariyati, diplomatik korpus, yetakchi AQSh kompaniyalari, akademik doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Sietl shahrining mazkur tarixiy qarori Oʻzbekiston–AQSh munosabatlarining hududlararo darajada yangi bosqichga koʻtarilayotganini hamda mamlakatimizning AQSh Gʻarbiy sohilidagi siyosiy, iqtisodiy va jamoatchilik aloqalari izchil kengayib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Eslatib oʻtamiz, Sietl AQShning Tinch okeani shimoli-gʻarbiy mintaqasidagi eng yirik iqtisodiy, texnologik va savdo markazlaridan biri. Katta Sietl mintaqasi 4,1 milliondan ziyod aholiga ega boʻlib, iqtisodiyoti 2025 yilda qariyb 607 mlrd AQSh dollari hajmida yalpi hududiy mahsulot yaratgan. Bu Vashington shtati iqtisodiyotining asosiy qismini tashkil etadi.
Sietl va uning atrofidagi shaharlarda dunyoning eng yirik kompaniyalaridan Amazon va Starbucks bosh qarorgohlari Sietlda, Microsoft, Costco Wholesale, T-Mobile va PACCAR joylashgan. Shuningdek, mintaqada Boeing, Google, Meta, Expedia Group va Alaska Airlines kabi global kompaniyalar katta faoliyat yuritadi. Katta Sietldagi yetakchi ochiq aksiyadorlik kompaniyalarining jami daromadi 1,5 trln dollardan oshgan.
