platina.uz
Iqtisod

100 kilovattgacha boʻlgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi

Quvvati 50 kilovattgacha boʻlgan loyihalar shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etiladi.

100 kilovattgacha boʻlgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmogʻini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish, mavjud suv resurslarining energetik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kichik va mikro GESlar olis hududlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash, tarmoqlardagi yoʻqotishlarni kamaytirish va xususiy investitsiyalarni jalb etishda muhim oʻrin tutadi.

Oʻtgan yili qabul qilingan alohida qarorga muvofiq, xususiy sektor ishtirokida jami 164 megavatt quvvatli qariyb 3 mingta kichik va mikro GES qurish belgilangan.

Bugungi kunda 64 ta loyiha ishga tushirilib, ularning jami quvvati 41,6 megavattga yetgan. Ammo bu belgilangan quvvatning atigi toʻrtdan bir qismini tashkil etadi. Rejadagi qariyb 3 mingta loyihadan 932 tasi boʻyicha tashabbuskor aniqlangan. Jahon banki ishtirokida ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli resurslardan foydalanish ham sust ketayotgani qayd etildi.

Tadbirkor va investorlarda stansiyalarni qurish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish shartlari boʻyicha savollar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan auksionlarda loyihaning boshlangʻich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasini belgilash, tariflarni stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtirish taklif qilindi. Bu “nol” qiymatda yutib olingan, ammo amalga oshirilmay qolgan loyihalar muammosini hal etib, investorlar uchun aniq va barqaror shart-sharoit yaratadi.

Shuningdek, 100 kilovattgacha boʻlgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Quvvati 50 kilovattgacha boʻlgan loyihalar shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etiladi.

Qoʻshimcha suv bosimini hosil qilish uchun kanal, daryo va oʻzanlar konstruksiyasiga oʻzgartirish kiritishga ruxsat beriladi. Suv xoʻjaligi obʼektlarida oʻz ehtiyojlari uchun kichik va mikro GESlarni auksionsiz qurish imkoniyati ham yaratiladi.

Loyihalar uchun munosib joylarni aniqlashdan tortib, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oluvchi raqamli platforma joriy etiladi. Shu bilan birga, loyihalash, qurish va foydalanish boʻyicha yagona uslubiy qoʻllanma hamda xususiy sektor ishtirokida loyihalarni amalga oshirish tartibi ishlab chiqiladi.

Sohadagi yana bir dolzarb masala – importga yuqori darajada qaramlik. Hozirda kichik va mikro GESlar uchun zarur gidroagregat va butlovchi qismlarning 90 foizi chetdan olib kelinmoqda.

Bu borada 46 ta kichik va mikro GES qurgan “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining tajribasidan foydalanish, tadbirkorlarga loyihalash, qurilish-montaj ishlari va uskunalar yetkazib berish boʻyicha kompleks xizmatlar koʻrsatish muhimligi taʼkidlandi. Mahalliylashtirish mumkin boʻlgan agregat va butlovchi qismlarning aniq roʻyxatini shakllantirib, ularni mamlakatimizda ishlab chiqarish boʻyicha tadbirkor va investorlarga takliflar beriladi.

Mamlakatimizda daryo va kanallar tarmogʻining umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan ziyod. Taqdimotda betonlashtirilgan kanallarda kichik va mikro GESlar qurish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Mutasaddilarga bunday obʼektlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, qoʻshimcha loyihalar zaxirasini aniqlash vazifasi qoʻyildi.

Umuman, 2030 yilga qadar bunday stansiyalar quvvatini 204,8 megavattga yetkazib, yiliga 620 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Bu 350 mingta xonadonni “yashil” energiya bilan taʼminlash, yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 311 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldini olish imkonini beradi.

Shuningdek, yangi oʻquv yilidan kichik quvvatli “yashil” energetika yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun dual taʼlim tizimi joriy etiladi. Energetika korxonalari, jumladan, kichik gidroenergetika obʼektlari talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida belgilanadi.

Davlatimiz rahbari belgilangan loyihalarni jadallashtirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, uskunalarni mahalliylashtirish va malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid