Prezidentning Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi
Davlat rahbari tadbirkorlar “biznesni boshlash" bosqichidan “kapitalni koʻpaytirish” bosqichiga oʻtayotganini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazmoqda. Bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qoʻshayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazish anʼanasi boshlanganidan buyon biznesga toʻsiq boʻlgan minglab masalalarga yechim berildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
– Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining oʻzida daromadli qilish uchun! – dedi Prezidentimiz.
Oʻtgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion soʻmga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion soʻmlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.
Koʻplab biznes vakillari xorijiy banklardan oʻz loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
– Bugun tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni koʻpaytirish” bosqichiga oʻtyapti, – dedi davlatimiz rahbari.
Besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra koʻpayib, 363 trillion soʻmga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga koʻpaydi.
Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trillion soʻmlik marradan oʻtgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar esa 3,5 mingtani tashkil etmoqda.
Biznesini mahallada boshlab, yurtimiz boʻylab oʻnlab filiallarga ega boʻlgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi.
Soʻnggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, toʻqimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda “katta sakrash” qilindi.
Elektromobil, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yoʻnalishlar shakllandi. “BYD”, “ADM Jizzakh”, “Sirdaryo Asaka Motors” kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.
