Jizzaxda xufiyona yashirilgan salkam 14 kg "opiy" aniqlandi
Ularni sotish va tarqatish orqali pul ishlashni koʻzlagan 3 nafar shaxs ham qoʻlga olindi.

Qarib 14 kg “opiy”ga olib boruvchi yoʻl fosh etildi.
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Unda, oldindan tezkor kuzatuvga olingan Toshkent shahrida yashovchi, 1985 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning Sirdaryo tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. U yerda 1983 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi va Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1962 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan yana bir fuqaro borligi maʼlum boʻldi.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, mazkur 3 nafar shaxs muqaddam qoʻshni Tojikiston Respublikasidagi narkokurerlar tomonidan Jizzax viloyatining Yangiobod tumani hududidagi xufiya joyga yashirilgan narkotik moddalarni olib, ularni sotish va tarqatish orqali katta miqdordagi moddiy boylik orttirish boʻyicha oʻzaro jinoiy til biriktirganliklari aniqlandi.
Natijada, tezkor tadbir davom ettirilib, xufiyona joydan umumiy ogʻirligi 13 kg 653 gr “opiy” moddasi olinib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
