platina.uz
Jamiyat

Turkiyada 10 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga qarshi tergov boshlandi

 Ular  shubhali pul oʻtkazmalari ishi boʻyicha qoʻlga olingan. Istanbuldagi bosh konsullik fuqarolarni pul oʻtkazmalari boʻyicha ehtiyotkorlikka  chaqirdi.

Turkiyada 10 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga qarshi tergov boshlandi

Turkiyaning Aydin viloyatida bank kartalari yordamida shubhali pul oʻtkazmalari sabab taxminan 10 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga nisbatan tergov va tekshiruvlar olib borilmoqda.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi bu maʼlumotni Turkiya Ichki ishlar vazirligining tegishli organlaridan olganini maʼlum qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ish boʻyicha 30 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Turkiya huquqni muhofaza qilish organlarining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, taxminan 10 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga nisbatan tergov va tekshiruvlar olib borilmoqda.

Ularning baʼzilari sud qarori bilan jazoni ijro etish muassasalarida, boshqalari esa deportatsiya markazlarida saqlanmoqda. Yana bir guruh fuqarolar Turkiyadan chiqmaslik sharti bilan qoʻyib yuborildi. Ularga nisbatan tergov davom etmoqda.

Konsullik fuqarolarga nisbatan koʻrilgan qonuniy choralar ularning ishda ishtirok etish darajasiga, bank hisoblari orqali oʻtkazilgan mablagʻlar miqdoriga va tergov davomida aniqlangan boshqa holatlarga bogʻliqligini taʼkidladi.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi Turkiya rasmiylari bilan hamkorlikda vaziyatni kuzatib bormoqda va fuqarolarga ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur konsullik va huquqiy yordam koʻrsatmoqda.

Konsullik Oʻzbekiston fuqarolarini bank kartalari, hisob raqamlarini yoki mobil bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini uchinchi shaxslarga bermaslikka chaqirdi. Fuqarolarga, shuningdek, boshqalarning iltimosiga binoan kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan mablagʻlarni qabul qilmaslik yoki oʻtkazmaslik tavsiya etiladi.

Diplomatik missiya bank kartasi yoki hisob raqamini boshqalarga foydalanish uchun oʻtkazish, shuningdek, kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan mablagʻlarni oʻtkazishda vositachi sifatida harakat qilish Turkiya qonunchiligiga muvofiq jiddiy huquqiy javobgarlikka olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Bosh konsullik Turkiyadagi Oʻzbekiston fuqarolarini mamlakat qonunlariga rioya qilishga va shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirmaslikka chaqirdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid