Prezident “Urganch – Xiva” pullik avtomobil yoʻli bilan tanishdi
Mavjud yoʻl orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45-50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi toʻrt tasmali magistralda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Yoʻl sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotdan soʻng yangi “Urganch – Xiva” pullik avtomobil yoʻli bilan tanishdi.
Mamlakatimizda zamonaviy yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, transport qatnovi tezligi va xavfsizligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil 5 avgust kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonunda pullik avtomobil yoʻllarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilandi. Bunda haydovchilar uchun muqobil bepul yoʻl mavjud boʻlishi asosiy shart hisoblanadi.

Urganch aeroporti va Xiva shahri oʻrtasidagi yangi avtomobil yoʻli aholi va sayyohlar uchun xavfsiz, tezkor va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yoʻli, 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yoʻl oʻtkazgich, 15 ta koʻprik va 106 ta suv oʻtkazish inshooti barpo etildi.
Mavjud yoʻl orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45-50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi toʻrt tasmali magistralda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Yoʻl sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega.

Transport oqimi va toʻlovlarni boshqarish sunʼiy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, avtobuslardan toʻlov transport vositasini toʻxtatmagan holda elektron shaklda undiriladi.
Yoʻl boʻyida xalqaro standartlarga mos xizmat koʻrsatish va servis obʼektlarini tashkil etish ham koʻzda tutilgan.
Yoʻl qoplamasining yuqori qatlamlarida issiq iqlimga chidamli maxsus modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan. Qoplamaning umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi.
Yangi magistral Urganch va Xiva oʻrtasidagi qatnovlarni yanada tezlashtirish va qulaylashtirish, sayyohlar uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududning yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.
