Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston prezidentiga maktub yoʻlladi
Prezident Qozogʻistonning yangilangan parlamenti – Qurultoyga saylovlar xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevga maktub yoʻlladi.
Prezident Qozogʻistonning yangilangan parlamenti – Qurultoyga saylovlar xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy voqea Qozogʻiston siyosiy tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va parlament rolini sezilarli darajada kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berganini taʼkidladi.
Saylovlarda fuqarolarning faol ishtiroki Qosim-Joʻmart Toʻqayev rahbarligida amalga oshirilayotgan, Qozogʻistonning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, uning xalqaro maydondagi nufuzi va taʼsirini yanada oshirishga qaratilgan keng koʻlamli konstitutsiyaviy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar xalq tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganining yorqin tasdigʻi ekani qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimizda koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bilan bogʻlangan qardosh qozoq xalqi zaminida bugun amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlarning yuksak natijalaridan samimiy mamnun ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston parlamentlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik ikki doʻst mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ruhida yangi sifat bosqichiga koʻtarilishiga ishonch bildirildi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qosim-Joʻmart Toʻqayevga mustahkam sogʻliq, farovonlik va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qozogʻiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
