Toshkent va Fargʻonada "Umra" ziyoratiga yuborish uchun pul olganlar ushlandi
Poytaxtda fuqaro oʻzini ushbu ziyoratni tashkil etishga ruxsat berilgan turfirmaning vakili sifatida tanishtirgan va mijozdan 3450 dollar soʻragan.

“Umra” ziyoratiga yuborish bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Toshkent shahrida yashovchi, 1981 y.t. shaxs tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan holda, oʻzini “Umra” ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilgan turfirmaning goʻyoki vakili sifatida tanishtirgan. U 3 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga “Umra” safariga yuborish va muqaddas amallarni toʻliq bajarishlarini taʼminlab berish evaziga jami 3450 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 3400 dollar va 600 ming soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Fargʻona shahrida kuzatilgan holatda esa 1998 y.t. shaxs oʻzining tanishlari orqali 4 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, jami 4200 AQSh dollari talab qilgan.
Lekin, soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
