Shavkat Mirziyoyev Xitoy, Nepal va Pokiston yetakchilariga hamdardlik bildirdi
Tibet avtonom rayonidagi Shigadze shahar okrugi va Nepaldagi keng koʻlamli koʻchki va toshqin oqibatida koʻplab insonlar halok boʻldi.

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinga hamdardlik bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Tibet avtonom rayonidagi Shigadze shahar okrugida yuz bergan keng koʻlamli koʻchki va toshqin oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani, jarohatlangani hamda katta iqtisodiy talafot koʻrilgani munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga hamdardlik yoʻlladi.
Davlat rahbari vafot etganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga sabr-toqat, jarohat olganlar tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi.
Shavkat Mirziyoyev Nepalning Tibet bilan chegarasida yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani, jarohat olgani hamda katta talafot koʻrilgani munosabati bilan Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudelga hamdardlik yoʻlladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahridagi tibbiyot muassasasida yuz bergan kuchli yongʻin oqibatida koʻplab bolalar halok boʻlgani va jarohat olgani munosabati bilan Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Bosh vaziri Shahboz Sharifga hamdardlik yoʻlladi.
Davlatimiz rahbari halok boʻlgan bolalarning oila aʼzolari va yaqinlariga sabr-toqat, jarohat olganlarning tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi.
Eslatib oʻtamiz, Nepal va Xitoyda yuz bergan toshqinda 160 nafardan ortiq kishi halok boʻldi.
