platina.uz
Siyosat

“Vatanning obroʻsi — bizning obroʻyimiz”: Amerikadagi 500 vatandoshdan Prezidentga maktub keldi

Maktubda Oʻzbekiston va AQSh munosabatlarining yangi bosqichga koʻtarilayotgani vatandoshlarda katta umid uygʻotayotgani taʼkidlangan. Ular Prezident Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp bilan boʻlajak bevosita va ishonchli muloqoti, oliy darajadagi uchrashuvlar Oʻzbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirildi. 

“Vatanning obroʻsi — bizning obroʻyimiz”: Amerikadagi 500 vatandoshdan Prezidentga maktub keldi

AQSh va Kanadada yashayotgan 500 nafar oʻzbekistonlik Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yoʻlladi.

Murojaatda Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalayotganini alohida eʼtirof etildi.

Murojaatda soʻnggi yillarda davlatning ochiqligi, xorijdagi vatandoshlar bilan munosabat mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani, ular bilan muloqot qilish, fikrini eshitish va Vatan bilan aloqalarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilayotgani qayd etilgan.

Ayniqsa, Oʻzbekiston va AQSh munosabatlarining yangi bosqichga koʻtarilayotgani vatandoshlarda katta umid uygʻotayotgani taʼkidlangan. Ular Prezident Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp bilan boʻlajak bevosita va ishonchli muloqoti, oliy darajadagi uchrashuvlar, shuningdek, AQSh hukumati, Kongressi va ishbilarmon doiralari bilan kengayib borayotgan hamkorlik Oʻzbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirgan.

“Siz olib borayotgan siyosat bizga nafaqat yangi imkoniyatlar yaratmoqda, balki zimmamizga katta masʼuliyat ham yuklamoqda. Biz xorijda yashayotgan vatandoshlar Oʻzbekistonning munosib vakillari boʻlishimiz, Vatanimizning haqiqiy qiyofasini keng jamoatchilikka yetkazishimiz kerak”, — deyiladi murojaatda.

Vatandoshlar amerikalik tadbirkor va investorlarni Oʻzbekistonga jalb qilish, yangi texnologiyalar, bilim va tajribalarni Vatanga olib borish, taʼlimiy va madaniy aloqalarni kuchaytirishga hissa qoʻshishga tayyor ekanini bildirgan.

Murojaatda yana bir muhim fikr alohida urgʻulangan:

“Vatanning obroʻsi — bizning obroʻyimiz. Oʻzbekistonning yutugʻi — bizning yutugʻimiz. Oʻzbekiston bayrogʻining dunyo maydonida baland koʻtarilishi — har bir vatandoshimiz uchun faxr va iftixordir”.

Maktub yakunida vatandoshlar Prezident Shavkat Mirziyoyevni va Oʻzbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, mamlakat tinchligi, xalq farovonligi va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlidagi islohotlarga muvaffaqiyat tilagan.

Murojaat “Vatan Global Alliance” jamiyati raisi Ozod Soliyev, Oʻzbekiston xalq artistlari Erkin Malakov va Muhabbat Shamayeva, Vatan Filadelfiya jamiyati raisi Saidullo Ahmedov, Vatan Nyu-York jamiyati raisi Baxtiyor Qodirov hamda Amerikada yashayotgan 500 nafar vatandosh nomidan yoʻllangan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid