Tadbirkorlar uchun jarimalar miqdori oʻrtacha 2 barobar kamaytiriladi
Kelasi yildan tadbirkor va davlat oʻrtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa taʼsir chorasi qoʻllanmaydi.

Beshinchi yoʻnalish – biznesga maʼmuriy bosimni keskin kamaytirish. Soʻnggi uch yilda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga, oʻn yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan 26 foizga tushdi.
– Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yoʻl koʻrsatib, toʻgʻri ishlashga oʻrgatish orqali boʻlishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan koʻpida bir yilda 2-3 marta, yana 21 foizida 4 martadan soliq tekshiruvi oʻtkazilgan. Bunga yongʻin, qurilish, sanitariya, karantin va energiya inspeksiyalarining takroriy tekshiruvlari ham qoʻshilmoqda.
– Bir narsani tushunish kerak: xotirjamlik boʻlmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham boʻlmaydi, – dedi Prezident.
Shu bois, kichik biznesda inson sogʻligʻi va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilinadi.
Oʻrta va yirik tadbirkor oʻz korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan oʻtkazsa, uning xulosasini soliq organi tan oladi. Kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi, bir yilda takroriy tekshiruv esa faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan oʻtkaziladi.
Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qoʻllash vakolatiga ega. Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablagʻning bir qismi oʻzida qolishi “tekshirsa – qoʻrqadi, qoʻrqsa – toʻlaydi” degan notoʻgʻri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.
– Jarima mablagʻ yigʻish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak,– dedi Prezidentimiz.
Shu bois, barcha turdagi jarimalar miqdori oʻrtacha 2 barobar kamaytiriladi.
Davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar boʻyicha tadbirkorning zakolat pulini qaytarish avtomatizlashtiriladi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat oʻrtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa taʼsir chorasi qoʻllanmaydi.
Shuningdek, “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sogʻligʻi yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.
Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini toʻlaydi. Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham koʻrib chiqish vakolati beriladi.
