Ozarbayjon prezidentiga Yangi Toshkent loyihasi taqdimot qilindi
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ochish marosimida ham ishtirok etdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdilar.
Bu yerda Ozarbayjon yetakchisiga Yangi Toshkent bosh rejasi, qurilish ishlarining borishi, shaharning transport va muhandislik infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida taqdimot qilindi.
Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 million aholi yashashi uchun moʻljallangan. 2034 yilga qadar bu yerda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning 6 ming gektarni qamrab olgan birinchi bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes obʼektlari, taʼlim va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti, Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy taʼlim muassasalarining kampuslari qurilmoqda.
Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostida joylashtirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Transport infratuzilmasi ham yangi shaharning muhim tarkibiy qismi boʻladi. Yangi koʻpriklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yoʻlaklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan uzviy bogʻlaydi.
Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis hamda biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb qilinmoqda.
Prezident Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik obʼektlar haqida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ochish marosimida ishtirok etdilar.
Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdilar.
Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, taʼlim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida maʼlumot berildi.

40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga moʻljallangan oʻquv binolari hamda 5 ming oʻrinli talabalar turar joylarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Birinchi bosqich doirasida 12 ming oʻrinli besh qavatli oʻquv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.
Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan oʻquv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bagʻishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.
Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy maʼnaviy merosi, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.
Yetakchilar taʼlim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy maʼnaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bogʻini barpo etish ishlarini boshlab berdilar.

Bogʻ uchun Yangi Toshkentda 4 gektar maydon ajratilgan. Bu yerda Ozarbayjonning boy madaniyati, koʻp asrlik tarixi va milliy anʼanalarini aks ettiradigan zamonaviy jamoat makoni tashkil etiladi. U ikki qardosh xalqning madaniy yaqinligi va doʻstligini namoyon etadigan maskanga aylanadi.
Taʼkidlash joizki, bunday ezgu tashabbus ikki tomonlama xususiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahrining “Oq shahar” hududida “Oʻzbekiston” bogʻiga tantanali ravishda tamal toshi qoʻyilgan edi.
4,5 gektar maydonda tashkil etiladigan ushbu majmuada Oʻzbekistonning boy madaniyati va anʼanalari, milliy meʼmorchilik maktabi oʻziga xos tarzda namoyon etiladi. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalarining meʼmoriy timsollari, yashil hududlar va sayr maskanlarini barpo etish koʻzda tutilgan.
Shu tariqa Toshkentdagi “Ozarbayjon” va Bokudagi “Oʻzbekiston” bogʻlari ikki xalqning koʻp asrlik doʻstligi, oʻzaro hurmati va maʼnaviy yaqinligining yana bir yorqin ramzi boʻladi.

Davlat rahbarlari boʻlajak bogʻ hududida ramziy kapsulani joylashtirib, loyihani amalga oshirishga start berdilar.
