Prezident tadbirkorlar koʻtargan masalalar asosida yangi tashabbuslarni eʼlon qildi
Endi biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganlar uchun “Biznes lift”, yangi oʻsish bosqichiga oʻtayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.

Iqtisodiyot oʻsishiga katta turtki beradigan yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda toʻrtinchi mis boyitish fabrikasi, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” zamonaviy avtomobil yoʻllari shular jumlasidan.
Xorazmda ekologik aviayoqilgʻi majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarlik zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda. Bu yil qiymati 27 milliard dollar boʻlgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi.
Barcha hududlarda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda. Bunday loyihalarda oʻz mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi boʻlgan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.
Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yigʻimi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qoʻshilgan qiymat soligʻi “nol” stavkaga tushiriladi.
Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna boʻlgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti boʻyicha ham amaliy ishlar boshlanadi. Olot, Termiz, Yangiyoʻl, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.
Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ular 20-25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etish imkonini yaratadi.
Prezident tadbirkorlar koʻtargan masalalar asosida yangi tashabbuslarni eʼlon qildi. Birinchi yoʻnalish – tadbirkorlik uchun barqaror oʻsish trayektoriyasini taʼminlash.
Banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshdi. Birinchi yarim yillikning oʻzida kichik va oʻrta biznesga 76,5 trillion soʻm resurs ajratildi.
Yaqinda “kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ishga tushdi. Tadbirkor bitta ariza beradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi, biznesni endi boshlayotganlar 5 milliard soʻmgacha kreditnii onlayn rasmiylashtirishi mumkin boʻladi.
Endi biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganlar uchun “Biznes lift”, yangi oʻsish bosqichiga oʻtayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” doirasida tadbirkorlar sunʼiy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritishni oʻrganadi. Bu maqsadga 100 milliard soʻm ajratilib, tayyor biznes-reja va 200 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi.
– Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qoʻllab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Kichik tadbirkorlar uchun eng katta masalalardan biri – garov taʼminoti. Shu bois, biznesning haqiqiy qiymatini baholab kredit berish imkonini yaratadigan “kontr-kafolat” tizimi joriy etiladi.
10 milliard soʻmgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar oʻz zimmasiga oladi. Tadbirkorning oʻziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
“Virtual soliq maslahatchisi” orqali tadbirkorga xarajat va xatolarni kamaytirishga yordam beradigan sunʼiy intellekt portali ishga tushirildi. Kelasi yildan bunday “sunʼiy intellekt yordamchilari” qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlarida ham joriy etiladi.
Ikkinchi yoʻnalish – hududlarda “biznes imkoniyatlari”ni oshirish. Davlatimiz rahbari minglab gektar boʻsh yer va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari faqat loyihaga aylanib, ish oʻrni va eksportga xizmat qilganda haqiqiy qiymat yaratishini taʼkidladi.
Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi, olti oyda toʻliq toʻlov qilganlarga 25 foiz chegirma beriladi. Summaning yarmini toʻlagan tadbirkor qolganini 7 yilda foizsiz boʻlib toʻlashi mumkin boʻladi.
Uch oyda sotilmagan davlat mulkining boshlangʻich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi. Auksion muddati ham ikki barobar qisqartiriladi.
