Yevropalik fermerlar "halokatli darajadagi past hosil"dan ogohlantirdi
Kuchli jazirama va qurgʻoqchilik qishloq xoʻjaligiga taʼsir etdi. Yevropaning eng yirik don ishlab chiqaruvchisi boʻlgan Fransiyada makkajoʻxori hosili 35% ga kamayib, 9 million tonna boʻlishi aytilgan.

Fransiya, Italiya va Ispaniyadagi sabzavot va don ishlab chiqaruvchilari uzoq davom etgan, rekord darajadagi issiqlik toʻlqinlari qurgʻoqchilik bilan birga kechganligi sababli "halokatli darajada past hosil" haqida xabar berishdi. Bu haqda The Guardian maʼlumot berdi.
Yevropaning eng yirik don ishlab chiqaruvchisi boʻlgan Fransiyada makkajoʻxori hosili 35% ga kamayib, 9 million tonnaga yetishi kutilmoqda, bu pasayish oxirgi marta 1980 yilda kuzatilgan edi. Sabzavot ishlab chiqarish ham sezilarli darajada kamaydi: qovoq uchun 25%, noʻxat uchun 40%, brokkoli uchun 60% va artishok uchun 50% dan 100% gacha.
Fransiya Qishloq xoʻjaligi vazirligi statistika xizmati maʼlumotlariga koʻra, qishki chorva mollari uchun pichan tayyorlash 1989-2018 yillardagi oʻrtacha koʻrsatkichdan taxminan 30% ga past boʻlgan.
Oʻrtacha va kuchli qurgʻoqchilik Italiya qishloq xoʻjaligi yerlarining taxminan 60% ga taʼsir koʻrsatdi. Fermerlar va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari milliy tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi, shuningdek, meva-sabzavot ishlab chiqarish keskin pasaydi, soʻt ishlab chiqarish esa 20% ga kamaydi. Ispaniyada Kastiliya va Leonda gʻalla hosili oʻtgan yilga nisbatan 35%, Madrid mintaqasida 49% va Andalusiyada 24% ga kam. Qoʻy va echki suti ishlab chiqarish ham mos ravishda 6,5% va 10,8% ga kamaydi. Ispaniya Vinochilar Milliy Federatsiyasi 2026 yilda ishlab chiqarishning 20% ga pasayishini bashorat qilmoqda.
Yevropa Ittifoqi hukumatlari qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash uchun katta yordam paketlarini vaʼda qilishdi. Masalan, Fransiya Bosh vaziri Sebastyan Lekornyu 2027 yilgi byudjetda 145 million yevro miqdorida tezkor yordam, shuningdek, "tarkibiy qoʻllab-quvvatlash va investitsiya choralari" ajratishni vaʼda qildi.
