Tailanddan psixoaktiv va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar olib kelgan shaxs ushlandi
Toshkent tumanida esa tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan kofelar aniqlandi.

Tarkibida psixoaktiv va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan mahsulotlar fosh etildi.
DXX va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent xalqaro aeroportida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda “Bangkok – Toshkent” yoʻnalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari tegishli tartibda rentgen apparati orqali tekshiruvdan oʻtkazildi.
Natijada yuklar orasida shubhali oziq-ovqat mahsulotlari borligi aniqlanib, ular ochib koʻrildi.
Maʼlum boʻlishicha, Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi, 2002 y.t., muqaddam sudlangan mazkur shaxs turli oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gr kannabis moyi va tarkibida psixoaktiv modda boʻlgan taxminiy ogʻirligi 500 gr. ni tashkil etuvchi qoʻziqorinlarni kelgusida sotish maqsadida olib kelgan.
Boshqa holatda esa Toshkent tumani hududida harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Fargʻona viloyatining Oltiariq hamda Uchkoʻprik tumanlarida yashovchi, 1987 va 1989 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxsga tegishli polietilen paketlarda tarkibida “Sibutramin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan 12 992 dona kofe mahsulotlari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, ular qoʻshni respublikadan olib kelingan ushbu mahsulotlarni kelgusida Fargʻona viloyatida sotmoqchi boʻlishgan.
Hozirda har ikki holat boʻyicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
