Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Buxoro tarixiy obidalarini ziyorat qildilar
Tashrif davomida xalq hunarmandchiligi namunalari hamda tarixiy obidalarga tushirilgan badiiy bezaklarning xususiyatlari ham namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida Buxoroning jahonga mashhur tarixiy obidalari – Somoniylar maqbarasi, Ark qoʻrgʻoni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari, Koʻkaldosh madrasasini ziyorat qildilar.
Oliy martabali mehmonlarga ushbu noyob obidalarning tarixi, meʼmoriy xususiyatlari hamda Sharqda ilm-fan, madaniyat va shaharsozlik rivojidagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tashrif Ismoil Somoniy tomonidan barpo etilgan Somoniylar maqbarasidan boshlandi. Ushbu obida 1993 yilda YuNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Shundan soʻng yetakchilar koʻp asrlar davomida Buxoroning siyosiy va maʼmuriy markazi boʻlib kelgan qadimiy Ark qalʼasiga tashrif buyurdilar. Arxeologik va tarixiy maʼlumotlarga koʻra, qalʼa uzoq davr mobaynida shakllanib kelgan va yaqin oʻtmishdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi vazifasini bajargan. Bugungi kunda Ark shaharning eng mashhur obidalaridan biri va Buxoro tarixiy markazining muhim qismi hisoblanadi.
.jpg)
Poyi Kalon majmuasi – Markaziy Osiyoning eng salobatli meʼmoriy majmualaridan biri. 1127 yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng eʼtiborli inshooti boʻlib, asrlar davomida nafaqat Buxoro meʼmorchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qogʻozi” boʻlib xizmat qilib kelmoqda.
Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda Shayboniylar davridagi tarixiy Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.
Oliy martabali mehmonlarda Labi Hovuz majmuasi ham katta taassurot qoldirdi. U qadimiy hovuz atrofida qurilgan va eski Buxorodagi eng mashhur jamoat maskanlaridan biri hisoblanadi.

Bu yerda Koʻkaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi joylashgan. Shaharning ushbu goʻshasi asrlar davomida aholi, sayyohlar va ilm ahlini oʻziga jalb qiluvchi maskan boʻlib kelgan hamda oʻrta asrlardagi Buxoroning betakror muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.
Tashrif davomida xalq hunarmandchiligi namunalari hamda tarixiy obidalarga tushirilgan badiiy bezaklarning xususiyatlari ham namoyish etildi.
Ozarbayjonlik mehmonlarga Buxoroning Buyuk Ipak yoʻlidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, taʼlim va savdo markazlaridan biri sifatidagi koʻp asrlik tarixi haqida soʻzlab berildi.
