Prezident ishtirokida davlat mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtmoqda
Soʻnggi oʻn yilda xalq bilan hamjihat boʻlib amalga oshirilayotgan ishlar natijasida iqtisodiyot tez surʼatlarda barqaror oʻsib borayotgani qayd etildi. Oʻtgan davrda mamlakatga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirdi. Iqtisodiyot 2,5 barobardan ziyod koʻpaydi. Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutiladi. Sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xoʻjaligi sohalarida 5 million 700 ming doimiy ish oʻrni yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirda davlat rahbari yigʻilganlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
– 35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar oʻzining koʻlami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr boʻldi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi,– dedi Prezident.
Ushbu oʻzgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va oliyjanob xalqimiz ekani taʼkidlandi.
Davlat rahbari mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-roʻz yaratuvchi fermer va dehqonlar, farzandlarga taʼlim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar mehnatida namoyon boʻlishini qayd etdi.
Shuningdek, ilm-fan taraqqiyotiga yangi gʻoya va kashfiyotlar olib kirayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi hamda arxitektorlarning hissasiga alohida toʻxtaldi. Prezidentimiz mustaqillikning kuch-qudrati madaniyat, sanʼat va sportni rivojlantirish yoʻlida xizmat qilayotgan insonlarning mahoratida, islohotlar ijrosini har bir mahalla va har bir xonadonga yetkazayotgan davlat xizmatchilarining mehnatida ham namoyon boʻlishini taʼkidladi.
Joylarda odamlarni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, xalq osoyishtaligi hamda Vatan tinchligini taʼminlayotgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining jasorati alohida qayd etildi.
– Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonning eng katta natijasi, bu oʻzgargan inson, oʻz kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir!– dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Fidoyi va bunyodkor vatandoshlarimiz, mustaqillikning eng katta kuchi va tayanchi boʻlgan butun xalqimizga chuqur minnatdorchilik bildirildi.
Prezidentimiz inson qadri ulugʻlangan, adolat va taraqqiyotga tayangan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidan xalq bilan birgalikda dadil borilayotganini taʼkidladi.
Soʻnggi oʻn yilda xalq bilan hamjihat boʻlib amalga oshirilayotgan ishlar natijasida iqtisodiyot tez surʼatlarda barqaror oʻsib borayotgani qayd etildi.
Oʻtgan davrda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirdi. Iqtisodiyotimiz 2,5 barobardan ziyod koʻpaydi. Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xoʻjaligi sohalarida 5 million 700 ming doimiy ish oʻrni yaratildi. Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 200 ming oʻrinli zamonaviy maktab, 342 ming oʻrinli bogʻcha va 62 ming oʻrinli shifoxonalar ishga tushirildi.
Odamlarning uzogʻini yaqin qilish uchun 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yoʻllar qurildi va taʼmirlandi. Hududlarda 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi kirib bordi, yana 11,5 million aholining suv taʼminoti yaxshilandi.
Oʻtgan oʻn yilda 650 ming oila yangi zamonaviy uy-joyga ega boʻldi. Xalqimizda «Uyli boʻlish – vatanli boʻlish» degan naql bor. Shu maʼnoda, kamida 2,5 million aholi vatanli boʻldi!
Prezidentimiz bugun Yangi Oʻzbekistonning ovozi eng nufuzli minbarlarda ham baland yangrayotganini, davlatning xalqchil, tinchlikparvar siyosati dunyoda eʼtirof etilayotganini taʼkidladi.
– Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha oʻzgarishlar koʻp millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda,– dedi davlat rahbari.
Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, oʻz mehnatining munosib eʼtirofini koʻrish har bir inson uchun katta baxt ekani taʼkidlandi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuygʻusi bilan yashab, sidqidilondan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Prezidentimiz har bir mukofotlanganning mashaqqatli mehnat yoʻli, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qoʻshayotgan munosib hissasini yaxshi bilishini taʼkidladi.
Mukofotlanganlar orasida butun umrini bunyodkorlikka bagʻishlagan xorazmlik otaxon Rustam Sultonov ham bor. U kishi tabarruk yoshda boʻlsalar-da, viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilishda yoshlarga chinakam ibrat boʻlib kelmoqda.
