Diyor Imomxoʻjayev PFL direktorligiga qayta saylandi
Oʻzbekiston professional futbol ligasi ijroiya qoʻmitasida onlayn va oflayn tarzda ovoz berish jarayoni boʻlib oʻtdi.

Diyor Imomxoʻjayev PFL direktorligiga qayta saylandi.
19 avgust kuni Oʻzbekiston professional futbol ligasi ijroiya qoʻmitasi aʼzolari liga bosh direktorini saylash uchun ovoz berishdi.
Mamlakat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov tomonidan imzolangan taqdimnomaga asosan Liga bosh direktori lavozimi uchun Diyor Imomxoʻjayev nomzodi ilgari surildi.
Oʻzbekiston professional futbol ligasi ijroiya qoʻmitasida onlayn va oflayn tarzda oʻtkazilgan ovoz berish jarayoniga koʻra, Diyor Imomxoʻjayev navbatdagi vakolat muddatiga bosh direktor sifatida tasdiqlandi.
Shundan kelib chiqib, tashkilotning amaldagi rahbari joriy yilning 19 avgust sanasidan eʼtiboran keyingi toʻrt yil davomida oʻz vazifasini bajarishda davom etadigan boʻldi.
