platina.uz
Maqola

Rossiyada kuzgi safarbarlik ehtimollari

14 avgust kuni The Guardian Rossiyada armiyani kadrlar bilan toʻldirish tizimida jiddiy muammolar yuzaga kelgani haqida xabar berdi: yangi shartnomachilar oqimi frontdagi ulkan yoʻqotishlarni avvalgidek osonlik bilan qoplash imkonini bermayapti. Hukumat moliyaviy ragʻbatlarni oshirishga va bir vaqtning oʻzida harbiy xizmatga jalb etish mumkin boʻlgan yangi toifadagi odamlarni izlashga majbur boʻlgan. 

Rossiyada kuzgi safarbarlik ehtimollari

Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlanganiga qariyb toʻrt yarim yil boʻlgan bir paytda, Kreml urushga ommaviy safarbarlikni eʼlon qilish dilemmasi oldida qolmoqda.

Hozirgacha hukumat «Sizni urushga chaqirishyapti» emas, balki «Agar oʻzingiz urushga borishga rozi boʻlsangiz, biz sizga yaxshi haq toʻlaymiz» qabilida ish tutib kelyapti. Bu tizim uzoq vaqt nisbatan samarali ishladi. Ammo endi undagi uzilishlar tobora yaqqol koʻrinmoqda.

14 avgust kuni The Guardian Rossiyada armiyani kadrlar bilan toʻldirish tizimida jiddiy muammolar yuzaga kelgani haqida xabar berdi: yangi kontraktchilar oqimi frontdagi ulkan yoʻqotishlarni avvalgidek osonlik bilan qoplash imkonini bermayapti. Hozir Ukrainadagi urushga har oyda oʻrtacha 30 ming Rossiya askari yerga oʻgʻit boʻlmoqda. Rossiya hukumati moliyaviy ragʻbatlarni oshirishga va bir vaqtning oʻzida harbiy xizmatga jalb etish mumkin boʻlgan yangi toifadagi odamlarni izlashga majbur boʻlyapti.

Xoʻsh, Rossiya ikkinchi katta safarbarlikka yaqinlashmayaptimi?

Hozircha bu savolga aniq javob berish mumkin emas. Ammo Putin oʻzi ochgan vahshiy va adolatsiz urush uchun yetarli qurbon topishga qiynalib qolyapti.

Rossiya oʻz yoʻqotishlari haqida ishonchli statistikani eʼlon qilmaydi. Shuning uchun manzarani mustaqil hisob-kitoblar va bilvosita maʼlumotlar asosida tiklashga toʻgʻri keladi. Mediazona, BBC Russian va koʻngillilar jamoasi 200 mingdan ortiq halok boʻlgan rossiyalik harbiy xizmatchining ismlarini aniqlagan. Bu prognoz yoki targʻibotga asoslangan baho emas — hujjatlar bilan tasdiqlangan eng kam koʻrsatkichdir. Mediazona va Meduza statistik tahlili esa yanada yuqori raqamni koʻrsatadi — 2025 yil oxiriga kelib harbiy xizmat yoshidagi taxminan 352 ming rossiyalik erkak halok boʻlgan boʻlishi mumkin.

Amerikaning CSIS tahlil markazi 2026 yil yoziga kelib Rossiyaning umumiy jangovar yoʻqotishlarini taxminan 1,4 million kishi, jumladan halok boʻlganlar, yaradorlar va bedarak yoʻqolganlar bilan birga baholagan.

Garchi raqamlar oʻrtasida katta farq boʻlsada, ularning umumiy xulosasi oʻzgarmaydi.

Rossiya odamlarni shunday miqyosda yoʻqotmoqdaki, bu yoʻqotishlarni armiyaning oddiy kadrlar aylanmasi hisobiga qoplashning iloji yoʻq. Tahlilchilar bahosiga koʻra, 2026 yilda Moskva oyiga taxminan 27–30 ming yangi harbiy xizmatchini jalb qila oladi. Shu miqdorda — ayrim baholarga koʻra, undan ham koʻproq — odam halok boʻladi yoki safdan chiqadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy iyul oyida Rossiya yilning dastlabki yetti oyida taxminan 221 ming harbiy xizmatchini jalb qilganini, yoʻqotishlar esa taxminan 225,5 ming kishini tashkil etganini aytdi.

Bu raqamlar Ukraina razvedkasi bahosi boʻlib, ular toʻliq mustaqil ravishda tasdiqlanmagan. Ammo ularning oʻzi ham Kreml uchun tobora yashirish qiyinlashayotgan muammoni koʻrsatadi. Chunki yangi odamlar faqat safdan chiqqanlarni almashtirish uchun kelayotgan boʻlib, armiya oʻsmayapti. U shunchaki avvalgi hajmda urushni davom ettiryapti.

Askar — oʻq-dori emas

Kamdan-kam gapiriladigan yana bir jihat bor. Yangi chaqirilgan odam frontda tayyor askar sifatida paydo boʻlmaydi. Unga tayyorgarlik, komandirlar, texnika, tibbiy taʼminot va jangovar muvofiqlashtiriuv zarur boʻladi. Toʻgʻri, ruslar urushga joʻnatilayotgan rus boʻlmagan millat vakillarini hech qanday tayyorgarliksiz darrov maydonga “toʻp yemi” sifatida tashlayapti. Xorijiy nashrlarning manbalar va tahlilchilarga tayanib yozishicha, bunday askarlar urush maydonida oʻrtacha 20 daqiqa yashaydi xolos. Guvohlarning aytishicha esa, shartnoma imzolab, urushga borganlar uzogʻi bilan 20 kun yashaydi. Jangovor harakatlarga kirishgan askarlarning deyarli 80 foizi ilk daqiqalarda halok boʻladi. Ular ham keyingi 2-3 operatsiya davomida baribir raketa yoki dron oʻqidan oʻlib ketadi.

Qolaversa Rossiya harbiylariga xos millatchilik va shovinizm bois, eng xavfli va oʻlim “kafolatlangan” vaziyatlarga rus boʻlmagan askarlar joʻnatiladi. Bu omil ham boshqa millat vakillarining tez oʻlishiga sabab boʻlib kelyapti.

Ammo jangovor maqsadlarga erishish uchun, baribir aksariyat askarlarni oʻqitib tayyorlamasa boʻlmaydi. Shuning uchun davlat har oy 30 ming odamni jalb qilsa ham, bu avtomatik ravishda 30 ming toʻlaqonli jangovar askarga ega boʻldi, degani emas. Agar bir vaqtning oʻzida oʻn minglab odam halok boʻlsa yoki yaralansa, muammo yanada chuqurlashadi.

Armiya yangi zaxira yaratish oʻrniga oʻz safidagi boʻshliqlarni toʻldirishga majbur boʻla boshlaydi. Bu ikki mutlaqo boshqa holat. Zaxira yaratayotgan armiya yirik hujumlarni amalga oshirish, boʻlinmalarni qayta tiklash va kutilmagan yoʻqotishlarni qoplash imkoniga ega. Doimo mavjud boʻshliqlarni yopayotgan armiya esa bugungi kun bilan yashashga majbur.

Safarbarlik oʻrniga pul

Rossiya hukumati «ixtiyoriy vatanparvarlik» gʻoyasining imkoniyatlari cheklanganini anglagach, Kreml yanada tushunarli inson omiliga — pulga tayandi. Kontrakt uchun millionlab rubl. Hududiy toʻlovlar. Federal mukofotlar. Imtiyozlar. Ayrim toifalar uchun qarzlarni kechirish.

Kambagʻal Rossiya hududlari aholisi uchun bu mablagʻlar nihoyatda katta summa boʻlishi mumkin. Ammo iqtisodiy mexanizmning ham chegarasi bor. Odam bir necha million rublni halok boʻlish yoki ogʻir jarohat olish ehtimoli bilan solishtira boshlaganda, pul endi cheksiz darajada samarali ragʻbat boʻlib qolmaydi. Shunda davlat yanada koʻproq toʻlashga majbur boʻladi. Shunday qilib, urushning oʻziga xos inflyatsiyasi paydo boʻladi:

keyingi har bir askar avvalgisidan qimmatroqqa tushadi.

Bu endi faqat harbiy muammo emas. Bu iqtisodiy muammo hamdir. Kontraktchi safarbar qilingan odamdan siyosiy jihatdan qulayroq. Kreml nega yangi safarbarlikdan shuncha vaqt qochib kelayotganining sababi ham shunda.

Kontraktchi — siyosiy jihatdan qulay obʼekt. U hujjatni oʻzi imzolaydi. Rasman qarorni oʻzi qabul qiladi. Davlat esa: «U Vatanni himoya qilish uchun ixtiyoriy ravishda ketdi», deb aytishi mumkin. Safarbar qilingan odam esa butunlay boshqa masala. Unga taklif qilinmaydi. Unga buyruq beriladi. Shu payt urush toʻgʻridan-toʻgʻri oila hayotiga kirib keladi.

Rossiya buni 2022 yil sentabrida allaqachon koʻrgan. Qisman safarbarlik eʼlon qilinganidan keyin minglab erkaklar mamlakatni tark etishga urindi. Chegaralarda navbatlar paydo boʻldi, xalqaro aviareyslar chiptalari qimmatlashdi va «safarbarlik» soʻzi Rossiya ichki siyosatining eng qoʻrqinchli soʻzlaridan biriga aylandi.

Kreml bundan tegishli xulosa chiqardi. Millionlab odamni urushga majburlashdan koʻra, koʻngilliga katta pul toʻlash siyosiy jihatdan maʼqulroq. Ammo bu modelning ham chegarasi bor. Koʻngillilar kamayganda nima boʻladi? Shunda tizimning tabiati asta-sekin oʻzgara boshlaydi. Avvaliga davlat harbiy xizmatni targʻib qiladi. Keyin toʻlovlarni oshiradi. Soʻng pulga ayniqsa sezgir boʻlgan ijtimoiy qatlamlar orasidan potensial kontraktchilarni izlaydi. Keyin maʼmuriy bosim kuchayadi. Va nihoyat davlat qochishga harakat qilayotgan soʻz paydo boʻladi: safarbarlik.

Eng yoqimsiz masala — iqtisodiyot

Tasavvur qilaylik: Kreml haqiqatan ham yana 300–500 ming kishini urushga safarbar qildi. Bir qarashda Rossiya shuncha miqdorda qoʻshimcha askar oladi. Ammo bir vaqtning oʻzida iqtisodiyot yuz minglab ishchilardan mahrum boʻladi.

Rossiya iqtisodiyoti shundoq ham ishchi kuchi tanqisligi sharoitida yashamoqda. Zavodga ishchi kerak. Armiyaga askar kerak. Qurilish kompaniyasiga haydovchi kerak. Frontga dron operatori kerak. Davlatga esa hammasi kerak.

Shunda shafqatsiz paradoks paydo boʻladi: davlat qancha koʻp odamni urushga yuborsa, urushni moliyalashtirishi kerak boʻlgan iqtisodiyot uchun shuncha kam odam qoladi. Shuning uchun yangi safarbarlik — faqat harbiy qaror emas. Bu mamlakatning inson kapitalini qayta taqsimlash haqidagi qaror hamdir.

Xulosa oʻrnida

Urush — bu faqat qurollar musobaqasi emas. Bu iqtisodiyotlar musobaqasi hamdir. U sanoatlar musobaqasi. Demografiyalar musobaqasi. Va eng avvalo — yoʻqotishlarni qoplash qobiliyati musobaqasi.

Rossiya hozircha bu sinovga dosh bermoqda. Ammo u tobora yuqori narx evaziga dosh bermoqda. Har oy Kreml oʻn minglab yangi odamlarni izlashiga toʻgʻri kelyapti. Buning uchun har oy tobora koʻproq pul sarflanmoqda. Har oy oʻn minglab odamlar safdan chiqmoqda. Va har oy bu urush nega davom etishi kerakligini jamiyatga tushuntirish tobora qiyinlashmoqda.

Shuning uchun 2026 yil kuzining asosiy savoli: «Putin safarbarlik eʼlon qiladimi?» emas. Asosiy savol ancha keskin: «Rossiya tizimi jamiyatdagi millionlab odamlarni oʻz erkinligi, sogʻligʻi va hayoti bilan urush uchun bevosita toʻlashga majbur qilmasdan turib, yana qancha vaqt urush olib borishi mumkin?» qabilida boʻladi.

Agar javob yangi safarbarlik boʻlsa, bu shunchaki yana bir necha yuz ming nafar rossiyalik harbiy xizmatchining paydo boʻlishi degani emas. Bu avvalgi model — pul — majburlash oʻrniga, kontrakt — safarbarlik oʻrniga, koʻngilli chaqiriluvchi oʻrniga qoʻllanilgan tizim oʻz chegarasiga yetganini tan olish boʻladi.

Shunda 2026 yil kuzi yangi urushning boshlanishi emas. U ayni urushning yangi bosqichi — Rossiya uchun inson resursi front chizigʻi kabi muhim boʻlib qoladigan bosqichning boshlanishi sifatida tarixda qolishi mumkin.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid