platina.uz
Siyosat

"Davlatlararo munosabatlar misli koʻrilmagan bosqichga koʻtarildi": Ilhom Aliyev Oʻzbekiston tashrif arafasida katta intervyu berdi

Ozarbayjon rahbari 2023 yil avgust oyida tashkil etilgan Oliy davlatlararo kengash strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirishning muhim mexanizmiga aylanganini qayd etdi. Iqtisodiyotda tovar ayirboshlash hajmi ham avvalgi yilga nisbatan 3 barobardan ziyod koʻpayib, 795 million AQSh dollarini tashkil etdi.

"Davlatlararo munosabatlar misli koʻrilmagan bosqichga koʻtarildi": Ilhom Aliyev Oʻzbekiston tashrif arafasida katta intervyu berdi

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida katta intervyu berdi.

– Hurmatli Prezident janoblari, soʻnggi yillarda Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlari jadal rivojlanib, eng yuksak bosqich – ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekistonga yaqin vaqtda kutilayotgan davlat tashrifingiz arafasida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Ikki qardosh mamlakat – Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar mushtarak tarix, madaniyat, til va maʼnaviy qadriyatlar, shuningdek, xalqlarimizning asrlar osha, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan birdamligi, hamjihatligi va chuqur oʻzaro mehr-oqibatiga tayanadi. Ana shu mustahkam poydevor asosida qurilgan davlatlararo munosabatlar soʻnggi yillarda misli koʻrilmagan rivojlanish bosqichiga kirib, eng yuksak pogʻona – ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi va mutlaqo yangi mazmun kasb etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, mening aziz birodarim, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan oʻrtamizdagi samimiy doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonch Ozarbayjon – Oʻzbekiston qardoshligini mustahkamlash, davlatlararo aloqalarni bugungi darajaga olib chiqish va ittifoqchiligimizni rivojlantirishda alohida oʻrin tutadi. Prezident Mirziyoyevning mamlakatlarimiz qardoshligi, birligi va ittifoqchiligi yoʻlidagi tinimsiz va qatʼiyatli faoliyati Ozarbayjonda unga nisbatan chuqur hurmat va mehr uygʻotgan.

Aytib oʻtganimdek, davlatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy muloqot juda yuqori darajada. Shubhasiz, oliy darajadagi muntazam oʻzaro tashriflar – soʻnggi besh yilda ularning soni 15 tani tashkil etdi – va yaqin muloqotlarimiz ushbu aloqalarni jadal rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Oxirgi besh yilda bu mening qardosh mamlakatga uchinchi davlat tashrifim va umuman olganda yettinchi tashrifimdir. Goʻzal va betakror Oʻzbekistonga har bir tashrifim men uchun alohida ahamiyatga ega boʻlib, doimo katta mamnuniyat bagʻishlaydi. Anʼanaga koʻra, bu tashriflar yuksak mehmondoʻstlik, qardoshlik, samimiyat va oʻzaro anglashuv muhitida oʻtadi. Qardosh Oʻzbekistonga har safar kelganimda, ayniqsa soʻnggi yillarda mamlakatning barcha sohalarda jadal rivojlanayotganini koʻrib, quvonaman. Zamonaviy shaharlar barpo etilishi, iqtisodiyotning diversifikatsiya qilinishi, yirik infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalariga qaratilayotgan eʼtibor mamlakatning yuksak oʻsish surʼatlarini yaqqol namoyon etmoqda.

Oʻzbekiston yetakchisi, mening aziz birodarim, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning dono rahbarligi ostida mamlakatni har tomonlama rivojlantirish va ravnaq toptirish yoʻlida izchil amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi tobora yuksalayotgani va barcha asosiy tarmoqlarda erishilayotgan salmoqli yutuqlar samimiy hurmat va chuqur mamnuniyat uygʻotadi. Bularning barchasi Prezidentning puxta oʻylangan siyosati, strategik qarashlari, Vatanga muhabbati va samarali davlat boshqaruvining natijasidir.

2024 yil avgust oyida mening Oʻzbekistonga davlat tashrifim, 2025 yil iyul oyida esa Oʻzbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi boʻlib oʻtdi. Ikki tomonlama tashriflar doirasida imzolangan koʻplab hujjatlar, xususan, Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash toʻgʻrisidagi deklaratsiya va Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma ikki mustaqil, kuchli va suveren davlatimiz oʻrtasidagi tabiiy ittifoqchilikni rasman mustahkamladi. Ular mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning huquqiy va siyosiy asoslarini yanada kuchaytirib, kelgusidagi hamkorligimizni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Shu bilan birga, 2023 yil avgust oyida tashkil etilgan Oliy davlatlararo kengash Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirishning muhim institutsional mexanizmiga aylandi. Mazkur platforma davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, yangi tashabbuslarni ilgari surish va turli sohalardagi hamkorlikni samarali muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda. Kengashning Toshkent va Bokuda oʻtkazilgan ikki yigʻilishi Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlarining yuksak surʼatlarda rivojlanayotgani, siyosiy muloqotning izchilligi va davlatlarimizning istiqbolga moʻljallangan qoʻshma faoliyatga qatʼiy intilishini koʻrsatmoqda.

Bugun siyosiy munosabatlarimiz iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat, transport, logistika, energetika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, ilm-fan, madaniyat va gumanitar sohalardagi keng koʻlamli amaliy hamkorlik bilan yanada boyimoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyatini birlashtirish bilan birga, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlamoqda.

Ishonchim komilki, boʻlajak tashrif ham mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish va ittifoqchilik munosabatlarimizni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlarining muhim yoʻnalishlaridan biri savdo-iqtisodiy hamkorlikdir. Bu sohada erishilgan yutuqlar haqida nima deya olasiz?

– Savdo-iqtisodiy hamkorligimiz soʻnggi yillarda jadal rivojlanmoqda. 2025 yilda Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi avvalgi yilga nisbatan 3 barobardan ziyod koʻpayib, 795 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu juda yaxshi koʻrsatkich. Shuningdek, 2026 yil yanvar – may oylarida tovar ayirboshlash oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga oʻsib, 144 million AQSh dollariga yetdi.

Uch yil avval umumiy kapitali 500 million AQSh dollari boʻlgan Ozarbayjon – Oʻzbekiston investitsiya kompaniyasining tashkil etilishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma yaratdi. Kompaniya Ozarbayjon va Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlaridagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Bundan tashqari, Hukumatlararo komissiya iqtisodiy, savdo, investitsiya va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Bugunga qadar komissiyaning 15 ta yigʻilishi oʻtkazildi. Yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishda Ozarbayjon – Oʻzbekiston savdo-iqtisodiy hamkorligining bugungi holati, erishilgan natijalar va kelgusidagi rivojlanish yoʻnalishlari atroflicha muhokama qilindi.

Energetika sohasidagi hamkorligimiz ham faol rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning «O‘ZLITINEFTGAZ» va «SOCAR»ning «NIPI Neftegaz» institutlari negizida tashkil etilgan «Neftgaztexnologiya» qoʻshma korxonasi 2016 yildan buyon neft-gaz sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2024 yilda «SOCAR» va «Oʻzbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan «Turan Energy APESCO» qoʻshma korxonasi «Azerikimya» ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlangan yuqori bosimli polietilenni Oʻzbekistonga eksport qilmoqda.

«Yashil» energetika sohasidagi hamkorligimiz ham davom etmoqda. 2025 yilda Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning tegishli energetika idoralari tomonidan Bokuda «Yaşıl Dəhliz Birliyi» masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsis etildi. Mazkur qoʻshma korxona Ozarbayjon – Markaziy Osiyo «yashil» energiya yoʻlagi loyihasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, qayta tiklanuvchi energiyani eksport qilish va uni Kaspiy dengizi tubi orqali uzatish imkoniyatlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi tranzit tashuvlari hajmi ham oʻsmoqda. 2025 yilda bu koʻrsatkich 6,7 foizga oshib, 1,4 million tonnani tashkil etdi. Joriy yilning yanvar – iyun oylarida esa 12,2 foizlik oʻsish qayd etilib, tashuvlar hajmi 675 ming tonnaga yetdi.

Oʻzbekiston tomoni bilan amalga oshirilayotgan qator qoʻshma loyihalar iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatlarimiz uchun yangi rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga muhim hissa qoʻshmoqda. Bu borada ozod etilgan Fuzuliy tumanida 100 gektar maydonda «Doʻstlik bogʻi» nomli anorzor barpo etilishi, shuningdek, Chevrolet avtomobillari va Isuzu avtobuslarini ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni alohida qayd etish mumkin. Maʼlumot uchun aytib oʻtsam, 2026 yil 13 iyul holatiga koʻra, jami 10 720 ta Chevrolet avtomobili va 275 ta Isuzu avtobusi ishlab chiqarilgan.

Ayni paytda mamlakatimizda Oʻzbekiston investitsiyalari ishtirokidagi 130 dan ziyod tijorat tashkiloti roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ular sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport va xizmat koʻrsatish kabi iqtisodiyotning turli yoʻnalishlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekiston kompaniyalarining Ozarbayjondagi faoliyati mamlakatlarimiz oʻrtasida shakllangan oʻzaro ishonch, qulay investitsiya muhiti va mustahkam iqtisodiy sheriklikning yaqqol ifodasidir.

Ozarbayjon va Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini toʻldiradi va bu hamkorlikning yangi shakllarini yaratish uchun keng istiqbollar ochadi. Biz Ozarbayjon kompaniyalarining Oʻzbekistonda, Oʻzbekiston kompaniyalarining esa Ozarbayjonda yanada faol ishlashini, shuningdek, qoʻshma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalari sonining koʻpayishini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Ozarbayjon ham Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu borada «PASHA Holding» kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida «The Ritz-Carlton» brendi ostida qurilayotgan mehmonxona va turar joy majmuasi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi «Sea Breeze Uzbekistan» yirik sayyohlik va turar joy majmuasi loyihalarini qayd etish mumkin.

– Sizningcha, madaniy diplomatiya Ozarbayjon – Oʻzbekiston davlatlararo aloqalarini mustahkamlashda qanday oʻrin tutadi?

– Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik mushtarak ildizlar, til va madaniyat yaqinligi, shuningdek, asrlar davomida shakllangan maʼnaviy qadriyatlarga tayanuvchi munosabatlarning ajralmas va muhim yoʻnalishlaridan biridir. Bu sohadagi hamkorlik xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv, ishonch, doʻstlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshib, gumanitar aloqalarni yangi mazmun bilan boyitmoqda.

Xalqlarimizning oʻzaro intilishi va davlatlarimizning birgalikdagi qoʻllab-quvvatlashi tufayli madaniy-gumanitar aloqalar soʻnggi yillarda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Birgalikda oʻtkazilayotgan madaniyat kunlari, sanʼat festivallari, ilmiy anjumanlar, adabiyotlarni nashr etish va taʼlim dasturlari ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar kun tartibini mustahkamlashda alohida oʻrin tutadi.

2023 va 2025 yillarda Ozarbayjonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari, 2024 yilda esa Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari oʻtkazildi. Shu yili Xiva shahrida «Shusha kunlari» ham boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning nufuzli delegatsiyasi Bokuda Birinchi turkologlar qurultoyining 100 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan Turkiy dunyo haftaligida ishtirok etdi.

Qardosh mamlakatdagi eng qadimiy va nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Oʻzbekiston Milliy pedagogika universiteti buyuk ozar shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy nomi bilan atalishidan faxrlanamiz.

Oʻtgan yili Boku markazida men va aziz birodarim Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan poydevori qoʻyilgan, 5 gektar maydonni egallaydigan «Oʻzbekiston» bogʻi qardoshligimizning yana bir ramziga aylanadi.

Haydar Aliyev jamgʻarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbus va loyihalar ham ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Taʼlim sohasidagi hamkorlik Ozarbayjon va Oʻzbekiston madaniy-gumanitar sherikligining yetakchi yoʻnalishlaridan biridir. 2025/2026 oʻquv yilida Ozarbayjonda Oʻzbekistonning 67 nafar fuqarosi, Oʻzbekistonda esa Ozarbayjonning 176 nafar fuqarosi tahsil oldi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida barpo etilgan va faoliyat yuritayotgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi umumtaʼlim maktabi taʼlim sohasidagi hamkorlikning yorqin namunalaridan va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlarining yana bir ifodasidir. Ushbu ezgu tashabbus, shuningdek, ozod etilgan hududlarimizdagi tiklash va bunyodkorlik ishlariga koʻrsatilayotgan koʻmak uchun butun Oʻzbekiston xalqiga va shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Media sohasidagi hamkorlik ham muhim natijalar bermoqda. 2024 yil 23–25 sentabr kunlari Toshkentda I Oʻzbekiston – Ozarbayjon mediaforumi, 2025 yil 29 sentabr kuni Bokuda II Ozarbayjon – Oʻzbekiston mediaforumi oʻtkazildi. 2023 yilda Fuzuliyda Ozarbayjon va Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligining I forumi, 2024 yilda esa Toshkentda Oʻzbekiston va Ozarbayjon NNTlari hamkorligining II forumi boʻlib oʻtdi. Ushbu forumlarning amaliy natijasi sifatida 2026 yilda ikki qardosh mamlakat ilk bor NNTlar uchun qoʻshma grant tanlovini eʼlon qildi. Tanlov yakunlariga koʻra, Ozarbayjonning gʻolib loyihalari Oʻzbekistonda, Oʻzbekistonning gʻolib loyihalari esa Ozarbayjonda amalga oshiriladi.

Oʻzbekistondan Ozarbayjonga sayyohlik safarlari soni ham ortib bormoqda. 2024 yilda mamlakatimizga Oʻzbekistonning 46 ming, 2025 yilda 62 ming, 2026 yil yanvar – avgust oylarida esa 44 ming nafar fuqarosi tashrif buyurdi.

Hududlararo hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanayotganini alohida taʼkidlash mumkin. Boku – Toshkent, Ismoiliy – Rishton, Shusha – Xiva, Lankaran – Buxoro, Sheki – Qoʻqon, Bilasuvar – Termiz, Mingechevir – Namangan, Fuzuliy – Guliston, Guba – Jizzax va Beylagan – Shahrisabz shaharlari oʻrtasida birodarlik va sheriklik aloqalari oʻrnatilgan. Yaqin vaqtda Naxchivon va Urganch oʻrtasida ham birodarlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bugun Ozarbayjon va Oʻzbekiston shaharlarini birodarlashtirish tashabbuslari xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradigan, mushtarak tarixiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylaydigan, kelajak avlodlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlaydigan muhim hamkorlik platformalaridan biriga aylangan.

Shunday qilib, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarning muhim yoʻnalishi, balki xalqlarimizning mushtarak qadriyatlari, boy madaniy merosi va qardoshlik rishtalarini asrab, kelajakka olib oʻtadigan strategik gumanitar koʻprikdir.

– Hurmatli Prezident janoblari, Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalqaro maydonlarda samarali hamkorlik qilmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ushbu hamkorlikni qanday baholaysiz va Ozarbayjonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari haqida nima deya olasiz?

– Mamlakatlarimizning muhim masalalarni ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama shakllarda hal etish borasidagi birgalikdagi faoliyati yuksak eʼtirofga loyiq. Ikki qardosh mamlakat – Ozarbayjon va Oʻzbekiston barcha masalalarda doimo bir-birini qoʻllab-quvvatlayotgani faxr tuygʻusini uygʻotadi.

Ozarbayjon va Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Oʻtgan yili Gabalada TDT Davlat rahbarlari kengashining 12-sammiti boʻlib oʻtdi. Unda tashkilot doirasidagi hamkorlikning asosiy masalalari muhokama qilinib, TDTni mustahkamlash, turkiy dunyoda yanada jips birlikni taʼminlash, uning siyosiy, iqtisodiy va harbiy qudratini oshirish, shuningdek, global maydonda taʼsir va kuch markaziga aylantirishga qaratilgan deklaratsiyalar imzolandi.

Ozarbayjon va Oʻzbekiston TDTni nafaqat davlatlararo hamkorlik platformasi, balki mushtarak tariximiz, madaniyatimiz va maʼnaviy qadriyatlarimizni kelajakka olib boruvchi muhim tuzilma sifatida qabul qiladi.

Ozarbayjon va Oʻzbekistonning TDT doirasida siyosiy muloqot, iqtisodiy aloqalar, transport-logistika imkoniyatlari, taʼlim, ilm-fan va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi turkiy davlatlar oʻrtasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, transport-logistika sohasidagi hamkorligimiz katta istiqbollarga ega. Ozarbayjonning Janubiy Kavkazda, Oʻzbekistonning esa Markaziy Osiyoda joylashgani mamlakatlarimizni Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi muhim strategik yoʻnalishlardagi tabiiy sheriklarga aylantiradi. Shu nuqtai nazardan, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻl loyihasining Oʻrta yoʻlak (Middle Corridor) va TRIPP bilan integratsiyalashuvi butun mintaqa uchun yangi iqtisodiy va tranzit imkoniyatlarini yaratadi.

Ozarbayjon va Oʻzbekiston tomonidan mushtarak turkiy merosni asrash va targʻib etish boʻyicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar buyuk maʼnaviy boylikni kelajak avlodlarga yetkazishda beqiyos ahamiyatga ega.

Mamlakatlarimiz boshqa turkiy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikka ham katta ahamiyat beradi. Oʻzbekistonning 2025 yil may oyida Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasiga toʻla huquqli aʼzo sifatida qoʻshilishi muhim va quvonarli voqea boʻldi. Oʻzbekistonning boy tarixiy merosi, qadimiy davlatchilik anʼanalari va oʻziga xos madaniy qadriyatlarini inobatga olganda, uning mazkur jamgʻarmaga aʼzo boʻlishi turkiy dunyoning mushtarak merosini asrash va targʻib etish sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.

Shunday qilib, mamlakatlarimizning TDT va boshqa turkiy tashkilotlar doirasidagi faol hamkorligi turkiy dunyo integratsiyasini yanada kuchaytirish va xalqaro maydonda uning yagona pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilishda davom etadi.

Ozarbayjonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlariga kelsak, soʻnggi yillarda bu aloqalar ittifoqchilik, strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida jadal rivojlanganini taʼkidlash lozim. Tarixiy-madaniy yaqinlik va mushtarak maʼnaviy qadriyatlar kabi muhim omillar Ozarbayjon bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi mavjud aloqalarning mustahkam poydevorini tashkil etadi.

Ozarbayjon Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, energetika va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, hamjihatlikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish va qoʻshma tashabbuslarni muhokama qilishda muhim ahamiyatga ega nufuzli platformalardan biridir.

Oʻtgan yil noyabr oyida aynan Toshkentda, Oʻzbekiston raisligida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Respublikasining mazkur formatda toʻla huquqli ishtirok etishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu jarayonda koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlariga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ozarbayjonning ushbu jarayonga faol qoʻshilishi natijasida avval «S5» deb atalgan hamkorlik formati amalda «S6» formatiga aylandi, mintaqaviy muloqot va strategik sheriklik esa yangi mazmun va koʻlam kasb etdi.

Ozarbayjonning mazkur formatda toʻla huquqli ishtiroki mamlakatimiz Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga berayotgan strategik ahamiyatni namoyon etadi. Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muhokamalar mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni yanada mustahkamlash, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash va mintaqaviy rivojlanish uchun muhim tashabbuslarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ozarbayjonning ushbu formatdagi ishtiroki mamlakatimizning mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasini ham koʻrsatadi. Mazkur platforma doirasida yaratilgan muloqot va hamkorlik mexanizmlari nafaqat davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, balki butun Yevroosiyo makonida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi.

Shunday qilib, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida shakllanayotgan koʻp qirrali hamkorlik oʻzaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik namunasidir.

Ozarbayjon va Oʻzbekiston aʼzo yoki ishtirokchi boʻlgan deyarli barcha xalqaro tashkilot va koʻp tomonlama platformalar, xususan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash hamda Qoʻshilmaslik harakati doirasida ham samarali hamkorlik qilmoqda.

– Hurmatli Prezident janoblari, qiziqarli va mazmunli intervyu uchun Sizga minnatdorlik bildiramiz. Oʻzbekistonga davlat tashrifingiz arafasida qardosh xalqqa qanday tilaklar bildirgan boʻlardingiz?

– Ushbu ajoyib imkoniyatdan foydalanib, qardosh Oʻzbekiston xalqini mamlakat davlat mustaqilligining yaqinlashib kelayotgan 35 yilligi bilan samimiy tabriklayman hamda chuqur hurmatimni izhor etib, tinchlik, farovonlik, ravnaq va yangi yutuqlar tilayman.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid