Toshkent viloyatida kredit pullarini oʻzlashtirgan hokim yordamchisi ushlandi
U 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, imtiyozli kredit olishga erishgan.

Fuqarolarning kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan hokim yordamchisi aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quyichirchiq tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi. Unda “Oydinobod” MFY hokim yordamchisi Sh.G. 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ushbu fuqarolar “Oydinobod” MFY hududida yashamasa-da, kredit ajratilishi uchun bankka taqdim qilgan tavsiyanomasida mazkur MFY hududida yashovchilar sifatida koʻrsatib, 130,2 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratgan.
Biroq ushbu mablagʻlarni oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
