Nurafshon shahar yoshlar ishlari boʻlimi rahbari ishdan olindi
U mahalla yoshlar yetakchilari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilish davomida xizmat odobi va kasbiy etika talablarini qoʻpol ravishda buzib, keskin hamda haqoratomuz munosabatda boʻlgan.

Nurafshon shahar Yoshlar ishlari boʻlimi rahbari ishdan olindi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi xabar berdi.
Agentlik ushbu rahbarning nomaqbul xatti-harakatlari yuzasidan rasmiy munosabat berdi.
Aytilishicha, Nurafshon shahar Yoshlar ishlari boʻlimi rahbari Mirkarim Mirmahmudovichning mahalla yoshlar yetakchilariga nisbatan qoʻpol va haqoratomuz munosabatda boʻlgani aks etgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab boʻlgan.
Holat yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va Nurafshon shahar hokimligi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazildi.
Oʻrganish jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan holatlar oʻz tasdigʻini topdi. Aniqlanishicha, 2026-yil 18-avgust kuni M.Mirmahmudovich mahalla yoshlar yetakchilari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilish davomida xizmat odobi va kasbiy etika talablarini qoʻpol ravishda buzib, keskin hamda haqoratomuz munosabatda boʻlgan.
Shuningdek, xizmat tekshiruvi davomida M.Mirmahmudovichning ish faoliyatida ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan M.Mirmahmudovich bilan suhbat oʻtkazilib, unga aniqlangan kamchiliklar va ularning salbiy oqibatlari tushuntirilib oʻtildi.
Suhbat davomida u qilgan qoʻpol xatti-harakatlarini tan olgan holda, oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishini bildirib oʻtdi.
Natijada, M.Mirmahmudovich bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ish faoliyatidagi aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tekshiruvlar davom etayotgan boʻlib, natijalari yuzasidan tegishli choralar koʻrilishi taʼminlanadi.
Taʼkidlash joizki, mazkur tizimda faoliyat yuritayotgan barcha rahbar va xodimlardan xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, mehnat jamoasida sogʻlom muhitni taʼminlash, xodimlarning shaʼni va qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, shuningdek, xizmat odobi va kasbiy etika talablariga qatʼiy rioya etish talab etiladi, deyiladi agentlik xabarida.
