platina.uz
Iqtisod

Xorazmda 176 mln dollarlik loyihalar ishga tushirildi

Tuproqqalʼa tumanida BAAdagi hamkorlar bilan umumiy qiymati 6 mlrd dollarlik ekologik aviatsiya yoqilgʻisi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning “Sinopec” kompaniyasi jalb etilgan boʻlib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan. 

Xorazmda 176 mln dollarlik loyihalar ishga tushirildi

Soʻnggi yillarda Xorazm viloyatini kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Soʻnggi toʻqqiz yilda yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish uchun viloyatga 7,5 milliard dollar investitsiya kiritildi, 9,7 mingta yangi quvvat ishga tushirildi. Kichik va oʻrta biznes loyihalari uchun 33 trillion soʻmdan ziyod kreditlar ajratildi.

Natijada aholining real daromadlari 2 karra oshdi. Sanoat va qurilishda band boʻlganlar ulushi 18 foizga, xizmatlar sohasida 55 foizga yetdi. Kambagʻallik darajasi 4,4 foizga tushdi, ishsizlik 2 karra qisqarib, 4,5 foizni tashkil etmoqda. 72 ta mahalla “ishsizlik va kambagʻallikdan holi” hududga aylandi.

Viloyatning transport va turizm infratuzilmasi ham izchil yangilanmoqda. Oxirgi toʻqqiz yilda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxona fondi 4 barobar oshdi, 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirildi. Soʻnggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra koʻpaydi.

Xiva shahridagi “Farovon Khiva Hotel” mehmonxonasida Prezidentimiz ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli tashabbuslar qurilishiga start berish marosimi boʻlib oʻtdi.

– Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish oʻrinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yoʻnalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati boʻyicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablagʻini ham, masʼullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Agar 2016 yilda Xorazm viloyatiga bor-yoʻgʻi 30 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, 2026 yilda bu koʻrsatkich 2 milliard dollardan oshmoqda.

Yil boshidan Urganch va Xiva shaharlari, Tuproqqalʼa va Urganch tumanlarida kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari va turizm yoʻnalishlarida yangi loyihalar uchun zarur sharoitlar yaratildi. Sanoat uchun 195 gektar yer maydonining toifasini oʻzgartirish, elektr va yoʻl infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 milliard soʻm mablagʻ ajratish masalalari hal etildi.

Shuningdek, Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha elektrlashgan temir yoʻl liniyasi foydalanishga topshirildi. Urganch–Xiva pulli avtomobil yoʻli ham ishga tushirilmoqda. Bu mamlakatimizdagi birinchi pulli avtomobil yoʻli boʻladi. U orqali Urganchdan Xivaga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqaradi.

– Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz, – dedi Prezident.

Jumladan, Tuproqqalʼa tumanida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilgʻisi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning “Sinopec” kompaniyasi jalb etilgan boʻlib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.

Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerni oʻzlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirning oʻzida 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlangan.

Urganch shahrida yaponiyalik hamkorlar bilan 30 million dollarlik 250 oʻrinli mehmonxona va savdo-koʻngilochar majmuasi barpo etilmoqda. Uni 2027 yilda toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Saudiyalik hamkor bilan viloyat markazida zamonaviy qozonxona qurilib, 183 ta koʻp qavatli uy va 37 ta ijtimoiy obʼektni issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlash quvvatlari yaratiladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasi tashkil etiladi.

Urganch tumanida koreyalik investorlar ishtirokida respublikada ilk bor chiqindilarni yopiq sikl asosida qayta ishlab, 71 megavatt “yashil” energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga 100 million dollar investitsiya kiritiladi.

Shuningdek, Xiva shahriga tutash 26 gektar maydonda 120 million dollarlik “Sahro yulduzi” zamonaviy turistik majmuasi, Urganch tumanida 26 million dollarlik mis sanoati klasteri va 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.

Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga moʻljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, dam olish va savdo majmualari, Urganch shahrida esa “Investorlar uyi” binosi quriladi.

Umuman, ushbu loyihalar natijasida 6,6 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar va jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirdi.

Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi. Investorlar va faollar bilan samimiy muloqot boʻlib oʻtdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid