platina.uz
Iqtisod

AQSh Oʻzbekistonni fiskal shaffoflik talablariga javob bermagan davlatlar qatoriga kiritdi

​Hisobot 2025 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha boʻlgan davrni qamrab oladi. Unda jami 139 davlat va Falastin maʼmuriyati baholangan. 

AQSh Oʻzbekistonni fiskal shaffoflik talablariga javob bermagan davlatlar qatoriga kiritdi

AQSh Davlat departamenti Oʻzbekistonni fiskal shaffoflikning minimal talablariga javob bermagan davlatlar qatoriga kiritdi.

Bu haqda Davlat departamentining 2026 yilgi fiskal shaffoflik hisobotida maʼlum qilingan.

​Hisobot 2025 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha boʻlgan davrni qamrab oladi. Unda jami 139 davlat va Falastin maʼmuriyati baholangan. Shulardan 73 tasi minimal fiskal shaffoflik talablariga javob bergan, 67 tasi esa bu mezonlarga mos kelmagan. Talabparga javob bermagan davlatlarning 14 tasi sezilarli taraqqiyot koʻrsatgan deb topilgan, Oʻzbekiston esa ular qatoriga kiritilmagan.

​Davlat departamenti bahosiga koʻra, Oʻzbekistonda byudjet loyihasi, tasdiqlangan byudjet va yil yakunidagi byudjet ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot oʻz vaqtida eʼlon qilingan. Byudjet hujjatlarida davlatning rejalashtirilgan daromad va xarajatlari, jumladan, vazirliklar kesimidagi maʼlumotlar yetarlicha toʻliq yoritilgan. Shuningdek, muhim byudjetdan tashqari hisoblar ochiqlangani, harbiy va razvedka byudjetlari parlament yoki fuqaroviy nazorat ostida ekani qayd etilgan.

​Biroq hisobotda bir qator kamchiliklar ham koʻrsatilgan. Xususan, Oʻzbekiston davlatning barcha qarz majburiyatlari, jumladan, yirik davlat korxonalarining majburiyatlari boʻyicha toʻliq maʼlumotni oshkor qilmagan. Bundan tashqari, xorijiy qarz oluvchilarga berilgan suveren qarzlarning shartlari eʼlon qilinmagan, tabiiy resurslardan olinadigan daromadlar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar ham ochiq boʻlmagan.

​AQSh Davlat departamenti Oʻzbekistonning oliy moliyaviy nazorat organi xalqaro mustaqillik standartlariga mos kelishini ham qayd etgan. Uning auditlari ijro etilgan yillik byudjetni toʻliq qamrab olgani va mazmunli xulosa hamda tavsiyalarni oʻz ichiga olgani taʼkidlangan. Tabiiy resurslarni qazib olish uchun litsenziya va shartnomalar berish tartiblari qonunchilikda belgilangan va amalda qoʻllanilgan.

​Shu bilan birga, hukumat davlat xaridlari boʻyicha shartnomalar haqidagi maʼlumotlarni yetarli darajada ochiqlamagani qayd etilgan.

​Davlat departamenti Oʻzbekistonga yirik davlat korxonalarining daromad va ajratmalarini byudjet hujjatlarida aks ettirish, davlat va davlat korxonalari qarz majburiyatlarini toʻliq oshkor qilish, xorijiy qarz oluvchilarga berilgan suveren qarzlar shartlarini eʼlon qilish hamda davlat xaridlari boʻyicha shartnomalarni ochiqlashni tavsiya qilgan.

​Hisobotda fiskal shaffoflik darajasining pastligi oʻz-oʻzidan korrupsiya mavjudligini anglatmasligi, yuqori shaffoflik esa korrupsiya yoʻqligini kafolatlamasligi ham alohida taʼkidlangan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid