Sardor Mirzaraimov Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi boʻldi
U tayinlovga qadar IIV Tezkor-qidiruv departamenti boshligʻi oʻrinbosari - jinoyat qidiruv xizmati boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.

Sirdaryo viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sirdaryo viloyati hokimligida Prezident Administratsiyasi va Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Unda Prezident Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamenti rahbari jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalarga toʻxtaldi.
Yigʻilishda polkovnik Mirzaraimov Sardor Taxirovich Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlangani maʼlum qilinib, yangi rahbar jamoatchilikka tanishtirildi.
Sardor Mirzaraimov ichki ishlar organlarida tergov, tezkor-qidiruv va rahbarlik yoʻnalishlarida koʻp yillik tajribaga ega. U tayinlovga qadar IIV Tezkor-qidiruv departamenti boshligʻi oʻrinbosari - jinoyat qidiruv xizmati boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
Avvalroq polkovnik Timur Ismailov ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi lavozimiga tayinlangandi.
