Oʻzbekistonda suv sohasiga xarajatlar davlat byudjetining 4,2 foiziga yetadi
Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Timur Butunbayev Shvetsiyadagi xalqaro haftalikda maʼruza qildi. Maʼruzada Oʻzbekistonda suv sohasiga zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha strategik rejalashtirish hamda barqaror moliyalashtirishga asoslangan boshqaruv tizimi haqida maʼlumot berildi.

Shvetsiyada oʻtayotgan Butunjahon suv haftaligi — World Water Week 2026 doirasida Oʻzbekistonning suv xavfsizligini taʼminlash, sohaga investitsiyalar jalb etish va barqaror moliyalashtirish boʻyicha tajribasi xalqaro maydonda taqdim etildi.
«Suv barqarorligi va farovonligini moliyalashtirish: BMTning 2026 yilgi Suv konferensiyasi arafasida majburiyatlarni amaliy ijro va barqaror natijalarga aylantirish» mavzusidagi yuqori darajali sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Timur Butunbayev maʼruza qildi.
U Oʻzbekistonda suv sohasiga zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha strategik rejalashtirish hamda barqaror moliyalashtirishga asoslangan boshqaruv tizimi haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan qayta tiklanuvchi suv resurslari jahon boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichning qariyb yarmini tashkil etadi. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, baholangan mamlakatlar suv sektorining barcha yoʻnalishlariga davlat byudjetlarining oʻrtacha atigi 0,5 foizini ajratadi.
Oʻzbekistonda esa Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida suv masalasi davlat byudjetida ham oʻz aksini topgan strategik ustuvor yoʻnalishga aylandi. 2026 yil yakuniga qadar suv sohasiga yoʻnaltiriladigan xarajatlar davlat byudjetining 4,2 foiziga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2017–2025 yillarda suv xoʻjaligiga ajratiladigan yillik mablagʻlar qariyb toʻrt barobar, ichimlik suvi taʼminotiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar esa oʻn barobar oshgan.
Timur Butunbayev ixtisoslashtirilgan vazirlikning tashkil etilishi, Suv kodeksining qabul qilinishi va 2030 yilgacha moʻljallangan strategiyaning amalga oshirilishi mamlakatda suv resurslarini boshqarishning yaxlit tizimini shakllantirganini taʼkidladi.
Sessiyada Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari ham taqdim etildi. Jumladan, Jahon banki bilan hamkorlikda Water Forward global tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Milliy suv pakti haqida maʼlumot berildi.
Mazkur hujjat 2030 yilga qadar suv xavfsizligini taʼminlash, sohaga investitsiyalarni kengaytirish hamda belgilangan majburiyatlarni aniq va barqaror natijalarga aylantirishga qaratilgan.
Sessiya ishtirokchilari samarali boshqaruv va barqaror moliyalashtirishning uygʻunligi suv sohasida amaliy natijalarga erishish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari sari taraqqiyotni jadallashtirishning muhim sharti ekanini qayd etdi.
